about persons photo

Quyon xarid qilish va u bilan muomala qilish

October 12, 2020
+26 ko'p
6

Quyonni malakali mutaxassislar ishlaydigan va qimmatli tavsiyalar olish mumkin bo‘lgan quyonboqarlar jamiyati yoki quyonchilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklardan xarid qilgan ma’quldir.

Biror-bir quyonboqar xonadonidan 2-3 oyga to‘lgan yosh quyon xarid qilingani ham yaxshi. Shunday qilinsa quyon yemining tarkibi, rejimi va boqilgan sharoitini keskin o‘zgartirib yuborilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Nasl olinadigan, yoshi urg‘ochi quyondan 2-3 oy katta, jussasi yirikroq erkak quyon ham ayni shu zotdan, lekin urg‘ochiga qarindosh bo‘lmagan, yana yaxshisi boshqa xo‘jalikdan xarid qilinishi lozim.

Quyon zotdor-u, faqat yaxshi yemlanmagan deb ishontirishga harchand urinsalar ham lanj va ozg‘in quyonni xarid qilmang. Yodingizda bo‘lsin! Sog‘lom quyon ozg‘in bo‘lmaydi!

Tumshuqchasi ho‘l (nam), qulog‘ining chanoqlari toza bo‘lmagan, dumining tagi ifloslangan quyon xarid qilinmaydi. Bo‘ynidan ushlab ko‘tarilgan sog‘lom quyon elastik prujinani eslatadi. Shalviragan zaif quyon esa – shalpayganicha osilib turadi. Jinsiy organining tashqi ko‘rinishi va holatiga e’tibor qaratiladi. Organining shakli buzilgan, toshma toshgan va shu kabi boshqa og‘ishlarga ega quyon ham xarid qilinmaydi. Oyoq tuklarining kaft ichiga yopishib qolganligi – yuqumli tumov alomatidir. Sog‘lom quyon ko‘zlari ravshan, jonli, qovoqlari shishmagan, badanidagi yung qoplamasi silliq va yaltiroq bo‘ladi.

Ayni bir sharoitga turli zotga mansub quyonlar turlicha ta’sirchan bo‘ladi. Bu esa quyonboqar ixtiyoridagi quyonxonalar va yem zaxiralari saralab qo‘llanilishi kerakligini anglatadi. Misol uchun, atrofdagi quyonboqarlar kul rang velikan zotini afzal ko‘rsalar buning zamirida iqtisodiy sabablar mavjudligini bildiradi. Agar siz hech kimda yo‘q quyon zotiga ega bo‘lsangiz jonivorlar boshini ko‘paytirish masalasini qiyinlashtirgan bo‘lasiz. Biroq, bu yangi zotlarga ega bo‘lish, ularni sinab ko‘rish mumkin emas degan ma’noni anglatmaydi.

Quyon zotining ahamiyati juda katta. Xususan, go‘shtga ixtisoslashgan yirik quyon zotining tirik vazni zoti past quyonga nisbatan 4-5 barobar ortiq bo‘lib, terisining sifati bo‘yicha ham farqi sezilarli darajada ibratomuzdir. Misol uchun, asl zotli sovet shinshillasining terisi shu qadar chiroyliki, hech qanday chatishtirish amallari bunchalik go‘zal tusdoshlik natijasini bermaydi. Shu sababli quyonboqarlikka endigina kirishgan kishi toza zotli quyon xarid qilishi va ilk kezlarda chatishtirishga oshiqmagani ma’quldir.

Keng tarqalgan mahalliy zotlardan tanlab olsangiz, quyonchilik sohasida boshlagan ishlaringiz nisbatan ishonchli kechadi. Buning sababi ayon, birinchidan, quyonni siz arzon narxga xarid qilib olasiz, ikkinchidan, uning boshini ko‘paytirish bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmaysiz, boshqalar bilan tajriba o‘rtoqlashish, zotli nasl yetishtirish va nihoyat o‘z muvaffaqiyatlaringizni qo‘shnilaringiz muvaffaqiyatlari bilan taqqoslab borish imkoniga ega bo‘lasiz.

Quyonni nasldor xo‘jaliklardan yoki qobiliyatini amalda ko‘rsatgan, urchitib beruvchi asl zotli erkak quyonlarga ega quyonboqardan xarid qilish kerak. Ularda mavjud yosh quyonlar doimo yirik, urg‘ochi quyonlari esa – sersut bo‘ladi. Ikki-uch marotaba har yili 4 marotaba bolalagan va har safar 8-10 boshdan sog‘lom bola yetishtirgan ko‘p tug‘ar quyon inidagi quyonchalarni xarid qilgan afzaldir. Nasldor xo‘jaliklardan quyon xarid qilsangiz kam tavakkal qilgan bo‘lasiz. Zero bunday xo‘jaliklarda faqat sog‘lom quyon boqilib, yangi zotlar yaratiladi. Yaxshi quyonboqar zotlar shajarasini yuritib borib, o‘z jonivorlari haqida ko‘plab qo‘shimcha ma’lumotlar berishi mumkin.

