about persons photo

Pomidor va qalampir eksportida fitosanitar holat hisobga olinadi

January 27, 2021
+483 ko'p
2
 
 

O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi yurtimizdan xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarida “Pomidor bujmayish virusi” kasalligi uchrashining oldini olish maqsadida doimiy ravishda fitosanitar choralarni ko‘rmoqda.

Hozir laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish orqali barcha pomidor va qalampir mahsulotlari yetishtirilayotgan issiqxonalar ro‘yxati shakllantirilib, fitosanitariya talablari asosida importyor davlatlarga taqdim etilmoqda.  

Xabaringiz bor, 2020 yilning 26 noyabrida “Pomidor bujmayish virusi” sababli ayrim hududlarimizga Rossiya Federatsiyasi vaqtinchalik taqiq joriy etgan edi. “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi hamda “Rosselxoznadzor” xizmati o‘rtasida olib borilgan qator muzokaralar natijasida 2020 yilning 18 dekabridan eksport jarayonlari qayta tiklandi.  

Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarning importyor davlatlar tomonidan qo‘yiladigan fitosanitariya talablari asosida eksportga yuklanishi va bu boradagi hamkorlik davomiy bo‘lishida nafaqat O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi, balki tadbirkor hamda eksportyorlar ham birdek mas’uldirlar.  

Shu boisdan, mazkur virusning hududda tarqalmasligi va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga jiddiy zarar yetkazishining oldini olish va uni bartaraf etish maqsadida “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi barcha tadbirkorlarni ogohlik va hamkorlikka chaqiradi.

Rossiya va Qozog‘iston kabi davlatlar talablariga asosan endilikda pomidor va qalampir mahsulotlarining har bir qadog‘i ustida eksportyor korxona va mahsulot yetishtirilgan issiqxonaning nomi, manzili, mahsulot nomi ko‘rsatilishi shart. Chunki, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi inspektorlari rasmiylashtirayotgan fitosanitariya sertifikatida mahsulot yetishtirilgan fermer xo‘jaligi, korxonaning nomi, dala yoki issiqxonaning manzili ko‘rsatiladi. Bu esa, eksportga chiqarilayotgan mahsulotlarning fitosanitar holati haqida importyor davlatlarga ma’lumot yetkazish va mahsulotlar ortga qaytarilishi yoxud e’tiroznoma ya’ni notifikatsiya yuborilishining oldini olish hamda “Pomidor bujmayish virusi”ning yurtimiz hududida tarqalish holatlarini bartaraf etadi. Shuningdek, bu kabi talablarga qat’iy amal qilinishi dunyo bozorida O‘zbekiston meva-sabzavotlari mavqeini barqaror saqlash, importyor davlatlarning o‘zbek mahsulotlari sifatiga ishonchini oshiradi.  

Ayni vaqtda, tadbirkorlar virusdan xoli mahsulotlarni yetishtirish va eksportga yuklash maqsadida ba’zi ishlarni bajarishlari kerak bo‘ladi. Misol uchun, issiqxonalarning o‘zida namunalarni hududiy o‘simliklar karantini davlat inspektorlari yordamida o‘rnatilgan tartibda markaziy karantin laboratoriyasi orqali oldindan PZR (polimeraz zanjir reaksiyasi) tekshiruvidan o‘tkazish shart. Pomidor va qalampir yetishtiruvchilar ko‘chatlarni ekishdan oldin, ko‘chat ekuvchilar esa urug‘larni ekishdan oldin PZR analizidan o‘tkazishlari, urug‘ va ekish materiallarini import qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar yil oxirigacha import qilinishi rejalashtirilgan hududlarning manzilini ko‘rsatgan holda elektron murojaat etishlari maqsadga muvofiq.

Shuningdek, virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi PZR xulosasiga ega bo‘lgan issiqxona va dala maydonlarida yetishtirilgan mahsulotlar eksportga yuklanishidan bir kun oldin tadbirkor hududiy O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasiga elektron tarzda murojaat qilishi lozim. Bunda inspektor mahsulot eksportga tayyorlanishi jarayonida ishtirok etadi hamda fitosanitariya sertifikatini joyida rasmiylashtirib beradi.  

Qayd etish kerakki, mahsulot yetishtirilgan dala va issiqxona virusdan xoli ekanligini tasdiqlovchi tahlildan so‘ng ro‘yxatga qo‘shilib, keyingi eksport jarayonlarida qayta tekshiruvlardan o‘tkazilmaydi.

Manba: uza.uz

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!