about persons photo

Invazion kasalliklar va ularni davolash

November 20, 2020
+821 ko'p
4

Nozematoz. Bu asalarilarning yuqumli kasalligi bo‘lib, uni apis nozemasi qo‘zg‘atadi. Nozematoz bilan katta asalarilar, ona va erkak arilar kasallanadi, lichinkalarga esa ta’sir qilmaydi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi nozema apis bir hujayrali organizm bo‘lib, asalarining o‘rta ichagida parazitlik qiladi. Bu yerga u zararlangan oziq bilan tushadi. Nozema sporalar hosil qilib o‘sishi natijasida amyobalar chiqadi.

Kasallikning tarqalish yo‘llari. Kasallikning manbayi kasal asalarilardir. Ular asal, perga, uyalar va suvni o‘zining chiqindi axlati orqali nozematoz bilan zararlantiradi. Kasallik sog‘lom oilaga umumiy suv idishlaridan, dezinfeksiya qilinmay qo‘yilgan inlardan, inventar va boshqalardan o‘tishi mumkin.

Kasallikning kechishi. Qishlov yomon sharoitlarda o‘tganda (sifatsiz oziqlar bilan oziqlantirish, arixonalarda eski, iflos mum inlarning bo‘lishi, qishlovga qari onalar bilan kirilsa, arixonada harorat rejimining buzulishi), nozematoz bilan kasallanish qishning ikkinchi yarimida yuz beradi. Bahorga kelib oilada nasl paydo bo‘la boshlagan vaqtda asalarilar ularing yaxshi rivojlanishi uchun uyada haroratni oshira boshlaydi. Bu paytda kasal arilar soni ham oshib boraveradi, qisqa vaqt ichida butun oila nozematoz bilan kasallanib qoladi.

Kasallik belgilari. Asalarilarning nozematoz bilan kasallanishining xarakterli belgilaridan biri bu asalarilarning bezovtalanishi, ichi ketishi, ayrim asalarilarning, ba’zida butun oilaning halok bo‘lishidir. Kasal bo‘lgan asalari g‘ujdan ajralib, uya devorida o‘rmalab, tagiga tushib, sovuqda qotib o‘ladi.

Kasallik tashxisi. O‘rta ichak ichidagi massa mikroskopik tekshiruvlardan o‘tkazilib, nozema sporalarining bor-yo‘qligi aniqlanadi. Tekshirish, asosan, laboratoriya usulida amalga oshiriladi.

Davolash. Nozematoz kasalligini davolash uchun fumagillin, organik kislotalar (sirka, shovul yoki rovoch)dan foydalaniladi. Fumagillin sirop holida bir oilaga 1 l hisobidan tayyorlanadi. Bu eritma 30 °C gacha sovitilgan qand siropiga quyiladi, so‘ngra aralashtirilib, asalarilar oziqlantiriladi. Sirka kislotasi sho‘r oziq tariqasida beriladi. Shovul bilan rovoch nordon oziq hisobida ishlatiladi.

Kurash choralari. Nozematoz bilan kasallangan arixonalar karantin qilinadi. Nozematoz shunday kasallikki, u bilan kurashishni har yili tinmay olib borish kerak: bu bir vaqtning o‘zida ham davolash, ham sanitariya-proflaktika tadbirlarini o‘tkazishdir. Buning uchun arixona va inventarlar yaxshilab dezinfeksiya qilinadi.

Arixona va unga solinadigan taxtacha quyidagicha dezinfeksiya qilinadi: ular mum va propolis (asalari yelimi)dan tozalanadi.

Ishqorning issiq eritmasi (600 gr elangan kul yoki 200 gr kir sodasi) bir chelak suvda eritiladi. Uyadagi asalarilarning najasi, qotib qolgan dog‘lar yuviladi, quriganidan keyin uyaning ichi va tirqishlari kavsharlash lampasi bilan qizarguncha kuydiriladi. akarapidoz. Bu invazion kasallik bo‘lib, nafas olish a’zolarini zararlaydi. Kasallikni akarapis vudi kanasi tarqatadi.

