about persons photo

Kemiruvchi va hasharotlarga qarshi kurash

November 18, 2020
+1563 ko'p
4

Sichqon va kalamushlar – yuqimli kasalliklarning asosiy tashuvchilaridir. Shuning uchun quyonxona, ferma va omborxonalarda ularning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Kemiruvchilarning paydo bo‘lishini oldini olish maqsadida yovvoyi o‘talafni o‘z vaqtida o‘tab tashlash, quyonxona atrofidagi butalarni siyraklashtirish lozim. Hududdagi chiqindi va axlatlar, eskirib ketgan jihozlar, keraksiz asboblarni muntazam chiqarib tashlash ham juda muhim ahamiyat kasb etadi. Kataklar o‘rnatilgan quyonxonalarni muttasil ta'mirlab borish zarur. Alohida e'tibor yem zaxirasi saqlanadigan omborga qaratiladi.

Kemiruvchilar yemni buzib, yuqimli kasalliklarni tarqatibgina qolmay, balki quyonchalarni ham yeb ketishadi. Ularning mavjudligi katta yoshdagi jonivorlar holatiga, ayniqsa urchish va emizdirish davrida salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ona quyonlar jonsarak va serjahl bo‘lib qolib, homila yo‘qotishlari mumkin. Xo‘jalikda kemiruvchilarning paydo bo‘lishi urg‘ochilarning o‘z bolalarini yeb qo‘yishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Kemiruvchilarga qarshi kurash uchun kukun, yopishqoq massa, ko‘pik kabi turlituman vositalar ishlab chiqilgan. Kemiruvchilar, zahar bilan ishlov berilgan joylarda bo‘lib yoki yugurib o‘tib oyoqlari va yungida ushbu zahar zarralarini ilashtirib ketishadi. Yuvinayotgan paytda esa – yutib yuborishib halok bo‘lishadi. Bunday tadbir deratizasiya deb ataladi.

Deratizasiya – epidemiologik va epizootologik xavf tug‘dirayotgan yoki iqtisodiy zarar yetkazayotgan kemiruvchilarni qirib tashlash borasida o‘tkaziladigan tadbirlar majmuasi.

Deratizasiya tadbirlari istiqomat qilish uchun mo‘ljallangan uylar, chorva mollari boqiladigan xonalar, yem tayyorlash sexi, g‘alla ombori, omborxona, bog‘, dala, yaylovda o‘tkaziladi.

Xavf va zarar ko‘proq sinantrop kemiruvchilar ya'ni kul rang va qora kalamush hamda xonaki sichqonlar tomonidan keltiriladi. Deratizasiya tadbirlari kemiruvchilar ko‘payishini oldini olish va qirib tashlash turlariga bo‘linadi.

Kemiruvchilar ko‘payishini oldini olish deratizasiyasi ularni yem va suvdan mahrum etish hamda uya tayyorlashga imkon bermaslikka yo‘naltirilgan. Bunday tadbirlar jumlasiga kemiruvchilarning xonalarga kirib kelishiga to‘sqinlik qiluvchi qurilish-texnik tadbirlar va tevarak atrofda sanitariya qoidalariga rioya etish amallari kiradi.

Qirib tashlash deratizasiyasi mexanik (qopqonlar), biologik (mushuk va o‘simliklar) va kimyoviy usullarda o‘tkaziladi. Eng sodda, samarali va arzon usul bu ratisid zaharlarining ma'lum bir miqdori bilan zaharlangan suv va oziqovqat mahsulotlarining qo‘llanilishidir. Shuningdek antikoagulyantlar ham 1% zookumarin, uning natriy tuzi, ushbu tuzning 2% spirt-moyli eritmasi, ratindan va shu kabilar) qo‘llaniladi.

Zaharlangan oziq-ovqat mahsulotlari uy hayvonlari yeta olmaydigan joylarga joylashtiriladi. Kanalizasiya kollektorlari va yer osti kommunikasiyalarida 3-4 oy davomida ta'sir kuchiga ega bug‘doyning parafinlashtirilgan donlari qo‘llaniladi.

Kemiruvchiga qarshi zaharli xo‘rak tayyorlash uchun penokumarin, zookumarin, ratindan, ruh fosfidi, ftorlangan natriy va dengiz qizil piyozi dan foydalaniladi.

1 kg zaharlangan kombikorm yoki un tayyorlash uchun 20-30 gr ratindan yoki zookumarin ishlatiladi. Ushbu moddalar sichqon va kalamushlar yemi uchun doimo aralashtirilib borilgan tarzda kiritiladi. Ushbu zaharli aralashmaga 20-30 gr shakar aralashtirilishi mumkin. Agar boshqa suv manbai bo‘lmasa, kemiruvchilarga qarshi kurash uchun zaharlangan suv ham yaxshi samara beradi.

Bunday suv zookumarinning 1% li natriy tuzidan tayyorlanadi. Uning 5-7 ml hajmiga 1 l suv qo‘shiladi. Ushbu eritmaga 10-15 gr shakar aralashtirib yuborish mumkin. 50-200 gr li xo‘raklar xonaki hayvonlar yeta olmaydigan joylarga, shoxshabbalar bilan niqoblangan maxsus teganalar yoki kemiruvchini chorlovchi qutilar ichiga 2-3 kunga joylashtiriladi.

