about persons photo

Fermerlar mavsumiy shartnoma tuzish huquqiga ega bo‘ldi!

October 07, 2020
+55 ko'p
22

Amaldagi Yer Kodeksining 24-moddasida «Yer uchastkasini ijarasi» yoritilgan bo‘lib, "Qishloq xo‘jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari yer uchastkalarini ichki xo‘jalik ijarasi tartibida faqat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun ijarachilarga biriktirib qo‘yishi mumkinligi" qoidasi ko‘rsatilgan bo‘lsada, yaxshi ishlamadi.

 

Shuningdek, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasida fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanilishi va ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emasligi belgilangan edi.

 

Shu tariqa qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda dehqonchilik qilayotgan fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari fuqarolarga vaqtinchalik va mavsumiy ekin ekib, foydalanish uchun ijaraga berish huquqidan mahrum edilar. Bu esa qishloq xo‘jalik yerlaridan samarali foydalanishga hamda yerdan unumli foydalanib daromadni ko‘paytirishga va soliq tushumini ko‘payishiga to‘sqinlik qilar edi.

 

Bundan tashqari ekinlarni parvarish qilish hamda unga agrotexnik ishlov berishda mavsumiy ishchilar ko‘rsatadigan xizmatlarni qo‘shimcha ijaraga berish, deb qaralashi qonun normasini huquqiy jihatdan noto‘g‘ri talqin etilishiga olib keldi.

 

Ammo, agrar tarmoqda yerdan foydalanish vakolatini kengaytirish va ijara huquqiy munosabatlarida erkin faoliyat yuritish tizimini, mexanizmini takomillashtirishni davr talabiga aylandi.

 

Bu kabi talab hisobga olinib, «Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilindi.

 

Unda qishloq xo‘jalik korxonalari va tashkilotlariga, fermer, dehqon xo‘jaliklariga uzoq muddatli yer ijara shartnomasi asosida ijaraga olgan yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda vaqtinchalik foydalanish maqsadida ikkilamchi ijaraga bir yil muddatga shartnoma asosida berishga ruxsat berilmoqda. Amaldagi qonunchilikdagi ikkilamchi ijaraga berish taqiqlanishi to‘g‘risidagi cheklov olib tashlanmoqda.

 

Endi qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar yerlarni (uchinchi shaxslarga berish huquqisiz) ikkilamchi ijaraga berish, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalarida meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini saqlab qolgan holda yer uchastkasini vaqtincha foydalanishga berish huquqiga ega bo‘ladi.Bunda yer uchastkasini muddatli (vaqtincha) foydalanish uchun berish muddati taraflarning kelish uviga asosan belgilanishi, ijara shartnomasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

 

Qayd etish kerakki, ikkilamchi ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash ob’ekti bo‘lishi ta’qiqlandi.

 

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasini muddatidan ilgari bekor qilish taraflarning kelishuviga ko‘ra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

 

Bu albatta, mamlakatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yerdan unumli foydalanishida iqtisodiy mustaqilligi va moliyaviy barqarorligini oshirishi, ularning yer-suv resurslaridan oqilona foydalanishi, ilg‘or ilm-fan yutuqlari negizida zamonaviy xorijiy tajribalarni keng joriy etishi va qishloqda yangi ishlab chiqarishlar va xizmat ko‘rsatish sohalarini tashkil qilishida katta imkoniyatlar yaratadi.

 

Sohibjon Hatamov, O‘zbekiston fermer,

dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi yuridik bo‘lim boshlig‘i

Manba: @uzagromart

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!