about persons photo

Momiq yetishtirishga ixtisoslashgan quyonlar

October 30, 2020
+30 ko'p
2

 

Bunday zotlarning eng mashhur va mahsuldorlari – angor va oq momiqsanaladi. Momiqli quyonning mahsuldorligi organizmining mustahkamligiga bog‘liqdir. Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish joizki, oq momiq zoti chidamliligi bilan boshqa quyonlardan ajralib turadi.

Oq momiq boshining kattaligi o‘rtacha, dumaloqlashgan, quloqlari kalta, doimo tik turadi. Ko‘kragi chuqur bo‘lmaydi, bag‘baqasi yo‘q, beli keng, arkasimon, sag‘iri ham keng, mushaklari yetarlicha rivojlangan bo‘ladi.

Badanini qoplab turgan yungning 92-96% momiqdan va 8-4% tukdan iborat bo‘lib, momig‘i go‘sht-teri olishga ixtisoslashgan zotga mansub quyon momig‘iga nisbatan 1,5 barobar pishiq bo‘ladi. Momiq uzunligi 11 sm gacha, angor quyonining momig‘i esa 25 sm gacha bo‘lishi mumkin. Katta quyondan yiliga o‘rtacha 350-450 gr, yaxshi boqilgan bo‘lsa – 600-650 gr, ayrim sara jonivorlardan esa – 1000 gr momiq olinadi. Bir oyga to‘lgan quyonchalar vazni 350-450 gr bo‘lib, ikki oyda 1 kg ga yetadi.

Quyon momig‘idan tayyorlangan ashyolar sifati kashmiri, vigon' va al'pigadan tayyorlangan ashyolar sifatiga teng, ayrim jihatlariga ko‘ra esa hatto bir necha ustunliklarga ega sanaladi. Misol uchun, quyon momig‘i yuvish, quritish, tuklardan tozalash kabi qimmatga tushadigan amallarni bajarmasdan ham qayta ishlanishga tayyordir. Quyon momig‘idan tayyorlangan ashyolar ayrim davolovchi xususiyatlarga ham egadir. Bunday ashyolar misol uchun, radikulit yoki nevralgiya bilan kasallangan odamlarga tavsiya etiladi. Quyon momig‘i issiq saqlash xususiyatiga ko‘ra qo‘y junidan o‘n barobar ustun turadi.

Urg‘ochi quyonda erkak quyonga nisbatan momiq ko‘p va juda ingichka bo‘ladi. Shu sababli momiq yetishtirishga ixtisoslashgan quyonchilikda erkak quyondan nasl olish uchungina foydalaniladi xolos. Urg‘ochini boqish davomiyligi 5-6 yil. Bolalatish maromining jadalligi o‘zga zotlarga nisbatan sust, negaki ushbu zotga mansub bola emizdirayotgan quyon urchitishga quyilmaydi. Ilk bor 8 oyga to‘lgandagina urchitiladi. Momiqli quyon ko‘p bolali, biroq sutlilik darajasi go‘shtga ixtisoslashgan quyonga nisbatan past bo‘ladi. Shu sababli oq momiq uyasida 6 boshdan ortiq bola qoldirilmaydi. Yangi tug‘ilgan quyonchalarning jinsi aniqlanib, asosan urg‘ochi quyonchalar qoldiriladi. Agar jonivorlar boshini ko‘paytirish zarurati tug‘ilsa, urg‘ochini yil davomida urchitib borish mumkin. U, odatda, yanvar' oyidan may oyiga qadar, momiq yig‘ib olingach 8-10 kundan so‘ng, urug‘lantiriladi. Bir yoki ikki oy o‘tkazib urchitilish tavsiya etilmaydi. Aks holda homilador urg‘ochi bola tashlashi yoki tug‘ilgan bolalarini emizdirmay qo‘yishi mumkin. Shu bois, momiq o‘z vaqtida yig‘ib (qirqib) olinmay qoladi.

Bunda momiq sifati ham pasayib (chigallashib) ketadi. Momiqli quyonning yangi zotini chiqarish mobaynida saralash amallari qat'iy talablarga rioya qilingan tarzda, ayniqsa sog‘ligiga ko‘ra ajratib, bajariladi. Kasal quyonni yoshligidayoq, shuningdek, momiq berishga yaroqsiz bo‘lib qolgan har qanday yoshga to‘lgan quyonni ajratib olish zarur. Chunki momiq miqdori va sifati quyonning sog‘lig‘iga bog‘liqdir.

Momiqli quyon tanasida dag‘al tuk bo‘lmasligi momig‘ining tez chigallashib ketishiga olib keladi. Buning oldini olish uchun quyon tanasida yetilgan momiqni muntazam yulib borish zarur. Modomiki momiq ushbu quyon beradigan asosiy mahsulot ekan, uning toza, imkon qadar uzun, zararli aralashmalarsiz bo‘lishi uchun maxsus choralar ko‘rish talab etiladi. Buning uchun momiqli quyon katagi doimo toza va quruq bo‘lishi, tezak, kir to‘shama va yem qoldiqlaridan muttasil tozalanib borilishi darkor.

