about persons photo

O‘zbekistonda hosildor yerlar markirovkalanadi

January 28, 2021
+547 ko'p
1

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash maqsadida organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibini nazarda tutuvchi 33-son qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Organik yer maydonlariga belgi va ko‘rsatkichlar o‘rnatish shakli hamda tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, unda organik mahsulotlar yetishtirishda va ularni yig‘ib olishda yer maydonlariga qo‘yiladigan talablar ham belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda tumanlar (shaharlar) hokimliklari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2021-yildan boshlab har yili 1-oktyabrga qadar:

•    organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi hamda yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklar yer maydonlarining manzilli ro‘yxatini shakllantiradi;
•    organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklar yer maydonlarining oxirgi 3 yil uchun statistik tahlil natijalari va topografik joylashuvini o‘rganish, tuproq, sizot va oqava suvlar sifati hamda xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha laboratoriya tahlillarini o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Muntazam ravishda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi xo‘jaliklar va yovvoyi holda o‘suvchi o‘simlik mahsulotlarini yig‘ib oluvchi xo‘jaliklarga yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari an’anaviy usulda yetishtiriladigan yer maydonlaridan ajratib turuvchi belgi va ko‘rsatkichlarni o‘rnatish vazifasi topshirildi.

Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yoki yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ib olish bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik tanlangan yer maydonida faoliyat olib borish huquqiga ega ekanligini tasdiqlovchi hujjatlarni muvofiqlikni baholash organiga taqdim etadi.

Organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga tanlangan yer maydoni bo‘yicha barcha tahlil natijalari ijobiy bo‘lgan taqdirda, xo‘jalik tomonidan mazkur yer maydonining kirish yo‘lagiga quyidagi ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan belgi o‘rnatiladi:

•    yer maydoniga egalik qiluvchi xo‘jalik nomi;
•    ferma joylashgan joy (pochta manzili);
•    ferma rahbarining F.I.O;
•    umumiy yer maydoni xaritasi;
•    yetishtiriladigan organik qishloq xo‘jaligi mahsuloti nomi.

Manba: qalampir.uz

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!