about persons photo

Quyon chalinadigan kasalliklar. oldini olish va davolash

November 19, 2020
+2098 ko'p
3

GBK. So‘nggi yillarda Mustaqil Davlatlar Hamjamiyati hududiga GBK

(gemorragicheskaya boleznkrolikov) deb ataluvchi o‘ta xavfli gemorragik kasallik kiritildi.

Ushbu kasallik Avstraliyada haddan tashqari ko‘payib ketgan yovvoyi quyon va kemiruvchilarni jadal va ommaviy tarzda qirib tashlash uchun maxsus kuchaytirilgan virus tomonidan qo‘zg‘atilgan. GBK ilk bor 1984-yilda Xitoy va Hindiston orqali Vladivostokka kiritilgani ma'lum.

Quyonning zaharlanishi ko‘rinishida o‘ta keskin kechadigan bu kasallik, oqibati o‘lim bilan juda tez yakunlanishi bois, uning klinikasini payqab qolishning imkoni deyarli yo‘q. Go‘yo soppa-sog‘dek turgan quyonlar butun boshli ferma yoki guruh tarkibida qirilib ketadi. Ochilgan jasadlarda shilimshiq traxeya, bronx va o‘pkalarda qon quyilgan kichik nuqtalar, ayrim murdalarning ichaklarida esa biroz qon quyilish alomatlari, oshqozonlari yemga to‘la holda bo‘lishini kuzatish mumkin.

Kasallikka qarshi kurash choralari. Tarkibiga kasallik qo‘zg‘atuvchi zaiflashtirilgan virus kiritilgan, quyonning gemorragik kasalligiga qarshi vaksina 1,5-3 oyli quyonga bir marotaba 0,5 ml dozada, dumg‘aza sohasidagi mushaklar orasiga yuboriladi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisiga ta'sirlanmaslik (immunitet) xususiyati quyon 7 oyga to‘lgunga qadar davom etadi.

MIKSOMATOZ – shilimshiq qoplamaning shamollashi, orqa teshik, jinsiy a'zo, bosh, quloqlar shishib ketishi bilan (“sher bashara”) kuzatiladigan virusli kasallik. Bundan tashqari yiringlagan shakllar hosil bo‘lishi ham mumkin. Quyon o‘limi bilan yakunlanish kafolati deyarli 100%. Ushbu kasallikka xonaki va yovvoyi quyon ta'sirchan bo‘lib, qo‘zg‘atuvchi manba sifatida kasal va kasallanib o‘tgan quyon xizmat qiladi. Kasallikning taraqqiyotida chivin, burga va bitlar muhim rol o‘ynaydi.

Kasallik alomatlari. Yashirin davri 5-7 kun. Dastlab shapoq-yiringli konyuktivitni payqash mumkin. Quyon kipriklari yopishib, shapoq-yiringli oqim paydo bo‘ladi. Jonivorning nafas olishi qiyinlashib, pishillab qoladi.

Kasallikning oldini olish va qarshi kurash usullari. Chetdan olib kiritilgan quyon albatta karantinda saqlanishi lozim. Kasallik qo‘zg‘alishi bilan kasallangan quyon darhol so‘yilishi kerak. Go‘shti qaynatilib, umumiy tartibda sotilishi mumkin. Emayotganidan tortib keksasigacha barcha quyonlar emlanishi kerak.

YUQUMLI ShAMOLLASh – RINIT. Barcha quyonlar orasida keng tarqalgan kasallik. Burundan suyuqlik chiqib, aksa uradi, old oyoqlarida qichima paydo bo‘ladi. Bemor jonivorlarni so‘yish maqsadga muvofiqdir.

STOMATIT (“ho‘l tumshuq”) – yuqumli kasallik. Odatda 3 oyga to‘lmagan quyonchalarda uchraydi. So‘lakning ko‘p ajralishi oqibatida bo‘yin va ko‘kraklari ifloslanadi, ishtahalari yo‘qolib 5-6 kun betob bo‘lishadi. Kasal quyonlarning og‘iz bo‘shlig‘ini 1-2% mis sulfat eritmasi, kaliy permanganatning (to‘q binafsha rangli kristall moddaning) 0,1-0,2% eritmasi, furasilinning 1:5000 eritmasi bilan yuvib tozalanadi. Quyonga yumshoq mayin yem beriladi.