Momiq o‘sishini yaxshilash uchun quyon yemiga baliq moyi yoki trivitamin, suyak uni, bo‘r va kukun qilib yanchilgan tuxum po‘chog‘i qo‘shiladi. Bular nafaqat momiq o‘sishi va sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, balki momiqli quyonning go‘sht-teri olishga ixtisoslashgan quyonga nisbatan nozik bo‘lgan suyaklari mustahkam bo‘lishiga ham omil bo‘ladi.

Quyon momig‘i ilk bor u hayotida birinchi marotaba tulayotgan paytda yulib olinadi, kelgusida esa har 2-2,5 oyda, momiq to‘la o‘sib borgan sari yulib boriladi. Momiq, quyonning boshi va oyog‘ining sakratuvchi bo‘g‘inlaridan tashqari, tanasining barcha qismlaridan to‘la-to‘kis yulib olinadi. Momiq yulish ishlari quyidagicha bajariladi: quyonni qarshingizdagi stol yoki o‘rindiq ustiga joylashtirasiz (tizzangizga olib o‘tirishingiz ham mumkin). Uni tinchlantirgach, bosh va ko‘rsatkich barmoqlaringiz bilan boshi yaqinidagi momiqdan ozroq yulib olasiz va shu tariqa avval bel va biqinlari so‘ngra qorin sohasini tozalaysiz.

Momiq, quyonga ozor bermay oson uzilishi lozim. Uning yulinishi shu tarzda kechsa quyon zoti toza ekanligidan dalolat bo‘ladi. Negaki momiq olishga ixtisoslashgan asl zotli quyon tanasida dag‘al tuk bo‘lmaydi. Agar quyon joni og‘riyotgani sezilsa zoti asl emasligiga ikkilanmasangiz ham bo‘laveradi. Bu holda momiq taroq bilan tarab olinadi. Bolalashiga oz qolgan urg‘ochi momig‘ini yulish mobaynida nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozim. Erkak quyonning momig‘ini ham bevosita urchitishdan oldin yulib olish tavsiya etilmaydi. Yilning iliq kezlarida urg‘ochi bolalaganidan so‘ng, uyada mavjud momiq g‘aramini yig‘ib olish maqsadga muvofiqdir. Uyadan olingan momiq pichan, somon, payraha kabi begona jismlar va yem qoldiqlaridan astoydil tozala va uzunligiga qarab saralanadi.

Momiq olishga ixtisoslashmagan quyon momig‘i ham xuddi shu usulda yig‘ib olinadi. Quyonni so‘yishdan bir oy oldin momig‘i astoydil yulib olinadi. Shunday qilinsa so‘yish fursati kelgan jonivor mo‘ynasining sifati yaxshi, momig‘i chigallashmagan bo‘ladi. Yilning sovuq kezlarida (ob-havo harorati manfiy bo‘lganida) momiqli quyon issiq xonaga ko‘chiriladi. Buning iloji bo‘lmasa quyon momig‘i to‘liq yulinmaydi.

Uzunligi va tozaligiga ko‘ra quyon momig‘i to‘rt navga bo‘linadi. Quyoncha tanlab olayotganda uning holati, harakatchanligi, sho‘xligi, badanining tozaligiga e'tibor bering. Agar quyonchaning dumi kir, najas yopishgan bo‘lsa ichi buzilgan bo‘lishi mumkin. Lanjlik, kam harakatchanlik, yungining xiraligi ham quyonchaning kasalligidan dalolat beradi. Qichima va qo‘tir kasalliklariga chalinmaganligini bilish uchun quloqlarining chanoqlarini diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqing. Sog‘lom quyonchalarning quloqlari toza va yetarlicha uzun bo‘lishi lozim. Bu alomat yirik bo‘lib ulg‘ayishlariga ishora qiladi. 1,5-2 oyga yetgan quyonchalarni xarid qilar ekansiz tashqi ko‘rinishiga e'tibor bering. Soqqachaga o‘xshab ketadigan yumaloqqina quyoncha yirik bo‘lib o‘smaydi. Ozg‘in bo‘lsa ham uzun quyon tanlang. Agar 3-4 oydan so‘ng so‘yish maqsadida xarid qilayotgan bo‘lsangiz – erkagini tanlang. U, odatda, tezroq semiradi va natijada yem nisbatan kam sarflanadi.

Erkak quyonni urg‘ochidan ajratib olish qiyin emas. Quyonni qo‘lingizga olib, boshini orqa tomoningizga yo‘llang va tirsagingiz bilan biqiningizga asta qising. Quyonni qisib turgan qo‘lingiz bilan dumini yuqoriga ko‘taring. Bo‘sh qo‘lingizning bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan jinsiy a'zosi yaqinidagi teridan tutib jonivorning qorin tomoniga a'zosini tashqariga chiqarishga harakat qilib, turting. Quyon erkak bo‘lsa, yoshiga qarab 5 mm dan 10 mm gacha konussimon quvurcha ko‘rinadi. Urg‘ochining jinsiy a'zosi halqaga yoki endigina ochilayotgan gulbargga o‘xshab ketadi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!

image news
Berlinda «Yashil hafta» xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda

O'zbekiston Yangiliklari  -   01.20.2021
+ 14 ko'p
1
image news
Mahsulot yetkazib beruvchilar o‘rtasida tanlov e’lon qilindi

O'zbekiston Yangiliklari  -   01.20.2021
+ 30 ko'p
1