Eng jiddiy masalalardan biri – boqish uchun zot tanlashdir. Avvalambor turli zotlarning o‘ziga xos xususiyatlari, qaysi yo‘nalishga ixtisoslashganligi va iqlim sharoitiga chidamliligini batafsil o‘rganib chiqishingiz, muayyan quyon zoti ixtiyoringizdagi xo‘jalik sharoitiga mos kelish-kelmasligini aniq bilib olishingiz kerak.

Asos qilib olinadigan boshlang‘ich to‘dani to‘g‘ri tanlash undan ham muhim masaladir. Negaki jonivorlarning barchasi ham o‘z zotining munosib vakili sanalmaydi. Quyonni boqish va ko‘paytirish ishlaridagi asosiy muvaffaqiyat ko‘proq ixtiyoringizdagi to‘da ibtidosi qaysi jonivordan boshlanganligiga bog‘liq. Nasl beruvchi erkak quyon va to‘dani to‘latuvchi yosh avlodni qat’iy saralab olish amallarisiz boqish va gigiyenani yaxshilash borasidagi tadbirlar zaruriy samara bermaydi. Modomiki shunday ekan ehtiyot bo‘lishingiz, quyonlarni tavakkal xarid qilmasligingiz va dastavval tajribali quyonboqarlar maslahatini olishingiz lozim.

Quyon juda hurkak, asab tizimi nihoyatda nozik jonivordir. G‘ayrioddiy shovqin, hattoki o‘ziga tanish narsaning daf’atan paydo bo‘lishi – homilasini yo‘qotishi, bolalarini g‘ajib tashlashi yoki qo‘rqib qochar ekan o‘z bolalariga jarohat yetkazishi va shu kabi boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayniqsa bolalash arafasidagi yoki yangi bolalagan urg‘ochi quyon juda qo‘rqoq va asabiy holatda bo‘ladi. Shuning uchun quyonxona ichi va yaqinida bajariladigan barcha amallar bir maromda asta-sekin bajarilishi, begonalarning yaqin kelishi (kirishi) imkon qadar cheklanishi lozim.

Quyonlarni bir katakdan ikkinchisiga olib o‘tish, urchitish, vaznini o‘lchash kabi amallarni bajarish uchun tez-tez qo‘lga olib turishga to‘g‘ri keladi. Bu amalni ehtiyotkorona bajarish lozim. Aks holda quyonni nafaqat qo‘rqitib yuborish, balki tanasini shikastlab, terisining ostini momataloq qilib qo‘yish, muhim organlariga jarohat yetkazish mumkin.

Quyonni qulog‘idan ushlab olib yurish mumkin emas. Bunda uning joni og‘ribkina qolmay, hayotiga ham xavf tug‘iladi. Gap shundaki, qulog‘idan ushlanib tik osilib turgan fursatda quyonning ko‘krak-qursoq pardasi ichki organlar bosimiga bardosh bera olmaydi. Qorin bo‘shlig‘idagi organlar ko‘krak-qursoq pardasini tarang tortib, harakatsizlantirib qo‘yadi. Bu esa, o‘z navbatida, quyonning diafragmali nafas olish jarayonini izdan chiqaradi. Natijada qo‘lingizda osilib, nafas olishi qiyinlashgan quyon halok bo‘ladi. Ayni shu sababga ko‘ra quyonni boshi bilan yerga qarata osiltirish ham yaramaydi. Bundan tashqari osilib turgan quyon joni og‘riganligi bois qattiq qarshilik ko‘rsatib, o‘zining paylari va mushaklarini uzib yuborishi mumkin. Quyonchani bel usti terisidan tutib tashish lozim. Shunday qilinganida u ko‘proq gorizontal holatda bo‘lib, qo‘lingizni timdalay olmaydi. Katta quyonni bo‘yin va yag‘rinidagi teri burishig‘idan tutib tashish maqsadga muvofiqdir. Ayni paytda uning bo‘yni va boshi biroz ortga tortilib, kaftingizga tiraladi. Quyonni ko‘targan kishining qo‘li quyon umurtqasiga parallel, ikkinchi qo‘li esa dumg‘azasi ostidan suyab borilmog‘i lozim.

Jinsiy organini ko‘zdan kechirish mobaynida quyon, yuqorida aytilgani kabi qo‘lda ko‘tarib yurish holatida o‘ng qo‘l bilan tutib olinib, dumg‘azasiga o‘tirishga majbur qilinadi. Chap qo‘l bilan esa jinsiy organi yaqinidagi teri biroz bosiladi. Ushbu qo‘l jonivorning ortki chap oyog‘i ustidan olib borilib, u qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lganida xavfli harakatlaridan saqlab turadi. Qorni va baquvvat changallari yuzingiz tomon ag‘darilgan quyon bilan muloqot qilayotganingizda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etishni unutmang.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!

image news
Berlinda «Yashil hafta» xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda

O'zbekiston Yangiliklari  -   01.20.2021
+ 12 ko'p
1
image news
Mahsulot yetkazib beruvchilar o‘rtasida tanlov e’lon qilindi

O'zbekiston Yangiliklari  -   01.20.2021
+ 28 ko'p
1