
Bo‘rdoqiga boqish
Bo‘rdoqiga boqish – faqat yemlash degan ma'noni anglatmaydi. Yemlash bilan quyonning me'yoriy o‘sish va rivojlanishiga, bo‘rdoqiga boqish bilan esa vaznining ortishi, semirishi, teri ostidagi yoki ichki yog‘larning yig‘ilishi, go‘sht ta'mining yaxshilanishi va mo‘yna sifatining yaxshilanishiga erishiladi. Quyonni bo‘rdoqiga boqish vaqti, uni so‘yishdan 6 hafta oldin boshlanishi lozim. Bo‘rdoqiga qo‘yilgan quyonlarning bitta guruhi 4-6 boshdan ortmasligi lozim. Agar kataklar yetishmayotgan bo‘lsa mavjud xonalarning barchasi shu maqsadga vaqtincha moslashtiriladi. Guruhlar bir xilda rivojlangan quyonlardan tashkil topishi lozim, aks holda kuchlilar kuchsizlarni yemdan nari haydab, yetarlicha semirishlariga imkon bermaydilar.
Quyonlarning yoshiga ko‘ra va mavsumiy tulash jarayonini ham hisobga olish, ya'ni ushbu jarayon so‘yish fursati kelganida batamom yakunlanadigan quyonlarni bo‘rdoqiga qo‘yish lozim. Yosh quyonlarni so‘yish fursati 4,5 yoki 7,5 oyga to‘lish vaqtiga to‘g‘ri kelishi kerak. Noyabrdan fevralga qadar bo‘lgan vaqt – quyon so‘yiladigan eng samarali mavsumdir. Negaki yilning ayni sovuq kezlarida quyonlar mo‘ynasi qalin, pishiq va yaltiroq bo‘ladi. Bu jonivorlar fiziologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari va shu vaqtdagi yem tarkibida yuqori oqsilli yemlar ustuvor bo‘lishi bilan bog‘liqdir.
Yosh quyon so‘yiladigan eng mahsuldor davr, u 4,5 oyga to‘ladigan vaqtga to‘g‘ri keladi. Quyonning ushbu vaqtda semirishi bir ozuqa birligini iste'mol qilganida vazniga 25-30 gr vazn qo‘shilishi bilan kechadi, kelgusida esa ushbu ko‘rsatkich 10-5 gr ga qadar tushib ketadi. Bo‘rdoqiga boqish davri – har biri ikki haftadan davom etadigan uchta shartli bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda kuchli boyitilgan yemlar ulushi umumiy yem tarkibining 50% ga tenglashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda yog‘ to‘planishiga omil bo‘ladigan makkajo‘xori, no‘xat, arpa, suli, kartoshka kabi yemlar bilan boqiladi. Bularning bari dimlanib, suyak uni, tuz, chopilgan qichitqi o‘t (gazanda) qo‘shilib yarim quruq atala tayyorlanadi. Ushbu aralashmaga baqato‘n qo‘shib berilsa maqsadga muvofiq ish bo‘ladi. Uni kuzda sekin oqadigan va turib qolgan suv havzalaridan olib yetarlicha tayyorlab olsa bo‘ladi.
Uchinchi, ya'ni bo‘rdoqiga boqishning yakuniy bosqichida pichan, ukrop, kashnich kabi oshko‘klar qo‘shib beriladi. Bo‘rdoqiga boqish davrida yemni to‘la iste'mol qilib yuborishlari uchun biroz sho‘rroq suv bilan sug‘orilsa ishtahalari yaxshi ochiladi. Bo‘rdoqiga boqishning so‘nggi pallasida quyonlar kam harakatchan bo‘lib qolishib, yemga qiziqishlari batamom so‘nadi. Bu holat ularning yetilganlik alomatidir. Yaxshi semirgan quyonning kurak va oyoqlari orasi hamda yog‘ qatlami orasida arang ko‘rinadigan buyrak sohasi ko‘p yog‘ bosadi.
