about persons photo

Kataklarni tozalash va sanitar ishlov berish

November 12, 2020
+27 ko'p
2

Quyonxona va kataklarni yig‘ilib qolgan tezak, yem qoldiqlari va to‘shamalardan muttasil tozalab borish lozim. Buning uchun qirg‘ich (21- rasm),

 

dag‘al cho‘tka, supurgi, kurak, ketmoncha, chelak va quti kabi maxsus asbob-uskunaga ega bo‘lish darkor.

Metall qirg‘ich yordamida katak poliga yotqizilgan pol-panjara tozalanadi. Qulay bo‘lishi uchun aravacha ustiga o‘rnatilib, katak ostiga keltirilgan quti yoki cho‘ziq tog‘ora ichiga tezak, iflos yem qoldiqlari va to‘shamalar tortib tushiriladi.

Shundan so‘ng pol ustiga yotqizilgan pol-panjara ko‘tarilib yoki katak ichidan umuman chiqarib olinib, ostida to‘plangan tezak tortib tushiriladi. Bu ishlar bajarilayotganida quyonlar xalaqit bermasligi uchun qo‘shni bo‘limga haydab chiqarilib, tuynuk og‘zi harakatchan fanera vositasida yopib qo‘yiladi. Shu tarzda barcha kataklar tozalangach, quyonxona poli toza supuriladi.

Katakni tezakdan tozalash ishlarini tezlatish uchun pol ustiga yotqiziladigan pol-panjara ostigatunuka, taxta va faneradan tayyorlangan taglik o‘rnatish mumkin (22- rasm).

 

Tezak panjara orasidan ushbu taglik ustiga tushiriladi. Agar taglik yog‘ochdan tayyorlangan bo‘lsa taxtalarning shishib, faneralar qatlamlari ajralib ketmasligi uchun polietilen suvqog‘oz bilan qoplanadi.

Dastavval katak panjarasi tozalanib, so‘ngra taglik tortib chiqariladi va unda to‘plangan tezak arava ustidagi qutiga yoki devordagi tuynuk orqali tashqariga o‘rnatilgan yashik ichiga to‘kiladi.

Yilda ikki marotaba, ayniqsa yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladigan oylarda (kuz va bahor fasllarida) kataklar dezinfeksiyalanadi. Dezinfeksiya tadbirlari turli usulda o‘tkaziladi.

 

Shaxsiy xo‘jaliklarda quyonxona, asbob-uskuna va kataklarga olovli ishlov berish usuli eng sodda va samarali usul sanaladi. Buning uchun oddiy payvandlash lampasi yoki gaz gorelkasi qo‘llaniladi. Katakning astoydil tozalangan yog‘ochlariga och qo‘ng‘ir tus olganga qadar olov vositasida ishlov beriladi. Ayni paytda barcha ehtiyot choralari ko‘rib qo‘yilgan bo‘lishi lozim, aks holda mudhish hodisa ro‘y berishi mumkin. Yodda tuting! Quyonxona ichi va yaqinida tamaki chekmang.

Kimyoviy moddalardan xlorli ohak keng tarqalgan. Ushbu modda 10% eritma ko‘rinishida qo‘llanilib, keng cho‘tka yoki yumshoq supurgi yordamida quyonxona devorlari, kataklar va asbob-uskunaga sepib qo‘llaniladi.

Katak, asbob-uskuna, oxur va suvdonlarga quyon uchun umuman zararsiz, biroq kasallik tarqatuvchi mikroblarni deyarli butkul yo‘q qiluvchi kul ishqori bilan ham ishlov berish mumkin. Bunday ishqorni tayyorlash uchun qaynayotgan suvga yongan yog‘ochdan hosil bo‘lgan toza kul (suv hajmiga nisbatan 1/3 qismi) solinib, 20-30 daqiqa qaynatiladi. So‘ngra eritma 2-3 qavat dokadan o‘tkazilib takror qaynatiladi va issiq holatida kataklar va asbob-uskunaga sepiladi.

