about persons photo

Aholi ko‘p go‘sht iste’mol qilyaptimi, go‘sht narxi nega qimmat?

February 09, 2021
+70 ko'p
1
 

Bugun oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshib ketishi, xususan go‘sht narxining qimmatlashib borayotgani aholi tomonidan turli noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz bozorlarida qoramol go‘shti o‘rtacha 70-80 ming so‘mgacha sotilmoqda. Ilgari qo‘y go‘shti mol go‘shtiga qaraganda qimmatroq bo‘lar edi. Hozir esa qoramol go‘shti narxining keskin oshib borishi bu nisbatni yo‘qqa chiqardi. Bu boradagi e’tirozlar ham o‘rinli.  Aslini olganda bu holatga har yili duch kelamiz.

 GO‘SHT NARXI 3 YIL OLDIN QANDAY EDI, HOZIR QANDAY?

Davlatlarning ijtimoiy hayotida jamoatchilik fikri muhim o‘rin tutadi. Ayni vaziyatda ham narx-navoning balandligi yem-xashak narxining oshib ketishi, shuningdek, yuqori soha vakillarining asossiz harakatlari-yu, oddiy aholi vakillarining «cho‘ntagi»ni e’tiborga olmayotgani bilan baholanmoqda. Xo‘sh, go‘sht narxining keskin ko‘tarilishiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?

Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda mol go‘shti 28 000 so‘mdan 41 000 so‘mgacha, qo‘y go‘shti esa 28 000 so‘mdan 43 000 so‘mgacha sotilgan. Bugun esa, 2-3 barobar qimmat sotilmoqda.

2020 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etadi. Bu esa 1000 nafar aholi jon boshiga 368 bosh qoramol to‘g‘ri keladi degani. O‘zbekistonda sanoat yo‘li bilan boqiladigan qoramollar jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan yetishtirilmoqda.

Bundan ko‘rinib turibdiki, go‘sht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa o‘z navbatida, yem-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab bo‘ladi.

Barcha iqtisodchilarning fikricha, narxlarni nazorat qilish, umuman, barcha mahsulot turlariga nisbatan ham maqbul yechim bo‘la olmaydi. Narxni sharoitdan kelib chiqib bozor belgilashi kerak. Yaxshi va sifatli mahsulot xohlagan xaridor rasta ostidan baribir o‘sha qimmat narxni to‘laydi.

Bunday oldi-sotdini cho‘ntagi ko‘tarmaydiganlar esa sifatsiz mahsulot bilan chorasiz qoladi.

 Bundan bir-ikki yil avval xuddi shunday go‘sht narxi qimmatlashuvi va narxlarga cheklov o‘rnatilishi ortidan bozorga eshak go‘shtlari va o‘lgan mol go‘shtlari ham kirib kelgani hech kimga sir emas. Aytishlaricha, hozirda 60-70 ming so‘m cheklovi bilan chiqarilayotgan go‘shtlar esa asosan so‘yilishga mo‘ljallangan qoramollar 2-3 oyda bioqo‘shimchalar bilan oziqlantirilib tez vazn olgach so‘yiladi, ammo go‘shtning asosiy qismi yog‘ bilan qoplangan bo‘ladi.

QORAMOL BOQISH QIYINLASHDIMI?

Toshkent shahri bozorlarida asosan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari shaxsiy dehqon xo‘jaliklari hamda fermerlari tomonidan yetishtirib olib kelingan qoramollar so‘yib sotiladi.

Fermerlarning ta’kidlashicha, bir yoshga to‘lgan oriq buqani bo‘rdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi. Bunda har kuni unga o‘rtacha 9 kg. yem, ya’ni 3 kg. shrot, 2 kg. kepak, 3 kg. sheluxa va 1 kg. maydalangan makkajo‘xori yoki bug‘doy aralashmasi beriladi. Bundan tashqari, kuniga qo‘shimcha 7-8 kg. atrofida beda yoki dag‘al xashak berib borish kerak. Hozirgi kunda savdogarlar qo‘lida bir bog‘ presslangan beda, somon, shrot narxlari hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas.

Respublika bo‘yicha yem mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalarning faoliyati o‘rganilganda, ular yem-ozuqaga bo‘lgan talabni bor-yo‘g‘i 12-15 foizinigina qondirishi mumkinligi oydinlashdi. Bu ham faqat tegishli grafik asosida belgilangan iste’molchilarga sotiladi, xolos.

Aholining qariyb 85 foizi yemni savdogarlar qo‘lidan olishga majbur bo‘lmoqda.

Hozirgi pandemiya sharoitida moliyaviy xarajatlarni hisobga olingan holda qaysidir ma’noda aholiga narx-navoni nazorat qilish orqali yengilliklar berilishi o‘rinli. Ammo qishloq xo‘jaligi mahsulotlari masalasiga kelganda, aynan go‘sht narxini minimallashtirish kutilgan samarani bermasligi ehtimoldan xoli emas.

Manba: uza.uz

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!