Aksariyat hollarda zaharlangan xo‘rak uchun asos sifatida bug‘doy doni, kungaboqar urug‘i, bo‘tqa, non ushoqlari, go‘sht yoki baliq qiymasi, go‘sht-suyak uni va sut kukunidan foydalaniladi.

Zaharli xo‘rak tayyorlash mobaynida shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya qilmoq juda muhimdir. Bu boradagi ishlar uchun alohida joy (stol), zaruriy idish ajratmoq va faqat rezina qo‘lqoplarda va yuzingizga dokabog‘ o‘ralgan holda amalga oshirilishi lozim.

Zaharli dorilar xonaki hayvonlar yungiga o‘tirib qolishi, ba'zan esa ularning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin, shu bois bunday vositalardan ehtiyotkorona, zootexnika mutaxassisining bergan tavsiyalariga amal qilib foydalangan ma'quldir. Balki shuning uchun ham quyonboqarlar kemiruvchilarga qarshi vosita sifatida xo‘jalik mollari do‘konida sotiladigan tuzoq va qopqonlardan foydalanishni afzal ko‘rsalar kerak.

Sichqonlarni sut shishasi yordamida ham tutish mumkin. Shisha kemiruvchi uyasi oldiga qo‘yilib, bo‘g‘ziga qatiq surtiladi. Shishani taftish qilayotgan sichqon sirpanib tubiga tushib ketadi.

Kemiruvchilarga qarshi vosita sifatida un bilan ganch (alebastr) aralashmasidan ham foydalaniladi. Ushbu aralashma yoniga suv qo‘yib qo‘yiladi. Aralashmaga to‘yib olgan sichqon yoki kalamush suv bilan chanqovini bostiradi. Ganchning kemiruvchi ichaklaridagi narsalar va ichgan suvi bilan o‘zaro ta'sirida qotib qolishi, natijada kemiruvchi ichaklaridagi najasning yurmay qolishi oqibatida sichqon (kalamush) ko‘p vaqt o‘tmay halok bo‘ladi. Biroq kemiruvchilarga qarshi samarali kurash – kundalik profilaktik choralardir.

Yuqorida sanab o‘tilgan vositalar, misol uchun penokumarin bo‘lmasa, solidol yoki nigrol va 1% li zookumarindan yopishqoq zaharli massa tayyorlash mumkin. Zookumarin kukuni cho‘kib qolmasligi uchun aralashma yaxshilab aralashtirilib, kerakli joylarga surtib chiqiladi.

Zaharli surmalarni qalin qog‘oz, qoraqog‘oz, ruberoid tilimlariga surtib chiqish ma'quldir. Negaki bunday tilimlarni kemiruvchilar yo‘liga ko‘chirib o‘tish oson. Bunday zahar bilan har kuni kontaktda bo‘lgan kemiruvchilar beshinchi sutkaga kelib halok bo‘ladi. Kemiruvchilar uyalariga ishlov berish uchun mo‘ljallangan zaharli kukun elastik polimer shisha vositasida sepiladi.

Kemiruvchilar ko‘payishini oldini oluvchi vosita sifatida repellentlar, ya'ni o‘z hidi va ta'mi bilan kemiruvchilarni hurkitadigan moddalar qo‘llaniladi.

Bir qator kasalliklarni, avvalambor miksomatoz kabi kasalliklarni tashuvchilar – iskabtopar va chivinlardir. Mayda chivin va iskabtoparlarni haydash uchun vaqti-vaqti bilan gulxan yoqib tutun qoplash usuli qo‘llanadi.

Quyonxona va kataklar ichki devorlarining har 1 m3 yuzasiga 100 ml 0,5% li xlorofos bilan ishlov beriladi.

Quyonxona tevaragidagi go‘ng uyumlari, tindirgich, oqova tarnov, ariq va zovurlarga albatta ishlov berilishi kerak. Ularning har 1 m3 maydoniga trixlormetafos-3 ning 0,1% li 3-5 litr emul'siyasi yoki xuddi shu miqdorda polixlor-pienaning 65% li konsentratidan tayyorlangan 0,5% li emul'siyasi yoki naftalizol yoxud kreolinning 10% li emul'siyasi sepiladi.

Axlatdan tozalangan chuqurlarning har 1 m2 ga har 5 kunda xlorli ohak sepib boriladi.

Chivinlar xlorofosning 0,1% li suvli eritmasiga 2-5% shakar yoki yog‘i olingan sut qo‘shilib yo‘q qilinadi. Chivinlarning bunday xo‘ragi quyilgan idishlar xonalarning har 60-100 m2 ga qo‘yib chiqiladi.

Hasharot va jo‘laklarga qarshi kurashda quyonboqarlar tomonidan ko‘p yillardan buyon oltingugurt qo‘llaniladi. Quyonxonaga oltingugurt bilan ishlov berishdan oldin jonivorlar boshqa xonaga ko‘chiriladi. Quyonxonada mavjud barcha tirqishlar yelimlanadi yoki latta-uvada bilan bekitiladi va temir taxta yoki tovaga oltingugurt solinib qizdiruvchi vosita ustiga qo‘yiladi, quyonxonadan chiqib eshiklar zich yopiladi. Ushbu usulda, odatda, 2-3 soatdan so‘ng jamiki hasharotlar qirilib ketadi.

Quyonxonaga bunday usulda ishlov berish mobaynida yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmoq zarur.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!