about persons photo

Infeksion kasalliklar va ularni davolash

November 19, 2020
+16 ko'p
1

Yevropa chirish kasalligi. Yevropa chirish kasalligi yuqumli kasallik bo‘lib, avvalo ochiq, so‘ngra yopiq naslda bo‘ladi. Kasallik, asosan, asalarining tuxumdan chiqqan naslini shikastlantiradi, erkak naslini kamroq zararlantiradi. Kasallanish lichinkalar tuxumdan chiqqach, 3–4 kundan keyin boshlanadi. Kasallikningkelib chiqishiga ob-havoning bulutligi, namli bo‘lishi, arixonaning sovuqda qolishi, oziqning yetarli bo‘lmasligi va shunga o‘xshash asalari oilasining kuchsizlantiradigan omillar sabab bo‘ladi. Bu kasallikni pluton sreptokokklari qo‘zg‘atadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchistreptokokklar pergada butun qish, mumkatak va asalda yil davomida saqlanib qolishi mumkin.

Kasallik tarqalish yo‘llari. Kasal asalari oilalari kasallikni tarqatuvchi asosiy manba hisoblanadi. Kasal bo‘lgan butun oila asalarilari kasallikni qo‘zg‘atuvchi streptokokkni olib yuruvchilar bo‘ladi. Chunki bunday oilada pluton streptokokklari asalarida, asalda, perga va mum inlarda bo‘ladi.

Lichinkalar zaharlangan asal va perga bilan oziqlanadi. Ona asalari Yevropa chirish kasalligini o‘zining nasliga yuqtiradi. Bir oiladan ikkinchi oilaga kasallik o‘g‘ri ishchi asalarilar, erkak arilar, umumiy suv idishi orqali va rom almashtirish vaqtida o‘tishi mumkin.

Kasallikning kechishi. Yevropa chirish kasalligi bahorda va yozning birinchi yarmida ko‘proq uchraydi, kuzga borib lichinkalarning kasal bo‘lishi kamayadi. Kasallikni qo‘zg‘atuvchi mikrob oziq bilan lichinka ichagida tez ko‘payadi, ichakni va keyinchalik butun organizmni yemiradi. Kasallikning boshlanishida mum inchalarining ikkila tomonida ayrim kasallangan lichinkalarni uchratish mumkin. Lichinkalar zararlanganidan keyin 2 kun o‘tgach sarg‘aya boshlaydi. Keyinchalik asalari nasli ola-bula rangga kiradi.

Kasallikning belgilari. Yevropa chirish kasali lichinka tanasining formasi, rangi va konsistentsiyasi o‘zgarishidan, ularning yacheykada joylashish xolatidan boshlanadi. Yevropa chirishi bilan zararlangan lichinkalar sarig‘ rangli bo‘lib elastikligini yo‘qotadi, so‘lg‘in bo‘ladi. O‘lgan lichinkalar, avvalo, sariq so‘ngra qurib qoramtir rangga kiradi.

Kasallik tashxisi. Kasallik klinik belgilari va patologik materialni laboratoriyada tekshirish asosida aniqlanadi.

Davolash. Kasallik 4 % li formalin bug‘i va 2 % li xinozoleritmasi bilan dezinfeksiya qilinadi. Farmalin bug‘i 30 minutdan keyin, xinozol eritmasi 10 minutdan keyin kasallik qo‘zg‘atuvchilariga ta’sir qiladi. Kasallikni davolashning eng samarli usuli uni endigina boshlangan vaqtda aniqlashdir. Kasallik endigina boshlangan bo‘lsa, uni davolash shu joyning o‘zida olib boriladi. Kasallik eskirgan sayin uni davolash qiyinlashadi. Davolash faqat eski inlarni olib tashalash, asalarilarni dezinfeksiya qilingan uyalarga ko‘chirish, asalni haydash, arixonalarni isitish uchun yopilgan materiallarni almatirish va shu kabi ishlardan iborat. Bu kasallikni davolashda qo‘llaniladigan vositalar sulfodimizen va antibiotik preparatlardir. Bu preparatlar asalarilarni oziqlantirish uchun ishlatiladigan davolash siroplari yoki suv eritmalari holida ishlatiladi. Suv eritmalar asalari uyalariga sepiladi.

Davolash siropini tayyorlash uchun quyidagi preparatlardan birini olish mumkin: norsulfazol natriy, sanazin, sulfantrol, sultsimid, streptomitsin, terromitsin, tetratsiklin va hokazo.