Akarapidoz bilan, asosan, hali nektar yig‘ishga chiqmaydigan yosh asalarilar, shuningdek, erkak va ona arilar ham kasallanishi mumkin.

Kasallikning tarqalishi. Oila ichida akarapidoz kasal asalarilar orqali tarqaladi. Ayniqsa, qish va bahorda asalarilar arixona ichida g‘uj bo‘lib yashayotgan vaqtda bu kasallik tez tarqaladi, kanalar bir asalaridan ikkinchisiga bemalol o‘rmalab o‘tib, kasalni tarqataveradi. Bir oiladan ikkinchisiga kasallik tabiiy va sun’iy roylanish paytida, oila kuchlantirilgan va ona arilar almashtirilgan vaqtda tarqaladi.

Kasallikning kechishi. Oilada ayrim asalarilar kasallanganida kasallik sezilmaydi. Oilaning yarmi zararlanganida bu kasallikni aniqlash mumkin. Kanalar gemolimfasi bilan oziqlanganida asalarilar kuchsizlanib, asta-sekin halok bo‘ladi.

Kasallik belgilari. Akarapidoz kasalining eng asosiy xarakterli belgilaridan biri bu kasal arida uchish qobiliyatining yo‘qolishidir.

Kasal asalarilar uyadan qo‘nadigan taxtaga o‘rmalab chiqib, uchishga harakat qiladi, lekin ucha olmaydi, pastga tushib ketadi va qanotlarini yoyib, arixona atrofda o‘rmalab yuradi. Arixona atrofda ko‘pgina asalarilarning o‘rmalab yurishi akarapidoz kasalligiga xos belgidir. Bu, ayniqsa, qishlov davridan keyin juda ham yaqqol ko‘rinadi.

Kasallik tashxisi. Kasallik tashqi belgilari hamda laboratoriya tekshiruvi asosida aniqlanadi.

Davolash. Akarapidoz kasalligi bilan kasallangan oilalarni davolash kechqurun hamma asalarilar uyaga qaytgan vaqtda amalga oshiriladi. Bundan oldin arixona va uyalarni tayyorlash kerak.

Buning uchun ikkita chetki romlar olinadi, boshqalari bir oz surilib, oralig‘ida bir oz bo‘sh joy ochiladi. Arixonaning ustiga qop, klyonka yoki bir parcha qog‘oz qo‘yish mumkin.

Akarapidoz bilan kasallangan asalarilarni davolashda hozirgi vaqtda folbeks va tedion preparatlari eng samarali hisoblanadi.

Kurash choralari. Akarapidoz bitta asalari oilasida aniqlanishi bilanoq, radiusi 5 km atrofdagi maydonda karantin e’lon qilinadi. Arixona oilalari bahorning boshidayoq davolanadi. Asalari kanadan butunlay ozod bo‘lmaguncha davolash davom etadi. Akarapidoz bilan kasallangan asalarilar turgan arixonalar va mum inlar 5 sutka mobaynida izolatsiyada saqlanadi, keyin ular tozalanib yuviladi.

Braulez, ya’ni bitlash asalari va ona arining invazion kasalligi bo‘lib, uni braula hasharoti keltirib chiqaradi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi – braula yoki asalari biti kichkina qanotsiz qizil-qo‘ng‘ir rangli hasharot bo‘lib, uning uzunligi 1,3 mm, eni 1 mm, tanasi qora tuk bilan qoplangan. Braulaning uch juft oyog‘i bo‘lib, ular ichiga qarab kengayadi va 30 tacha tishli taroqcha bilan tugaydi.

Ona ari va asalarilar iste’mol qiladigan ozuqa bilan oziqlanadi. Buning uchun braula oyoqchalari bilan ona ari yoki asalarilarning og‘iz qismlariga ilinib olib, ularning ustki labini to unda bir tomchi oziq paydo bo‘lmaguncha qitiqlaydi. Keyin shu oziqni iste’mol qiladi.

Kasallikning tarqalish yo‘llari. Kasallik braulalardan tarqaladi. Oila ichidagi sog‘lom asalarilarga kasal arilardan yuqadi. Qattiq va harakatchan braula bir asalaridan ikkinchisiga tez o‘tadi. Oiladan oilaga braulez mum inlar, romlar va ona arilar almashtirilganida va o‘g‘ri asalarilar uyalarga kirganida o‘tadi.