EYMERIOZ (koksidioz) – asosan yosh quyonlarda kuzatiladigan o‘tkir invazion kasallik. Jonivorlarning ozib-to‘zib zaiflashishi, ichburug‘, kamqonlik, qorin hajmining yiriklashishi, tomir tortishishi va ommaviy qirilishi bilan tavsiflanadi. Bir necha turga mansub sodda organizmlarning oshqozon-ichak tizimidagi shilliq pardalar va jigarning safro oqimi yo‘lida yig‘ilib qolishi bilan yuzaga keladi. Ushbu kasallik yilning iliq va sernam kezlarida jadal qo‘zg‘aladi.

Kasallik jarayoni va alomatlari. Yosh quyonchalarning ishtahasi yo‘qoladi, o‘sish va rivojlanishi sustlashadi. Defekasiya tezlashadi, najasi qon va shilimshiq aralash chiqadi, qorni va jigari kattalashib ketadi. Quyonlarda tomir tortishish, boshini orqaga tashlash, orqa oyoqlarini cho‘zib, old oyoqlari bilan suzish harakatlarini bajarish holatlari kuzatiladi. Katta yoshdagi quyonlarda ham surunkali yuz berib turishi kuzatiladi.

Davolash usullari. Kasallangan quyonlarga sul'fadimetoksin yoki sulfapiridazin (100 mg/kg) tayinlanib, orada 3 kunlik tanaffus bilan har biri 5 kundan davom etadigan ikki bosqichda monomisin bilan uyg‘unlashtiriladi. Tarkibida koksidiostatik moddasi mavjud premikslar yemga aralashtirib berilganida davolash samaradorligi yanada oshadi.

Kasallikning oldini olish usullari. Quyonlar katagining pol-panjarasini to‘rdan tayyorlash, ostidagi yaxlit polni sutkada 2 marotabadan kam bo‘lmagan tarzda go‘ngdan tozalanib turish lozim. Tegana va suvdonlar doimo toza tutilishi kerak. Parvarish asboblari va kataklar payvandlash lampasining olovi bilan bir sidirg‘a qizdirib chiqilishi lozim.

Aksariyat yuqumli kasalliklarning oldini oluvchi vosita – karantindir. Buning uchun sotishga ajratib qo‘yilgan yoki quyon boshini ko‘paytirish niyatida xarid qilingan quyonlarni bir necha kun karantinda boqish kerak. Yangi quyonlarning ehtimoliy kasalliklarini aniqlash maqsadida quyonboqar ixtiyorida bir nechta alohida kataklar bo‘lishi lozim. Ushbu kataklar soni quyonlar soniga bog‘liq.

KONYUNKTIVIT – ko‘z kasalligi. Ko‘zning mexanik jarohatlanishi, unga chang yoki boshqa yot jism singishi, kimyoviy moddalar ta'siri va quyon yemida A vitamini yetishmasligi oqibatida vujudga keladi. Kon'yunktivit shakllari ko‘zdagi shilliq pardalar yiringlashi yoki yallig‘lanishi ko‘rinishida kuzatiladi. Birinchi shaklda ko‘zlar kuchli qizarib, ko‘p miqdorda ajralayotgan yiring qovoqlarni ochirmay yopishtirib qo‘yadi. Ikkinchi shaklda quyon ko‘zidagi shilliq pardalarning qizarishi, shishishi va yoshlanishi ko‘zga tashlanadi.

Davolash usullari. Ko‘zdagi shilliq pardalar yallig‘lanishi ko‘rinishidagi konyunktivitni davolash uchun quyon ko‘zi 2% li borat kislotasi bilan yuvilib, unga 2-3 tomchi rux eritmasi tomchilari tomiziladi.

