about persons photo

Dala sharoitida fevral oyida bajariladigan agrotexnik tadbirlar

February 02, 2021
+958 ko'p
3

Xammamizga ma'lum, yilning qish oylarida yog‘ingarchilik mikdori oldingi yillarga nisbatan kam bo‘lishi, bu o‘z navbatida tuproqda to‘planayotgan namlikni kamayishiga olib kelishi sabab bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, dehqonchilikda tuproqda o‘simlikni o‘sib rivojlanishi uchun kerakli bo‘lgan namlikni faqat yog‘ingarchilik orqali to‘plangan namlik hisobiga emas, qish oylarida ayniqsa fevral oyida yerlarni sho‘rini yuvish va sho‘rlanmagan yerlarda esa yetarli nam to‘plash uchun uni chuqur xaydab (35-40 sm) tekislab egat olib sug‘orish usuli bilan amalga oshirish mumkin.

Buning uchun sizot suvlari 2-3 m. va undan chuqur joylashgan yerlarda bu tadbir mexanik tarkibi og‘ir yerlarda fevral oyining ikkinchi va uchunchi o‘n kunligida, mexanik tarkibi o‘rta va yengil bo‘lgan yerlarda esa fevral oyining oxiri va mart oyining birinchi yarimida amalga oshirilsa maqsadga muvofik bo‘ladi.

Sug‘orish me'yori - yengil tarkibli tuproqlarda 850-900 m3/ga.

O‘rta tarkibli tuproqlarda 950-1100 m3/ga.

Og‘ir tarkibli tuproqlarda 1000-1200 m3/ga hisobida beriladi. Sug‘orish qator oralig‘i 60-70, 90 sm egat uzunligi 50-80, 100 metr bo‘lgan egatlar orqali amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sho‘rlanmagan tuproqlarda erta baxorda namlikni saqlash uchun yerni 8-10 sm qatlami yetilganda 2-qatorli (birinchi qatorda 6 ta, ikkinchi qatorda ham 6 ta jami 12 ta borona bir biriga tirkalgan xolda) og‘ir borona bilan amalga oshiriladi.

Bu tadbir amalga oshirilganda tuproqda mavjud bo‘lgan va suvni ushlab turgan kappilyar naychalarning yuqori yer betiga yaqin qismi buziladi va yer tagidan parlash orqali kelgan namlik borona qilingan qatlam ostida 80-90% saqlanib turadi. Bu namlik o‘z navbatida bahorda yerni mola bosib tekislab chigit ekilganda chigitni to‘liq unib chiqishini ta'minlaydi.

Sug‘oriladigan maydonlarda tuproq unumdorligini oshirish, mahalliy o‘g‘itlar jamg‘arish bir-biri bilanchambarchas bog‘liq masala hisoblanadi. Ayni paytda bu masalalar ilmiy-amaliy jihatdan, iqtisodiy hamda ekolok nuqtai nazardan to‘la asosli.

Xolbuki, tuproq unumdorligini chirindisiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, tuproq chirindisni ko‘paytirishda mahalliy o‘g‘itlar go‘ng, kompost, shahar, pilla qurti, parrandalarning chiqindilari va boshqa tabiiy o‘g‘itlarning ham ahamiyati katta.

Go‘ng-mavjud mahalliy o‘g‘itlar orasida eng asosiysi va ahamiyatlisidir. Uning tarkibida bir tonna hisobiga qoramollarnikida4 kg.azot, 2,5 kg. fosfor, 5 kg. kaliy mavjud. Qo‘y qiyidagi azot miqdori bir tonnasida 16 kg., fosfor 5 kg., kaliy esa 14 kg. ni tashkil etadi. Bir tonna parranda go‘ngida 34 kg. azot, 16 kg. fosfor, 8 kg. kaliy moddasi saqlanadi. Xojatxona axlatidan bir tonna yerga solinsa 6 kg. azot, 2 kg. dan fosfor va kaliy berilgan bo‘ladi. Bir tonna ipak qurtining quruq chiqindisi solingan tuproq qatlami 50 kg. azot, 10 kg. fosfor bilan boyitiladi.