Aksariyat dezinfeksion moddalarni veterinariya dorixonalaridan xarid qilib olsa bo‘ladi. Kataklar va quyonxona devorlari vaqt-vaqti bilan yangi kuydirilgan ohak bilan oqlab turilsa foydadan xoli bo‘lmaydi.

Yog‘och oxurlarga payvandlash lampasining olovi vositasida ishlov beriladi, avtotegana va avtosuvdonlarning metall, shisha va sopoldan tayyorlangan qismlarini esa yuvib, obdon qaynatgan ma'qul.

Yangi xarid qilingan quyonlar kiritilishi, mavjud jonivorlar kataklarga qayta taqsimlab chiqilishi va urg‘ochilarning ommaviy bolalashidan oldin hamda yuqumli kasalliklar qo‘zg‘algan kezlarda barcha kataklar astoydil tozalanadi.

Quyonxona, asbob-uskuna va kataklarga sanitar ishlov berish masalasiga loqaydlik bilan qarashga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Aks xolda ko‘ngilsiz voqe yuz berishi mumkin. Yodda tuting! Quyonning kasalini davolashdan ko‘ra kasallikning oldini olish ham oson va ham arzondir. Quyonlarni davolashga bir necha oy sarflash o‘rniga sanitar ishlov tadbirlariga bir necha soat ajratmoq afzaldir.

Quyonning kasallanishi va o‘limiga sabab bo‘luvchi ko‘plab zararli, kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar o‘z kuchini bir necha oy davomida saqlab turadi. Quyonxonaga bir bor kiritilib davolangan kasallik, hattoki jonivorlar tarkibi to‘la almashtirilgan taqdirda ham takror qo‘zg‘alishi mumkin.

Yangi quyon xarid qilar ekansiz (ayniqsa bozorda, begona qo‘ldan) uni quyonlaringiz orasiga qo‘shishga aslo oshiqmang. Karantin tariqasida uni bir oy davomida alohida boqing. Sog‘lom ekanligiga to‘la ishonch hosil qilganingizdan so‘ngina quyonxonaga kiritishingiz mumkin.

Quyonxona va kataklarning zax tortishiga yo‘l qo‘ymang. Aks holda zax stomatit (“ho‘l tumshuq”), pasterelloz, stafilokokkoz, koksidioz kabi xavfli yuqumli kasalliklarning qo‘zg‘alishiga olib keladi.

Quyon, o‘z tabiatiga ko‘ra, pokiza hayvonlar toifasiga mansub jonivordir. U,43 ayniqsa dam oladigan qorong‘i xonasini ozoda tutadi. Vaqt o‘tib katakning muayyan joyiga hojat chiqarishni odat qiladi. Quyonlar hojatxona sifatida katakning orqa devori yaqinidagi burchaklardan birini yoki eng baland joyni tanlashadi. Modomiki shunday ekan, jonivorlarni tozalash uchun qulay bo‘lgan joyda hojat chiqarishga odatlantirish oson kechadi. Buning uchun pol ustiga yotqizilgan pol-panjaraning kerakli burchagi (eshik yaqinidagi burchak qulayroq) ostiga kichikroq pona qo‘yilib, ko‘tariladi va u yerga quyon najasi tortib qo‘yiladi. Bu ishingiz quyonni ayni shu yerga hojat chiqarishga da'vat etadi. Bu ish quyon katagining toza tutilishiga va tozalash ishlarini yengillatishga omil bo‘ladi. Quyonxona va kataklardagi tozalik, namlikning me'yoriy darajada saqlanib borilishi, yorug‘likning yetarlicha bo‘lishi va toza havo – quyonlar salomatligi, yaxshi rivojlanishi, ko‘payishi qolaversa mehnatlaringiz unumdorligining garovidir.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!