2021-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz hajmlari tasdiqlanadi
Mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va eksport hajmlarini yanada oshirish, sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli, moyli va ozuqa ekinlarini oqilona joylashtirish, intensiv bog‘ va tokzorlar tashkil etish hamda mahsulot yetishtiruvchilarning iqtisodiy va moliyaviy barqarorligini ta'minlash maqsad qilingan.
Vazirlar Mahkamasining “Mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish, 2021-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqilona joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar (kooperatsiyalar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklarining takliflari asosida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosili uchun asosiy maydonlarga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yilda asosiy maydonlardan yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019-2020-yillarda foydalanishga kiritilgan va o‘zlashtirilgan yer maydonlarga 2021-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yilda 2019-2020-yillarda foydalanishga kiritilgan va o‘zlashtirilgan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Respublikaning lalmi maydonlarida 2021-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Respublikaning lalmi maydonlarida 2021-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
2021-yil paxta hosili uchun g‘o‘zaning rayonlashgan va istiqbolli navlarini joylashtirish jadvali;
2021-yilda ilgari belgilangan xarid narxlariga nisbatan rag‘batlantiruvchi koeffitsiyent joriy etiladigan g‘o‘zaning seleksion navlari;
2021-yil paxta hosilini yetishtirishning prognoz hajmlari;
2021-yil paxta hosili uchun chigit ekish sxemalari;
2021-yil paxta hosili uchun sug‘urta urug‘lik fondini hisobga olgan holda urug‘lik paxta xomashyosini tozalash va urug‘lik chigitni tayyorlash hajmlari;
2021-yil paxta hosilini yetishtirish uchun talab etiladigan moddiy resurslar hisob-kitobi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosili uchun asosiy maydonlarga sabzavot ekinlarini ekish muddatlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda asosiy maydonlarga ekiladigan sabzavotlardan yetishtiriladigan mahsulotlarning prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarga takroriy qishloq xo‘jaligi ekinlarini turlari bo‘yicha joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda ertaki ekinlardan va g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yil hosili uchun bog‘ va tok qator oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirishning prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda bog‘ va tok qator oralaridan yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining prognoz ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yilda foydalanishiga kiritiladigan yerlarda shotut va balx tut plantatsiyalari tashkil etish ko‘rsatkichlari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda asosiy maydonlarda, bog‘ va tok qator oralari hamda g‘alladan bo‘shaydigan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun talab etiladigan urug‘lik, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallari hajmlari va zarur mablag‘lar hisob-kitobi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2021 yilda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini realizatsiya qilishning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:
har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, unumdorligi, suv bilan ta'minlanganligini inobatga olgan holda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarning talablaridan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari konturlar bo‘yicha o‘z vaqtida to‘liq ekilishini, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini tashkil etadi;
sug‘oriladigan ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash, shuningdek, asosiy va takroriy maydonlarda eksport talablaridan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan almashlab ekish tizimini joriy etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda mahsulot yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, ta'minotchi, qayta ishlash va eksport qiluvchi tashkilotlar, savdo xarid tashkilotlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish va xarid qilish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomasi tuzish ishlarini yakunlanishini nazoratga oladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi va Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, tezpishar va eksportbop navlarini tanlashda ko‘maklashadilar va sifatli urug‘liklar bilan ta'minlash choralarini ko‘radilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi, akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda:
2021 yilda intensiv mevali bog‘ va tokzorlar barpo etadigan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalari talabidan kelib chiqqan holda mevali daraxt va tok ko‘chatlari turlari ro‘yxati shakllantiradi va shartnomalar asosida yetkazib berilishini tashkil etadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mazkur qaror bilan belgilangan asosiy va takroriy maydonlarga, bog‘ va tok qator oralariga ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish mavsumining yakuni bilan ekinlarni o‘lchovdan o‘tkazadi va natijasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda vegetatsiya davrida ajratilgan suv limitlari doirasida qishloq xo‘jaligi ekinlari turlarining suvga bo‘lgan talabidan kelib chiqqan holda sug‘orish grafiklari asosida o‘z vaqtida suv bilan to‘liq ta'minlaydi.
“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda:
fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlarining belgilangan ekin maydonlariga mineral o‘g‘it va yoqilg‘i-moylash materiallarini belgilangan tartibda birja savdolari orqali yetkazib berishni;
asosiy va takroriy maydonlarga, bog‘-tok qator oralariga ekilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘ va tokzorlarni kasallik, zararkunanda va begona o‘tlardan himoya qilish uchun zarur kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilishini va agrokimyo xizmatlari ko‘rsatilishini tashkil etadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
Respublika hududiga chetdan olib kirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlari haqidagi ma'lumotlarni;
asosiy va takroriy maydonlarga, bog‘ va tok qator oralariga ekish uchun sarflanadigan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini miqdori va sifati bo‘yicha ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga davriy ravishda taqdim etib boradi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tegishli ilmiy-tadqiqot institutlarini jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish muddatlarida dala sharoitida ko‘rgazmali seminarlar o‘tkazish va resurs tejovchi innovatsion texnologiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqib, fermer xo‘jaliklariga yetkazilishini ta'minlaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligiga qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy qilgan fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar, qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 oktyabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4499-sonli qarorida nazarda tutilgan subsidiyalarning belgilangan tartibda ajratilishini hamda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha shaxsiy mas'uliyat yuklatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat budjeti parametrlari asosida suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplashga ajratilgan mablag‘larni belgilangan tartibda:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga, shuningdek, uning huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga;
paxta xomashyosi yetishtirish maqsadida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilishini ta'minlaydi.