Go‘ng tarkibida faqat azot, fosfor va kaliy moddalarigina bo‘lmay, balki turli-tuman madaniy ekinlar, tuproq mikroolami uchun hayotiy zarur bo‘lgan mikroelementlar ham mavjudki ularni biz ma'dan (mineral) o‘g‘itlar kabi qo‘llay olmaymiz.

Mikroorganizmlar go‘ng ta'sirida, tuproqdagi organik moddalarni parchalab, ularni mineral holatiga keltiradi yoki dehqoncha qilib aytganda “Madaniy o‘simliklar uchun yengil hazm bo‘ladigan mineral oziqa”, tayyorlaydi.

Mahalliy o‘g‘it go‘ng qo‘llanganda tuproqning agrofizikaviy xususiyatlari (zichligi, g‘ovakligi, donadorligi) ijobiy tomonga o‘zgaradi, tuproqning suv o‘tkazuvchanligi yaxshilanadi, tuproqdagi namlikning bug‘lanishi jarayoni susayadi, sergo‘ngli tuproq yuzasi qatqaloq bo‘lmaydi.

Fermerlar hozirgi kunda, go‘ngni dalaga yaqin joyga keltirilib ekin ekilgan maydonning suv kiradigan o‘yilgan chuqur qazib ko‘miladi. Har bir o‘yumga 60-75 tonnadan go‘ng to‘planadi. O‘yumlar tagining eni 3-4 metr, tepasiniki esa 2,5-3 metr, balandligi 2 metr bo‘lishi lozim, uzunligi esa go‘ng miqdoriga qarab belgilanadi.

Go‘ng saqlanadigan chuqurlar hajmi: tagining kengligi 3-3,5 metr, chuqurligi 1 metr, go‘ngni qalinligi 2 metrga yetkaziladi.

Bu chuqurga go‘ng har gal yarim metr qalinlikda to‘shalib yoyiladi, so‘ng ustiga 10-15 sm. qalinlikda tuproq solinadi.

Go‘ng to‘plashda har bir tonna uchun 20-40 kg. da superfosfat qo‘shish maqsadga muvofiq. Bu o‘g‘itni go‘ngni aravaga ortish paytida qo‘shish yanada foydali hisoblanadi. Chunki superfosfat go‘ng tarkibidagi azotni to‘la saqlanib qolishini ta'minlaydi.

Go‘ng qisman chirigan holda ishlatiladi hamda uni chuqurdan olishda ustidan ostiga qarata tikkasiga kesib olish lozim. Tayyorlangan go‘ngni dalaga tekis qilib sepish zarur bo‘ladi.

Go‘ng sepilgan maydonlarda zudlik bilan haydov o‘tkaziladi. Aks holda go‘ngdagi minerallar havoga oson uchib ketadigan birikmalar isrof bo‘ladi.

Bu mahalliy o‘g‘itni sepish unumdorligi eng past dalalardan, ajriq ildizpoyalari taroqlanib maydon ulardan obdon tozalangandan so‘ng boshlanadi.

Mahalliy o‘g‘itni sepish me'yori gektar hisobiga eng kami 15-20 tonna bo‘lib fermer xo‘jalikni barcha maydoniga birato‘la qo‘llash amalda mumkin emas. Shuning uchun fermerlar go‘ng almashlab sepish rejasini tuzishlari va har yili 20 -25 foiz maydonga belgilangan me'yorda go‘ng selishlari lozim.

Mazkur organik o‘g‘it yer yuzasida ochiq holda uzoq qolib ketmasligi, shudgorlash o‘tkazilib tuproqqa ko‘milishi zarur. Aks holda uning tarkibidagi uglerod bilan azot havoga uchib ketib, foydali xususiyati yo‘qoladi.

