
Аsalarichilikka ixtisoslashgan yirik fermer xo‘jaliklarining afzalliklari
Fermer xo‘jaliklarining raqobatbardoshligini oshirishda zamonaviy texnologiyalarning ahamiyati katta. Binobarin, yangi tamoyillarga asoslangan va ishlab chiqarish tarkibini almashtirishni ko‘zda tutuvchi texnologik innovatsiyalar amalga oshirilayotgan islohotlarning hal qiluvchi unsuri sanaladi.
Asalarichilik tarmog‘ida innovatsiya jarayoni fan-texnika, tashkiliy boshqaruv va boshqa masalalarni yechishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli fermer xo‘jaliklarining asalarichilikni rivojlantirishda fan-texnika imkoniyatidan samarali foydalanish imkoniyatlari kundan kunga kengayib, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortmoqda.
Asalarichilikda innovatsiyalarning raqobatbardoshlikka erishishdagi o‘rni katta. Shu sababli innovatsiyaviy faoliyatni kengaytirishning me’yoriy-huquqiy asoslari yaratilgan.
Asalarichilik fermer xo‘jaliklarida mahsulot yetishtirishda ishlab chiqarishning texnologik jarayonlarini hamda xom ashyo, materiallar va energiya resurslari sarf me’yorlarini maqbullashtirish, quvvatlardan foydalanish darajasini ko‘paytirish va mehnat unumdorligini oshirish hamda qo‘shimcha sarf-xarajatlarni qisqartirish, xarid qilinadigan xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlar qiymatini pasaytirish, xodimlar sonini maqbullashtirish hisobiga asalarichilik mahsulotlari tannarxini arzonlashtirish, raqobatbardoshligini oshirish borasida katta ishlar qilinmoqda.
Fermer xo‘jaliklari innovatsiya orqali raqobat jihatidan ustunlikka erishadi. Ular raqobatbardoshlikka erishishning yangi usullarini o‘zlashtiradi yoki eski usullardan foydalangan holda raqobat kurashining eng yangi usullarini topadi. Raqobat muhitining qonunan ta’minlanishi bu ishlab chiqaruvchilarni doimo iste’molchilar manfaatlarini ko‘zda tutishga chorlaydi va innovatsiyalarni tinimsiz yaratishni rag‘batlantiradi.
Hozirgi kunda fan-texnika taraqqiyoti va bozor ehtiyojlari mahsulot tarkibi, turi va sifatiga yangi talablarni shakllantirgan holda talab va taklif konyunkturasidagi o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ishlab chiqaruvchilarning bunday o‘zgarishlarga nisbatan loqaydligi raqobatdoshlarning ilgarilab ketishiga olib keladi. Fermer xo‘jaliklarining fan-texnika taraqqiyotidagi o‘zgarishlarga kech moslashuvining salbiy iqtisodiy oqibatlari tanazzul holatga va hattoki bankrotlikka olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, ishlab chiqarish faoliyatining deyarli barcha sohalarida innovatsiyalarga istiqbolli rivojlanish vositasi sifatida qiziqish ortmoqda. Fermer xo‘jaliklarini boshqarish amaliyotida bunday strategiyaning shakllanishi innovatsiya jarayonlarining samarali boshqaruv tizimlarini yaratish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda.
Asalarichilikda innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda soha mahsuldorligini oshirishda oziqlar sifatiga e’tibor qaratish va bunda zamonaviy usullarni qo‘llash lozim. Arilar kasallanmasligi uchun ularni sog‘lomlashtirish ozig‘i bilan boqish katta ahamiyatga ega. Bunday oziq arilar kasallanmasidan oldin beriladi. Agar o‘tgan mavsumda asalarilar chirish yoki nozematoz kasalligi bilan kasallangan bo‘lsa, keyingi yilgi mavsumda ari oilalariga oqsilli oziqqa dori qo‘shib berish zarur.
