about persons photo

Ona asalari yetishtirish texnologiyasi

October 26, 2020
+1209 ko'p
1

Hozirgi kunda respublikamizga zotli ona asalarilar chetdan keltirilmoqda. O‘zbekiston issiq iqlim sharoiti qulay bo‘lganligi sababli 7–9 oyda ona asalari yetishtirish imkoniyati mavjud. Respublikamizda 150 mingta asalari oilasi borligini hisobga olsak, ona asalari yetishtirish nihoyatda dolzarb bo‘lib hisoblanadi. Har yili erta bahorda 30–40 mingta ona asalari zarur bo‘ladi. Loyiha asalarichilikda mahalliy noyob asalari populatsiya genofondini sof holda saqlab qolish, ko‘paytirish, tanlash va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish, chetdan keltirilgan ona arilardan samarali foydalanish maqsadida asalarichilik bilan shug‘ullanayotgan fermer xo‘jaliklarida olib boriladi.

O‘zbekistonning janubiy tumanlarida iqlim sharoiti yumshoq, issiq bo‘lib, erta bahorda ari oilalarining rivojlanish muddati uzoq bo‘lganligi uchun ham, har bitta asosiy ari oilasidan bahorda bitta kichik oila yetishtirish mumkin. Ammo sharbat ajratadigan o‘simliklar kam bo‘lganligi bois, ularni rivojlantirib asal to‘plashning iloji bo‘lmaganligini hisobga olib, yetishtirilgan qutidagi arilar sharbat ajratish qobiliyati kuchli bo‘lgan serasal o‘simliklarga boy uzoq sharq va shimoliy tumanlarga jo‘natiladi. Ularning kuchidan ko‘p asal to‘plashda foydalaniladi.

Yuqorida aytilganlarni amalga oshirish uchun qutili asalarichilikni rivojlantirish kerak. Qutili asalarichilik – bu janubiy tumanlarda yetishtirilgan asalarilarni fanerdan yasalgan qutilarda sharbat beradigan o‘simliklarga boy bo‘lgan joylarga jo‘natishdir. U yerlarga keltirilgan arilar rivojlantirilib, asal to‘planadi va jamiki asali olinib bo‘lgach, tibbiyot sanoatida foydalanish uchun arilarning zahari olinadi, so‘ngra ular o‘ldirib yuboriladi. 

Qutidagi ari oilasi kerakli joylarga asal to‘plash uchun may oyining 10–12- kunlari keltirilsagina, qutili asalarichilik yuqori daromad berishi mumkin. Buning uchun qutidagi ari oilalari aprel oyining uchinchi o‘n kunligida yoki may oyining boshlarida jo‘natilishi kerak. Bahor erta kelishi, kuzning uzoq cho‘zilishi hamda qishning yumshoq kelgan davrlarda arilar qishlash vaqtida ko‘p uchib harakat qilishi va bezovtalanishi oqibatida qishdan kuchsizlanib chiqadi. Shuning uchun ham ari oilalarini erta kuchaytirishning iloji bo‘lmasligini hisobga olib, qish fasli kelmasidan oldin ko‘p sonli yosh arilar bilan kuchli ari oilasini qishlashga ketkazish zarur bo‘ladi.

Qutili yangi ari oilasini tashkil etish uchun yoz oylarining ikkinchi yarmida ular jo‘natilgan joylardagi ko‘p asal beradigan, ya’ni kungaboqar, grechixa, jo‘ka o‘simligi, kashtan va cho‘ldagi har xil asal beradigan o‘tlarni hisobga olinishi kerak. Ko‘p asal to‘plash maqsadida qutili ari oilasini quyidagicha tashkil qilish mumkin.

Yoz mavsumining ikkinchi yarmida har qaysi asosiy oiladan 3 ta mumkatak romli urchigan ona arisi mavjud yosh kichik oila tashkil qilinadi. Yotoq uyalarning orqa tarafdan teshikcha ochiladi, faner to‘siq yordamida 4–5 ta mumkatak romga mo‘ljallangan cho‘ntak hosil qilinadi va shu yerda kichik yosh oila tashkil etiladi. Bunday yotoq uyada asosiy oila va kichik yosh oilaning rivojlanishiga sharoit yetarli bo‘ladi hamda 4–5 ta mumkatak romdagi arilar yetarli ozig‘i bilan qishlashga ketadi.

Kelgusi yili bahorda asosiy oiladan 2 ta usti berkitilgan lichinkali romlar arisi bilan olinib, kichik yosh oilaga qo‘shilsa, yosh oila tez kuchayadi (kichik yosh oilaning ona arisi vaqtincha, arilar o‘ldirib qo‘ymasligi uchun, dumaloq simli qafas to‘r ostiga berkitib qo‘yiladi). Shunday qilib, bahorda yotoq uyada bir vaqtning o‘zida ikkita oila, ya’ni asosiy oila va kichik yosh oila rivojlanib, oradan 4–5 hafta o‘tgach kichik oilaning kuchi yetti-sakkiz romni to‘ldiradi. 

Qutili ari oilasini yetishtirish vaqtini oldindan bilib, janubiy tumanlarda bog‘lar, butazorlar gullashi hamda erkak arilarning mart oyining oxiri va aprel oyida yetilishini hisobga olib, ona ari yetishtirishga kirishiladi. Qutili ari oilasini tashkil etish vaqtigacha ona ari g‘umbagi yetilishi kerak, chunki yaxshi rivojlangan yosh ari oilalarining arichalari qutili ari oilasini tashkil etish uchun fanerli qutiga ko‘chiriladi va kerakli joylarga jo‘natiladi.

Fanerli qutiga yosh arilar ko‘proq tushishi uchun kunduzi arilar yaxshi uchayotgan paytda arilar va mumkatak romlar qutiga ko‘chiriladi. Yosh oiladagi arilardan qutili ari oilasini tashkil etish uchun fanerli qutilarga 1,1 kg ari ko‘chirilganida yosh oilada yana bir oz arisi hamda lichinkalari qoladi. O‘sha qolgan yosh oiladagi arilarga yetilgan ona ari g‘umbagi yoki urchigan ona ari beriladi va yaxshilab yostiqcha yordamida o‘rab isitiladi. Bunda kelajakda yozda gullaydigan o‘simlikdan sharbat to‘plashda arilar sonini ko‘paytirish uchun yordamchi ona aridan oila boshlig‘i sifatida foydalaniladi.

Asosiy sharbat ajratuvchi o‘simliklar gullashi oldidan yordamchi ona ari oiladan 2 ta mumkatak romda lichinkalari hamda ona arisi bilan ajratib olinib, uyaning yon tarafdagi faner to‘siq yordamida ajratilgan cho‘ntak qismiga ko‘chiriladi, arilarning asosiy qismidan asal to‘plashda foydalanish uchun asosiy oilaga qo‘shib yuboriladi. Asosiy sharbat vaqti tugaganidan keyin, ajratilgan kichik oilaga asosiy oiladan yetilgan lichinkali mumkatak romlar qo‘yilib kuchaytiriladi, oziq bilan ta’minlanadi, qishga qo‘shimcha ona arili oila sifatida ketkaziladi.

Mana shunday yo‘l bilan asosiy ari oilalarining rivojlanishi hamda sharbat to‘plashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay, har qaysi asosiy ari oilasidan bittadan yangi yosh oila (qutida) ajratish mumkin bo‘ladi. 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!