Konyunktivitning yiringlash ko‘rinishidagi shaklini davolash uchun esa quyon ko‘zi 2% li borat kislotasi bilan yuviladi. Qovoqning shilliq pardalariga (qovoqlar ostiga) 2-3% li yodoform yoki borat surtmasi surtiladi. Shoxparda (muguzparda) yaralangan va xiralashganda kalomel (simob monoxlorid) kukunining qand upasi aralashmasi (1:1) bilan ishlov beriladi.

NAFAS OLISh A'ZOLARINING KASALLANIShI. Quyonxonadagi havo haroratning keskin o‘zgarib turishi, yelvizak, ammiak moddasi, chang, tutun va momiqning oshib ketishi kabilar oqibatida vujudga keladi. Ushbu kasalliklar jumlasiga rinit (tumov), bronxit, plevrit (zotiljam) va o‘pkaning kataral (pardalarining) yallig‘lanishi kiradi.

Davolash usullari. Birinchidan, kasallikning vujudga kelish sabablarini bartaraf etish. Ikkinchidan:

rinitga chalingan quyon burniga bir kunda 1-2 marotaba 1% li furasilin eritmasini, tarkibida 15-20 ming birlikka ega penisillin eritmasi bilan aralashtirib 5-6 tomchi tomiziladi;

bronxitga chalingan va o‘pkasi kataral (pardalarining) yallig‘langan quyonning mushaklari orasiga har 4 soatda quyonning har 1 kg vazniga 20 ming birlikka ega penisillin eritmasi yuboriladi. Shuningdek, yem bilan birgalikda quyonning har 1 kg tirik vazniga 20 mg norsulfazol, sulfadimezin beriladi.

Kasallikning oldini olish usullari. Quyonlar katagini o‘z vaqtida sovuq o‘tmaydigan qilib isitish, yelvizakga barham berish, yemini yaxshilash.

PODODERMATIT. Panjalar yostiqchasida yara va teshiklar paydo bo‘lishi bilan kuzatiladigan katta quyonlar orasida taraqqiy etgan kasallik.

Ushbu kasallikka tirik vazni og‘ir va panjalardagi momiqlari yomon rivojlangan quyonlar ko‘p ta'sirchandir. Quyonxona va kataklarning antisanitarholati, ortiqcha namlik va havo haroratining haddan tashqari yuqori bo‘lishi kasallik taraqqiyotiga omil bo‘ladi.

Kasallikning ilk bosqichida jadal sho‘ralash oqibatida oyoq tagining darz ketishi, g‘urra va o‘simtalar paydo bo‘lishi, panjalardan tez-tez qonli sariqsuv chiqishi yoki kuchsiz qon ketishi kuzatiladi. Keyinchalik yiringli yara va teshiklar hosil bo‘ladi. Jonivorlar ezilib, ishtahasi yo‘qoladi, goh u goh bu oyog‘ida turishadi, oyoqlarini cho‘zib ko‘p yotadi, ozib-to‘zib, aksariyat hollarda nobud bo‘lishadi.

Davolash usullari. Har kuni jarohatlarga 10% li qo‘rg‘oshin yoki rux surtmasi surtiladi. Yaralardagi qurigan teri va o‘lik to‘qimalar mexanik usulda olinadi, 1-2% li yod bilan ishlov beriladi. Qon oqimi to‘xtatilgach jarohatga oksitetrasiklin (oksitetrasiklin digidrat), tetrasiklin sepmasi sepiladi yoki Vishnevskiy surmasi surtiladi. Ishlov berilgan joylarni mahkamlovchi bog‘lama bilan bog‘lagan ma'qul.

Agar kasalga chalingan quyon qiymati yuqori bo‘lmasa uni so‘yish, terisini shilib olib, go‘shtini ko‘mib tashlash maqsadga muvofiqdir.

