
Аri oilalarini ko‘chirishga tayyorlash
Agarda ari oilalari ko‘chirishga noto‘g‘ri tayyorlansa, u holda havo yetishmasligidan mumkatak romlar uzilib ketishi yoki romlarning surilishi oqibatida ezilishi mumkin. Shuning uchun arilarni ko‘chirishdan oldin og‘ir asali bor mumkatak romlar hamda sharbat qo‘yilgan romlar uzilib ketmasligi uchun ular ari oilasidan olib qo‘yiladi. Romlar yo‘lda silkinib surilib ketmasligi uchun ularning har bittasi orasiga yelka tarafdan pona qo‘yiladi. Agarda romlarning tepa taraf kengaytirilgan bo‘lsa, u holda pona qo‘yilmaydi. Romlarning orasiga qo‘yilgan ponalar 10 × 15 × 100 mm o‘lchamdagi yog‘ochdan tayyorlanadi.
Uya ichidagi romlar bir tarafga surilib, uya devori hamda oxirgi rom orasiga yo‘g‘on pona qo‘yib siqiladi yoki oxirgi romning yon tarafdan uya devoriga surilmaydigan qilib mixlab qo‘yiladi.
Ob-havo issiq paytlarda ari oilalari ko‘chiriladigan bo‘lsa, ari uyalarining yuqori qopqoq qismida havo almashish teshikchalari bo‘lishi shart. Buning uchun qopqoq qismining tag tarafga sim to‘r qoqiladi. Ari oilalarini ko‘chirishdan oldin uyalardan yostiqchalar olib tashlanadi.
Ari oilasini ko‘chirish vaqtida ular silkinishlardan bezovtalanib, uya ichida harorat 34–35 °C o‘rniga 37–38 °C gacha ko‘tarilib ketadi. Ko‘tarilgan haroratni arilar havoni haydab chiqarish orqali pasaytira olmaydilar, chunki, birinchidan, ular qattiq bezovtalangan, ikkinchidan, uyadagi arilarni ko‘chirish bilan aloqador bo‘lgan umumiy holat buzilgan bo‘ladi. Jazirama issiq kunlari uyada harorat keragidan ortiqcha ko‘tarilganida, arilar haroratni me’yoriga keltirish uchun asal qopchalariga asal to‘ldirib, uyadan tashqariga chiqib, uyaning tag qismida to‘da bo‘lib to‘planib turadi. Ko‘chirish vaqtida ham arilarning bezovtalanishi natijasida harorat ko‘tarilganida, lichinkali romlar hamda oilaning asosiy qismini tashlab, qopqoq ostidagi qismga ko‘tarilib, to‘da bo‘lib qimirlamay turishlari uchun uyaning asosiy qismining ustida qopqoq osti qismini tashkil qilish kerak. Arilar qopqoq ostidagi qismga ko‘tarilib, to‘daga to‘planganidan keyin asosiy oila qismidagi harorat me’yoriga kelib, arilarning bezovtalanib tovush chiqarishi to‘xtaydi. Agarda shunday paytda uyaning teshigi ochilsa, bir necha ari tinch holatda chiqib, mahalliy joy bilan tanisha boshlaydi.
Hozirgi tayyorlanayotgan ari uyalarining qopqoq ostidagi qismi arilarni ko‘chirish vaqtida ularning to‘planib o‘tirishlari uchun zarur joy hisoblanadi. Bunday uyalarda arilarni ko‘chirayotgan paytda matodan tayyorlangan yopqich va isitgich yostiqcha olib qo‘yiladi. Agarda arixonada qopqoq ostidagi qismi yo‘q uyalarda ari boqilayotgan bo‘lsa, u holda asosiy oila boqiladigan qism ustiga (435 × 145 mm) magazin qurilmasi qo‘yiladi, shunda arilar ko‘chirish vaqtida qiynalmaydi.
Arilarni ko‘chirish vaqtida uyalardagi havo almashish teshikchalari katta ahamiyatga ega, chunki bezovtalangan arilar ko‘p miqdorda kislorod iste’mol qiladi. Shuning uchun asalarichilar arilarni ko‘chirish vaqtida uyaning tepa tarafni butunlay qoplaydigan sim to‘rdan foydalanadilar.