Kasallik belgilari. Braulez bilan zararlangan arixonalarda kasallik har yili takrorlanadi. Kasallanish kuchli bo‘lganda ona arilarda bezovtalanish kuzatilib, ularning ish qobiliyati pasayadi, ya’ni asalarilar yangi mum uyalar qurmaydi, ona ari kam tuxum qo‘yadi yoki butunlay tuxum qo‘ymaydi. Natijada asalari oilasi rivojlanmaydi.

Kasallik tashxisi. Asalari va ona ari tanasida braulalar topilganida braulez kasalligiga tashxis qo‘yiladi. Ma’lumki, braulalar bahor va yoz oylari ko‘p uchraydi.

Kurash choralari. Braulez borligiga tashxis qo‘yilganidan keyin bunday pasekaga karantin e’lon qilinadi va kasallikni yo‘q qilish tadbirlari ko‘riladi.

Asalari va ona arilardagi yetilgan braulalarni yo‘q qilish uchun kasallangan oilalarni tamaki yoki fenotiazin tutini bilan tutatish yoki naftalin qo‘llash tavsiya etiladi.

 

9. 1- rasm. Invazion kasallik qo‘zg‘atuvchilari:

Chapdan: vorotoz kasalligi qo‘zg‘atuvchisi, varroa yakobson kanasi; yuqorida urg‘ochi kananing ustki va ostki tomonidan ko‘rinishi.

O‘rta qismidan: akrapidoz kasalligini qo‘zg‘atuvchi akarapis vudi kanasining erkak va urg‘ochisi; pastda kanalar bilan zararlangan trexea.

O‘ngdan: braulez kasalligini qo‘zg‘atuvchi braula parazit kanasi; yuqorida urg‘ochi kananing ustki va ostki tomonidan ko‘rinishi; pastda urg‘ochi kananing ona ari tanasida parazitlik qilishi.

Senotainioz invazion kasallik bo‘lib, uni senotain pashshasining lichinkalari qo‘zg‘atadi. U asalarilarning ko‘krak bo‘shlig‘ida parazitlik qiladi.

Kasallik qo‘zg‘atuvchilari. Mamlakatimizda senotainiya pashshasi faqat janubda va o‘rta mintaqada uchraydi. U kumush rang pashsha bo‘lib, uy pashshasiga o‘xshaydi, faqat undan rangi ochroq.

Senotainiya pashshasi juda ko‘p nasl beradi va uy pashshasidek tuxum qo‘ymay, tirik qurt qo‘yadi. Senotainiya pashshasining urg‘ochisi lichinkalarini asalari tanasiga qo‘yadi. Ular asalari tanasining tashqi pardasini kemirib, ichiga joylashib oladi, u yerda rivojlanishning ma’lum bosqichlarini o‘taydi, keyin undan chiqib, yerga kirib ketadi. Pashshalar arixonalarning yoki paxsalarning ustida o‘tiradilar. varroa kanasi xavfli kasallik bo‘lib, asalari oialarining kuchsizlanishi va ko‘p miqdorda o‘lishi bilan belgilanadi.

Kanalar asalari tanasida qishlab, avlodi paydo bo‘lganidan so‘ng ko‘payadi, ayniqsa, bahor va kuzda asalari avlodida, yoz oylarida erkak arilar avlodida ko‘plab ko‘payadi. Halok bo‘lgan yosh arilarni o‘z inidan chiqarib tashlaydi.

Ikki qanotlilar turkumiga kiruvchi qanotsiz, qizil kulrang tusdagi, mayda, 1,5 mm o‘lchamdagi kanalar ona ari va ishchi arilar ko‘krak qismining yelkasida mustahkam o‘rnashib olgan holatda uchraydi.

Kanalar tanasi sertuk bo‘lib, qora rangda, og‘iz apparati so‘ruvchi tipda, oyoqlari kalta va yirik sonlar bilan farqlanadi. Oyog‘ining pastki qismida 30 tishchadan iborat taroqsimon moslamasi ham mavjud. 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!