Go‘ngni to‘la chiritib, quritib g‘o‘zani bir tonna ammiakli selitra hisobiga 2-3 tonnadan qo‘shib ishlatish ham nihoyatda samarali hisoblanadi.

Mahalliy o‘g‘it sifatida parranda va ipak qurti chirindilarini ishlatish ham tuproq unumdorligiga foyda, g‘o‘zaga esa qo‘shimcha quvvat beradi.

Shahar chiqindilaridan kompost tayyorlab so‘ng dalalarda qo‘llash tavsiya etiladi. Buning uchun eni 2-2,5 metr, chuqurligi 0,5-0,7 metr xandaklar tayyorlanib, unga navbatma-navbat bir qatlam axlat, chiqindi, ikkinchi qatlam tuproq solinib boriladi, chuqur to‘ldiriladi. Yoki 1 tonna go‘ngga 1 tonna tuproq qo‘shiladi. Bu xildagi kompost ikki uch oy saqlanadi, dalaga chiqarishdan 20-30 kun avval qorishtiriladii, yer haydash oldidan gektariga 12-15 tonnadan dalaga solinadi.

Dehqonchilikda boshqa xo‘jalik chiqindilaridan (kul, xonadonlardan chiqqan turli go‘nglar) ham foydalanish mumkin. Bu chiqindilar ham tuproqqa ko‘milib 3-4 oy saqlanib kompost qilinadi, saqlash davomida ikki-uch marta qorishtiriladi. Tayyor kompost gektariga 12-15 tonna hisobida kuzgi haydov oldidan qo‘llaniladi.

Fermer xo‘jaliklarida mahalliy o‘g‘it qilib yer o‘g‘itlardan-xarobalar, tepaliklar, eski devor tuprog‘i, zovur va ariqlarni loyqalaridan foydalanish ham foydadan holi emas. Ular tuproqni agrofizikaviy xususiyatlarini yaxshilaydi.

Paxtachlik va g‘allachilikda chirimagan go‘ng, fekaliy va boshqa shahar chiqindilaridan “Sharbat” sifatida ham foydalaniladi. Buning uchun har3-5 gektar ekin maydoni hisobiga bittadan, hajmi 10-15 tonna mahalliy o‘g‘itni “sharbat” ga aylantiradigan xandaklar tayyorlanadi, chiqindilar bilan to‘ldirilib “sharbat” xolatida dalalarga yetkaziladi.

Ekin maydonlarida “sharbat” qo‘llash jarayoni albatta san-epid stansiya mutaxassislari nazoratida bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Biz yuqorida zikr qilib o‘tgan mahalliy o‘g‘itlarning barchasi eng avvalo tuproq qatlami issiqlik sig‘imini, uning haroratini oshiradi, tuproqda namlikni saqlaydi, mikroolam hayotini kuchaytiradi, kuzgi ekinlarni qishki sovuqlardan saqlaydi, tuproq unumdorligini tiklashda o‘ziga xos samara beradi.

Afsuski ko‘pchilik fermer xo‘jaliklarida hosildorlikni oshirish uchun faqat mineral o‘g‘itlarga umid bog‘laydilar. Ayni paytda xalqimizning azaliy, ijobiy an'analari unutilib ketmoqda. “Hosil to‘ravasi”, “Ag‘darma” kabi tashish moslamalaridan foydalanilmay qo‘ydi. Bunda dalaga chiquvchi har bir odam, har kuni bir xaltada go‘ngmi, kulmi, eski devor tuprog‘imi yoki boshqa mahalliy o‘g‘itni olib chiqib dalaga to‘kib so‘ng ish boshlar edi. Maxsus bir necha odam ag‘darma (kichik aravada) har kuni, qishin-yozin mahalliy o‘g‘it tashish bilan mashg‘ul edi. Bu qadimiy an'analarni davom ettirib tuproqni (organik) mahalliy o‘g‘itlarga to‘ydirsak tuproq namligi saqlanar, suvning mahsuldorligi oshar edi.