Kurash choralari. Yevropa chirish kasalligi borligi aniqlangandan keyin kasallangan arixona joylashgan yerdan radiusi 5 km gacha bo‘lgan hududlarga karantin e’lon qilinadi. Yevropa chirish kasalligi yo‘q qilinganidan keyin bir yil o‘tgach arixona karantindan chiqadi. amerika chirish kasalligi. Bu yopiq naslning yuqumli kasalligidir. Amerika chirishini larve batsillasi qo‘zg‘atadi. Bu mikrob juda chidamli siroplar hosil qiladi. Ular asalda quyosh nuri ta’sirida 4–6 haftagacha, qaynab turgan suvda 13 minut, 100 °C gacha qizitilgan mumda 5 kungacha saqlanadi. Quyosh nuri qurigan sporalarni ikki-uch kundan keyingina o‘ldirishi mumkin. O‘lgan va qurib qolgan lichinkalari bor mum inlardagi sporalar kimyoviy moddalar ta’sirida yuqori darajada chidamlilik ko‘rsatadi.

Kasallikning tarqalishi. Kasallik manbayi – bu kasallangan lichinkalar va ularning jasadi. Shuningdek, zararlangan asal va pergadir. Kasallik oila ichida va kasal oiladan sog‘lom oilalarga tarqalishi Yevropa chirish kasalliginiki kabidir.

Kasallikning kechishi. Amerika chirish kasalligi bahorda paydo bo‘lib, yozga kelib o‘zining yuqori rivojlangan darajasiga yetadi. Avvalo, ba’zi mum inlardagi ayrim lichinkalar kasallanadi. Yopiq yacheykalarda kasallanganlarini sog‘lomlaridan ajratish juda qiyin, shuning uchun kasallikning dastlabki boshlanish davrini asalarichi payqamay qoladi. Kasallik kengroq tarqalganidan keyingina u qo‘zga ko‘rinadi. Kasal bo‘lgan oilalar bunday vaqtda kuchsiz bo‘lib, o‘zining xonasini yaxshi qo‘riqlay olmaydi, ayniqsa, tabiatdan olinadigan oziqa yetarli bo‘lmay qolganida, o‘zidan kuchli oilalar hujumini qaytara olmay qoladi.

Kasallik belgilari. Kasallik naslli mum inlarni tekshirganda aniqlanadi. Sog‘lom asalari oilasida tuxumdan chiqqan nasl bir xil yoshda bo‘lib, inlarning hamma yacheykalarida bo‘ladi. Amerika chirishi bilan zararlangan oilada mum inlarni bir xil joylarida har xil yoshdagi nasl joylashib, ayrim yacheykalar bo‘sh bo‘ladi. Yacheykalarning qopqoqlari, agar ichida kasallangan nasl bo‘lsa, qiyshayib, ichiga tushib ketgan va teshilgan bo‘ladi. Halok bo‘lgan lichinkalar och qo‘ng‘ir yoki timqora rangda bo‘ladi. Chirigan lichinkalardan eritilgan duradgorlik yelimining hidi keladi. Hali yaxshi qurib ulgurmagan lichinkalar tanasi yopishqoq, cho‘ziluvchan massa bo‘lib, bir necha santimetrgacha cho‘zilishi mumkin.

Kasallik tashxisi. Kasallik tashqi belgilari va patologik materialni laboratoriyada tekshirish natijalari asosida aniqlanadi.

Davolash. Asal yig‘ish davom etayotgan bo‘lsa, kasallangan ari oilalari toza arixonaga ko‘chiriladi, ichiga, avvalo, sun’iy mum inlar solinib, ularga davolash siropi beriladi. Siropga Yevropa chirish kasalligida qo‘llaniladigan preparatlar solinadi. Faqat sanazin preparati Amerika chirish kasalligiga ta’sir qilmaydi.

Kurash choralari. Laboratoriyada Amerika chirish kasalligi aniqlanganidan so‘ng arixona va u joylashgan hududdan radiusi 5 km gacha bo‘lgan masofada karantin e’lon qilinadi. Davolash tadbirlari bilan bir qatorda arixonada Amerika chirish kasalligini yo‘q qilish maqsadida kasallangan asalarilar solingan arixonalar, ular turgan joy, romlar va boshqa asalarichilik inventarlari yaxshilab dezinfeksiya qilinadi. Uyalar turgan joylar qayta kavlanib, 10 % li yangi so‘ndirilgan ohak (1 m2 yerga 1 l hisobida) sepiladi yoki 3 % li kir sodasida yuviladi, quritiladi va kavsharlash lampasi bilan tekis qoramtir rangga kirguncha kuydiriladi yoki 20 % li kaustik soda potash aralashmasi bilan har 2 soatda ishlov berish kerak. 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!