about persons photo

Eng yaxshi loyihalar tanlovi natijasi sarhisob qilindi

February 10, 2021
+243 ko'p
1
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Eng yaxshi loyihalar” tanlovi yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Qayd etilishicha, “World Youth Innovation Forum – 2020” birinchi xalqaro yoshlar innovatsion forumi doirasida mukofot jamg‘armasi 300 million so‘mga teng "Eng yaxshi loyihalar" tanlovi tashkil etildi.

Tanlovga 5 yo‘nalish bo‘yicha 115 loyiha kelib tushdi va birinchi bosqich natijalariga ko‘ra, keyingi bosqichga 67 loyiha muvaffaqiyatli o‘tdi. Bunda, AKT yo‘nalishi bo‘yicha 25, tibbiyot, biotexnologiya va ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha 13, sanoat va qurilish yo‘nalishi bo‘yicha 9, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha 11 va energetika yo‘nalishi bo‘yicha 9 loyiha yakuniy baholash uchun taqdim qilindi. Yakunda 10 nafar g‘olib aniqlanib, taqdirlandi.

Matbuot anjumanida 2020 yilda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu kabi o‘tkazilgan tanlovlar haqida ham ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, Yoshlar akademiyasi tomonidan yakunlangan yilda qator tanlovlar tashkil etildi. Jumladan, umumiy sovrin jamg‘armasi 220 million so‘m bo‘lgan “Yoshlar ilm-fan uchun” kreativ videoroliklar tanlovi o‘tkazildi. Bundan tashqari, mukofot jamg‘armasi 600 million so‘m bo‘lgan “Covid-19 Challenge 2020” innovatsion vositalar va yechimlar onlayn tanlovi tashkil etilib, 6 ta eng istiqbolli loyihaga 100 million so‘mdan grant mablag‘i ajratildi.

Umumiy jamg‘armasi 2 milliard so‘m bo‘lgan “2020 yilga eng yaxshi 20 ta startap loyihalar” tanloviga 519 loyiha kelib tushib, 20 istiqbolli startap loyiha akseleratsiya orqali moliyalashtirildi. Shuningdek, iqtidorli yoshlarning innovatsion bilimini oshirish maqsadida “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni tashkil etildi. Marafonda istiqbolli, deb topilgan 30 loyiha moliyalashtirildi.

Respublikaning 6 viloyatida texnoparklar tashkil etish bo‘yicha loyihalashtirish, qurilish va jihozlash ishlari bajarilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida texnopark qurilish ishlari yakunlangan, Andijon va Samarqand viloyatlarida esa texnoparklarning qurilish ishlari davom etmoqda. Nukus, Sirdaryo hamda Navoiy viloyatlarida texnoparklarning qurilishi uchun tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida qishloq xo‘jaligi sohasida startap va innovatsion loyihalarga ega bo‘lgan yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandligini ta’minlash maqsadida “Qishloq xo‘jaligida yoshlarning innovatsion loyihalari” tanlovi tashkil qilingani qayd etildi. Tanlovda tanlab olingan eng yaxshi 100 ta loyiha g‘oliblariga 50 million so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘i ajratiladi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!