Kasallikning oldini olish choralari:

kasalga chalingan yoki ushbu kasallik bilan kasallanishga mayil bo‘lgan (panjalardagi momiqlari yomon rivojlangan) quyonlarni yaroqsiz quyonlar

guruhiga ajratib qo‘yish;

kataklarni toza tutish;

katakdagi to‘rdan qilingan polga 35x25 sm li yog‘och pol yotqizish;kataklarni yangi so‘ldirilgan ohak bilan oqlash.

RAXIT. Yosh quyonlarda D avitaminoz, shuningdek, organizmdagi kal'siy va fosforning tanqisligi yoki ushbu moddalarning o‘zaro mutanosibligi buzilishi oqibatida vujudga keladi.

Kasallikning oldini olish choralari. Homilador va bola emizdirayotgan urg‘ochilar yemiga D vitamini bilan boyitilgan moddalar, misol uchun 1 choy qoshiqdan baliq moyi va 2-3 gr go‘sht-suyak va suyak uni qo‘shib beriladi. Shuningdek yosh quyonchalarni ul'trabinafsha nurlar bilan nurlantirish tavsiya etiladi.

OShQOZON-IChAK KASALLIKLARI: NORDON KATAR KASALLIGI. Iflos, sifati yomon va tez achiydigan yem berilishi oqibatida kelib chiqadigan kasallik. Bunday dardga yo‘liqqan quyonlar yem yeyishdan bosh tortib, ko‘p shilimshiqli va gaz pufakchali dolchin-kul rang najas chiqaradi. Ayrim ovqat hazm qilish (singdirish) yo‘llarining shishib ketishi kuzatiladi.

IShQORLI KATAR KASALLIGI. Yosh quyonchalarni shirador yemlarning ko‘p miqdori bilan boqish oqibatida qo‘zg‘aladigan kasallik. Kasalga chalingan jonivor ishtahasi yo‘qolib, yem yeyishdan bosh tortadi. Ovqat hazm qilish (singdirish) yo‘llaridan suyuq, to‘q jigar rang, chirindi hidi anqiydigan najas chiqadi. Bunday kasalga chalingan quyonchalar 1-2 hafta ichida nobud bo‘ladi.

ShAMOLLASh KATARI. Quyon organizmining haddan tashqari sovuq qotishi oqibatida taraqqiy etadi. Jonivorlar boshqa katar kasalliklar singari ezilgan ko‘rinib, yem yeyishdan bosh tortishadi. Defekasiya tezlashadi yoki tez-tez kuchanishadi. Najas suyuqlashib, jigar rang-sariq tus oladi. Ushbu alomatlar bilan tumov kasali, tez-tez aksa urib turishlar ham kuzatiladi.

Yosh quyonchalar bu kasallikka chalinishlari bilan sog‘lom jonivorlar orasidan 12-24 soat ichida ajratib olinishi kerak. Dag‘al, shirador va sifatsiz yem berilmaydi. Yem me'yori 1,5-2 barobar kamaytiriladi. 4-, 5- kundan e'tiboran quyonlarga oson hazm bo‘ladigan yem, yuqori sifatli pichan, maydalangan don, suli (qovurilgan holda) beriladi.

Davolash usullari.

Nordon katar kasalligi alomati kuzatilayotgan quyonlarga 1 kunda 2 marotaba 0,1 gr sintomisin va 7-10 ml sut zardobi beriladi. Oshqozoni yoki ichaklari shishgan paytda 5-8 ml 10% li ixtiol eritmasi yoki 3-5 ml 5% li sut kislotasi beriladi. Davolash muolajasidan so‘ng jonivorlarga quyonxonada erkin yugurish uchun sharoit yaratiladi. Ichburug‘ alomati mavjud quyonlarga 1 kunda 1-2 marotaba 0,2-0,3 gr dan disulfan beriladi. Eman (bolut) po‘stlog‘ining qaynatmasi bilan ham davolashning yaxshi natijasiga erishish mumkin.

Ishqorli katarga chalingan quyonlarga 1 kunda 2 marotaba 1-2 choy qoshiq kaliy permanganat (to‘q binafsha rangli kristall modda) eritmasi (1:5000) berilib, 1-2 soatdan so‘ng 0,2-0,3 gr dan salol yuboriladi.