G‘alla maydonlarida nihollarning holatini hisobga olgan xolda fevral-mart oylarida o‘tkaziladigan tadbirlar

Sug‘oriladigan yerlariga ekilgan boshoqli don ekinlarini o‘sish va rivojlanish davrlarini aniqlash maqsadida g‘alla maydonlarini zudlik bilan monitoringdan o‘tkazish (to‘la to‘plagan 3-4 barg, 1-2 barg xosil kilgan, unib chiqmagan maydonlarni aniqlash) ayniqsa sho‘rlangan tuproqli maydonlarga ekilgan bug‘doylarni xolatini tekshirib chiqib agar bu yerlar o‘rtacha, kuchli sho‘rlangan yerlar bo‘lsa tezlik bilan bu yerlarda o‘g‘itlash o‘tkazilmagan bo‘lsa xam xar gektar yerga 1000-1500 m3 hisobida suv berib sug‘orish zarur, chunki shunday qilinganda shu yerlarda tuproq tarkibidagi mavjud tuzlar yuvilib bug‘doy nihollari erkin o‘sadi, aks xolda tuproq tarkibidagi tuzlar nihollarni qisib bug‘doy ko‘chatlarini tuproqdagi namlikni va ozuqalarni olishiga imkon bermay uni quritadi.

Erta baxorgi birinchi oziqlantirish, erta va maqbul muddatlarda ekilgan xamda to‘la to‘planib qishlovga kirgan, erta baxorda o‘simliklarning xolati me'yorida bo‘lgan paykallarga fizik xolda gektariga 100 kg. mochevina yoki 150-160 kg. selitra miqdorda azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish zarur.

Erta baxordagi azotli oziqlantirishda eng birinchi navbatda kech muddatlarda ekilib, qishlovdan qiyinchilik bilan chiqqan maydonlarda, undan keyingi urug‘lik yetishtirish uchun ekilgan maydonlarda va nihoyat qolgan maydonlarda o‘tkazilishi tavsiya qilinadi. Qishlovga to‘planmasdan kirgan xamda qishlovdan qiyinchilik bilan chiqqan maydonlardagi o‘simliklarni, ko‘shimcha tartibda 100 kilogramdan oziqlantirish yaxshi samara beradi.

Baxorda tuproq tarkibidagi oziqa moddalari miqdorining kamayib ketishidan tashqari, o‘simlik nozik xolda qishdan chiqadi va oziq moddalarga muxtoj bo‘ladi. Erta baxorgi oziqlantirish ko‘chat qalinligini barqarorlashtiradi. O‘simlikda to‘planish jarayonini jadallashtiradi, 1 m2 da 550-600 ta gacha mahsuldor poya xosil qilishga erishish mumkin. Erta baxorgi oziqlantirish o‘z muddatida o‘tkazish hisobiga bir gektar yerdan 4-6 sentnergacha qo‘shimcha hosil olishga erishiladi.

Erta baxorgi oziqlantirishda azotli o‘g‘itlar me'yorini aniqlashda o‘simliklarda o‘sish jarayoni boshlanishi muhim o‘rin tutadi. Agarda o‘simliklarda o‘sish jarayoni kech boshlansa, bu davrga kelib havo harorati tez ko'tariladi, rivojlanish fazalarini o‘tish vaqti va oziqa moddalar o‘zlashtirilishi pasayadi. Shu davrda o‘simlikda to‘planish va generativ organlar rivojlanishini kuchaytirish maqsadida azot me'yorini yillik me'yoriga nisbatan 25 foiz emas, balki 30 foizga oshirilishi tavsiya qilinadi. Erta baxorgi oziqlantirishda azot me'yori bundan oshirilganda azotni ortiqcha qismi suv yoki yog‘ingarchilik bilan yuvilib ketadi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!