about persons photo

O‘zbekistonda sug‘oriladigan yerlarning 44,7 foizi sho‘rlangani ma'lum qilindi

February 09, 2021
+105 ko'p
1

http://yoshfermer.uz/storage/posts/February2021/PRB1118_Haghverdi_Salinity.jpg
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda sho‘r yuvish ishlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekistonda jami 4,3 mln gektar sug‘oriladigan yer maydoni bo‘lib, 2020 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra sug‘oriladigan yerlarning 44,7 foizi har xil darajada, jumladan, 31,0 foizi kuchsiz, 11,9 foizi o‘rtacha, 1,9 foizi esa kuchli sho‘rlangani aytiladi.

“Yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini tizimli tashkil etishga, ularning sifati va suv iste'molini nazorat qilishga yetarli e'tibor berilmayapti. Natijada, agroklasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘rini yuvishda, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining ko‘pchilik tumanlarida agrotexnika qoidalari va muddatlari qo‘pol ravishda buzilib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilmoqda, sho‘r yuvish ishlarining samarasi esa pastligicha qolmoqda.

Suvni tejaydigan sug‘orish va lazerli yer tekislash texnologiyalari joriy qilingan maydonlarda yerni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘rini yuvish ishlarini amalga oshirish yuzasidan xorijiy tajribalarni o‘rganish, yangi ilmiy-tadqiqot ishlarini yaratish ishlari soha talablaridan ortda qolmoqda”, - deyiladi hujjatda.

Qaror loyihasi bilan:

Suv xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda har yili 10 noyabrga qadar har bir agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaliklariga yerlarning meliorativ holati va sho‘ri yuviladigan maydonlar, sho‘r yuvishga pol olish, suv me'yorlari hamda sho‘r yuvishga yer tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarining maqbul muddatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda tavsiyalarni konturlar kesimida nomma-nom yetkazib berishni ta'minlash hamda ularni tashkil qilishda amaliy yordam ko‘rsatishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari sho‘r yuvishga yer tayyorlash ishlarida yerlarning lazerli yoki uzun bazali tekislagichlar yordamida tekislanishini, sho‘r yuvish tadbirlarini nazorat qilib borish hamda sho‘ri yuvilgan maydonlarning belgilangan tartibda qabul qilib olinishi bo‘yicha tumanlarda ishchi guruhlar tuzishi;

yerlarning sho‘rini yuvish me'yorlari va texnologiyalariga amal qilmagan, suv isrofgarchiligiga va sho‘r sifatsiz yuvilishiga yo‘l qo‘ygan agroklaster, fermer va dehqon xo‘jaligi rahbarlariga sho‘r yuvish ishlarini qabul qilib olish bo‘yicha ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda ta'sirchan choralar qo‘llash masalalari nazarda tutilgan.

Qaror loyihasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti tomonidan 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab “Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish uslublari” va “Sho‘r yuvish texnologiyalari” bo‘yicha darslik va o‘quv qo‘llanmalari yangi avlodini yaratish belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, qaror loyihasida qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘rini yuvish ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi tartib hamda sho‘r yuvish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlanishi taklif etilmoqda.

Manba:kun.uz