about persons photo

Аsal olish

November 07, 2020
+89 ko'p
1

Uyadan ajratib olingan asalli romlar arixonadagi uyaga yoki fanerdan yasalgan uychaga keltiriladi. Uychaga arilar kirmasligi uchun ortiqcha teshiklar va eshik-oynalar zich qilib yopiladi. Xona harorati ko‘tarilishi bilan, mumkatak romlardan asal tez sizib chiqadi.

Asalli romlar uyadan asal olishdan bir necha kun ilgari ajratib olingan bo‘lsa yoki 20–25 °C haroratli xonada 7–8 soat ushlab turilsa, asal tez sizib chiqadi. Asal olish uchun asal olinadigan qurilma (мёдагонка), asalli romlarning inchalari ustini qirqish uchun stol, 4–5 ta yaxshilab charxlangan pichoq, pichoqni suvda qizdirish uchun idish, yuvinish uchun suvli idish, sovun va sochiq, asal qo‘yiladigan idishlar bo‘lishi kerak. Asal olinadigan qurilma yaxshilab yuviladi, quyosh nurida quritiladi. Asal olinadigan qurilmani shunday o‘rnatish kerakki, uning jo‘mragi ostiga chelak yoki biror boshqa idish bemalol sig‘sin. Jo‘mrakning balandligi ishlayotgan odamning qo‘l tirsagi balandligida bo‘lishi lozim. Qurilmaning asal oqadigan jo‘mragiga to‘r simli suzgich osib qo‘yilsa, idishga tozalangan asal tushadi. Asalli mumkatak inchalarning usti qaynoq suvga solib qizdirilgan va suvi silkitib tashlangan pichoq yordamida ehtiyotkorlik bilan qirqiladi.

Romlardagi asalli inchalarning usti qirqilgach, mumkatak romning pastki qismi rom solinadigan kassetaning aylanadigan tarafga tushiriladi.

Asalli rom solingan qurilma avvaliga sekin aylantiriladi, so‘ngra tezlashtirib boriladi. Inchalardan asal chiqishi tugagach, romning ikkinchi taraf asal olinadigan qurilmaning devori tarafga o‘girib qo‘yiladi va qurilma inchalardagi asal to‘liq sizib chiqquncha aylantiriladi. Yangi tortilgan mumkatak inchalardagi asal olinishi kerak bo‘lsa, mumkatak inchalarning mum zarrachalari yulib olinadi. Asal sachrab chiqmasligi uchun asalli romlar kassetaga solingach, sekin aylantiriladi, ikkinchi taraf o‘chirib qo‘yiladi. Asal olishda ish unumli va to‘xtovsiz bo‘lishi uchun to‘rt kishi kerak bo‘ladi: ikki kishi uyadan asalli romlarni ajratib olib, uychaga keltiradi va bo‘sh romlarni uyalarga eltib qo‘yadi; bir kishi mumkatak romlardagi asalli inchalarning ustini pichoq bilan qiradi; to‘rtinchi kishi esa asal olinadigan qurilmaning o‘qini aylantirib turadi. Romlardan asal olingach, ularni joylariga olib borib qo‘yishdan oldin inchalarga bir oz suv sachratib sepiladi. Shunday qilinsa, inchalarni arilar tozalab quritishi oson bo‘ladi.

Mumkatak asalli romlarni uyadan ajratib olishda adashib ketmaslik uchun har bitta romning tepa qismi uskana bilan tilinib, qora qalam yoki bo‘r bilan oilaning raqami yozib qo‘yiladi.

Asalli romlardan asal ajratib olingach, biror katta hajmdagi idishda bir necha kun ushlab turilsa, asal ichidagi mum zarrachalari, mumkatak romlardan tushgan chiqindilar va asal pufakchalari asalning yuzasiga suzib chiqadi, iflosliklar ajratib olinganidan keyin, asal maxsus qopqoqli idish (флага)larga quyilib, omborxonalarga jo‘natiladi.