Arilarga xamirsimon oziqning har kilogrammiga 1–2,5 million birlik hisobida biomitsin, tetratsiklin, streptotsid dorilaridan qo‘shib berilsa, ular chirish kasalligi bilan kasallanmaydi. Ko‘rsatilgan dorilarning qaysi biridan qancha miqdorda qo‘shish kerakligini veterinar bilan maslahatlashish kerak. Arixonalardagi arilar nozematoz kasalligi bilan kuchli zararlangan bo‘lsa, u holda oziqning bir kilogrammiga 4–8 g fumagillin (qancha miqdorda qo‘shilishi arilar qay darajada xavfli kasallanganligiga qarab aniqlanadi) qo‘shib beriladi.
Ari oilalariga sog‘lomlashtirish maqsadida berilgan asal va qand upasining aralashmasidan tayyorlangan va dori qo‘shilgan xamirsimon oziqning bir kilogrammini kuchli ari oilalari 7–10 kun davomida iste’mol qilib tugatadi, demak, shuncha kun davomida arilar davolanadi. Arilar hayotida suv ham muhim ahamiyatga ega. Ular yil davomida suv iste’mol qiladi, ammo bahorda ko‘p sonli lichinkalarni tarbiyalab yetishtirayotgan vaqtda ko‘proq suv iste’mol qiladi.
Ona ari bir sutkada 1200–1500 tagacha tuxum qo‘yadigan o‘rtacha kuchga ega bo‘lgan ari oilasi kuniga 40–50 gramm suv iste’mol qiladi. Tabiatda sharbat ajratuvchi o‘simliklar bo‘lmay qolgan issiq kunlarda arilar uyasiga 200 grammgacha suv keltiradi. Keltirilgan suvning ko‘p qismi uyaning haroratini me’yoriga keltirish uchun sarflanadi.
O‘simliklar gullab, arilar uyalariga sharbat keltira boshlashlari bilan arilarning uyalariga suv keltirishi kamayadi. Agarda tabiatdan kuchli sharbat kelib tursa, u holda arilar uyalariga butunlay suv keltirishni to‘xtatadi, chunki ular sharbat tarkibidagi suvning hisobiga o‘zlarining suvga bo‘lgan talabini qondiradi.
Asalarichilikda asalari oilasining mahsuldor bo‘lishi o‘tgan yili arilarning qishlashi uchun jamg‘arilgan oziqqa, kelasi yili ari oilasining asal to‘plashi esa shu yili asosiy sharbat to‘plash mavsumida qancha ko‘p va sifatli oziq jamg‘arilganligiga bog‘liq bo‘ladi.
Yetarli va sifatli oziq jamg‘arilganida ari oilalari muvaffaqiyatli qishlab chiqib, bahorda yaxshi rivojlanadi. Qishlash uchun har bitta ari oilasiga o‘rtacha 16–18 kilogramm oziq qoldiriladi. Kuzda asal ozig‘ining bir qismi shakar sharbati bilan almashtiriladi. Bunda shakar sharbatini arilar qayta ishlab – shakar asaliga aylantirib, inchalarga qo‘yib, ustini berkitishga ulgurishlari lozim.
Asalari oilalarining asal mahsuldorligiga ta’sir etuvchi omillardan biri ularning qishloviga asal qoldirilishidir. Bundan tashqari, qishlovda uyalarning zax bo‘lishi va izg‘irin shamol ham ularga halokatli ta’sir etadi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, uyada eng ko‘p oziq zaxirasi bo‘lgan oilalar bir mavsumda eng ko‘p miqdorda asal yig‘adi.
Oziq sifatida shakar sharbatidan foydalanilganida, birinchidan shakar asalga nisbatan bir necha barobar arzon turadi, ikkinchidan, shakar asali bilan oziqlangan arilar qishloq xo‘jaligi zararkunandasi bo‘lgan shira hasharotlarining axlat tariqasida ajratgan shirinsimon suyuqliklaridan tashkil topgan qora asalni iste’mol qilishdan xoli bo‘ladi.
Asalarichilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari asalarichilik mahsuldorligini oshirishda yuqorida keltirilgan an’anaviy oziqlar sifatini oshirgan holda, asalarilarni oziqlantirishda zamonaviy usullarni qo‘llash natijasida yuqori samaradorlikka erishadilar.
