about persons photo

Qishga yem tayyorlash usullari

October 27, 2020
+40 ko'p
1

Avvalambor quyonni yuqori sifatli pichan bilan ta'minlash zarur. Yozda o‘rib beriladigan maysaning bir qismidan pichan tayyorlanadi. Yaxshi pichan bedadan tayyorlanadi. Quyon shuvoqni ham yaxshi iste'mol qiladi, biroq uni pichanga aralashtirib oz-ozdan bergan ma'quldir.

Quyosh nuri bilan quritilgan maysa to‘yimlilik xususiyatini yo‘qotadi shu bois u soyada baland yog‘och devor, yotqizilgan xodalar yoki taxtalar ustida quritiladi. Bunda pichan shamollab tez quriydi. Pichanni chordoqqa chiqarib taxlash mobaynida unga tuz sepib boriladi. Tuz pichanning qurimay qolgan joylarini buzilishdan asraydi.

Qichitqi o‘tni (gazandani) ko‘proq tayyorlagan ma'qul. U qurigach, bir qismi tutam qilib bog‘lanib osib qo‘yiladi, ikkinchi qismi esa maydalab chopilib, qopga solinganicha saqlanadi va kombikormga yoki boyitilgan boshqa yemlarga qo‘shib beriladi. Yoz oylarida tol, zarang, jo‘ka, chetan novdalarining bog‘lamlarini ko‘proq tayyorlash kerak. Chetan mevalari bilan birga quritilgani ma'qul.

Hajmi katta yerto‘la jihozlab, unda karam va ildizmevalar saqlash lozim. Tomorqani o‘tash jarayonida chiqqan yovvoyi o‘tlarni tashlab yuborish yaramaydi. Sho‘ra (olabo‘ta), bo‘ztikan, pechak (chirmoviq), bug‘doyiq, ixroj kabi yovvoyi o‘tlarni pichanbop qilib quritmoq lozim. Sabzavot barglari ham quritib tayyorlanadi. Quyon qishda kartoshka palagi, shuningdek sarimsoq piyoz, ukrob, kashnich kabilarning quritilgan barg va poyalarini ishtaha bilan iste'mol qiladi. Nam holatda quritilgan yerqalampir, kungaboqar va rovoch yaproqlarini ham yaxshi yeydi.

Kuzda olma, gilos, qorag‘at shoxlarini kesar ekansiz quyonga bering. Jonivor bu novdalarni deyarli batamom yeb bitiradi. Mevasi terib olingan xo‘jag‘at ham bog‘lab quritiladi. U ham juda yaxshi yem hisoblanadi. Bog‘dagi yertutga ishlov berilganida ham chiqindilarini pichan sifatida quritsa bo‘ladi. Ekinzordagi 1-2 egatga bo‘rilukkak, makkajo‘xori, rovoch kabi mo‘l ko‘k yem beradigan ekinlar eking. Bo‘rilukkakning yangi yuvilgan ildizlari, mevasi, poya va barglari yaxshi yem bo‘ladi.

Tarvuz, qovun, oshqovoq po‘choqlari ham yaxshi iste'mol qilinadi. Kartoshka po‘choqlari ham yaxshi yem bo‘lib, mog‘orlamasligi uchun quritib qo‘yiladi. Tuxum po‘chog‘i ham quritilib eziladi va oz-ozdan yemga qo‘shib beriladi. U bo‘r o‘rnini bosa oladi. Suyak ham ortiqcha emas. Pechkada oppoq bo‘lib qolganiga qadar yaxshilab kuydirilib, un darajasiga qadar tuyib yuboriladi va yemga qo‘shib beriladi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!