Shamollash katariga chalingan quyonchalar issiq xonaga olib o‘tiladi yoki kataklar isitilib, yelvizak yo‘llari yopiladi. Bir kunda 2 marotaba 0,1-0,5 gr dan biomisin (xlortetrasiklin gidroxlorid) tayinlanadi. Ich qotganda karlsbad tuzi (yosh quyonchalarga 3-4 gr dan, katta quyonlarga esa 5-6 gr dan) yoki kastorov moyi (1-1,5 choy qoshiqdan) yaxshi yordam beradi. Xona haroratidagi sovunli suv bilan huqna (klizma) qilish ham yaxshi natija beradi.

Meteorizmni (ichaklarning shishib ketishini) o‘t-o‘lan aralashmalarining (moychechak, shuvoq (yovshan), sebarga (uch barg) gullari, botqoq gnafaliumi) qaynatmasi bilan samarali davolash mumkin.

Quyonchalar defikasiyadan 7-13 soat o‘tganidan so‘ng ovqatlantiriladi. Yem oz miqdorda odatdagi me'yorga asta sekin yaqinlashtirilib beriladi.

Kasallikning oldini olish choralari. Avvalambor sifatli yem berish. Tegana va suvdonlar doimo toza tutilishi, achigan va mog‘or bosgan yem qoldiqlarisiz bo‘lishi lozim.

Ovqat hazm qilish yo‘llari faoliyatining buzilishini oldini olish uchun51 5-7 kun davomida yemning bir turini ikkinchisiga asta-sekin almashtirib borish lozim. Ayniqsa ko‘k maysa, lavlagi, karam kabilarni yemga kiritish amallari ehtiyotkorona bajarilishi zarur. Onasidan endigina ajratib olingan quyonchalarga yengil hazm bo‘ladigan yem berish kerak bo‘lib, ushbu jarayonni yaxshilash maqsadida ajratib olingan kundan e'tiboran 20-40 kun davomida (oshqozon shirasi faoliyatining eng sust davri) yemga asidofilin darmon dorisi qo‘shib beriladi.

IChAK-ChOVOQ TO‘PLANIB QOLIShI. Bunday holat quyonlar suvsiz qolganda yuzaga kelishi mumkin. Bunda quyonning najasi kelmay qoladi, qorin bo‘shlig‘i paypaslanganida esa najasning zichlashib qolgani seziladi.

Davolash usuli. Yosh quyonchalarga 3-4 gr dan, katta quyonlarga 5-6 gr dan Glauber tuzi (natriya sul'fat) yoki karlsbad tuzi suv eritmasi ko‘rinishida beriladi. Kastorov moyining 1-1,5 choy qoshig‘ida berilishi ham yaxshi samara beradi. Shuningdek suli qaynatmasi ichirilib, quyon qorniga bug‘lanuvchan liniment surkaladi, iliq, biroz sovunli suv bilan huqna (klizma) qilinadi. Shundan so‘ng faol harakatlanishi uchun qo‘yib yuboriladi.

Ich qotishdan davolash uchun katta quyonlarga 5-6 gr (yosh quyonchalarga 3-4 gr) Glauber tuzi suvda eritilib beriladi. Erkinlikka qo‘yib yuborilib, sayil qildirish ham foydalidir.

ShIKASTLAR. Bunday jarohatlar jumlasiga timdalanish, shilinish, lat yeyish va suyak sinishlari, orqa miyaning tana orqasi falaj bo‘lishiga olib keladigan darajada (noto‘g‘ri sakrash yoki quyon beliga zarb berish natijasida) shikastlanishi kiradi.

Davolash usuli. Timdalangan yoki shilingan joylarni tozalab yod surtish, yirik yaralarni esa tikish lozim. Singan suyagi ko‘krak yoki qorin bo‘shlig‘iga kirib ketgan, shuningdek, falaj bo‘lishga olib keladigan darajada jarohatlangan quyonlarni davolash amallari behudadir.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!