about persons photo

Quyonchilik xo'jaligini tashkil qilish (davomi)

October 05, 2020
+960 ko'p
7

Quyon boqishga kirishishdan oldin arzon materiallardan, biroq gigiyena talablariga to‘liq javob beradigan, har taraflama qulay quyonxona va kataklar tayyorlash lozim.

Xususiy xo‘jalikda quyon boqishning usullari ko‘p. Keng saroyda erkin boqish usuli bugungi kunga qadar qo‘llanilmoqda.

Lekin bu usul o‘ziga xos kamchiliklarga ega, xususan: turli yoshdagi urg‘ochi va erkak quyonlarning aralash yashashlari sababli nasl olish jarayonini umuman nazorat qilib bo‘lmaydi; urg‘ochi quyonlar o‘z uyalarini yer qazib tayyorlashlari bois quyonchalarga yaqinlashish imkoni cheklanadi. Xulosa qilib aytganda bunday usul bilan quyon boqish foydasiz bo‘lib, sarflanadigan xarajat qoplanmaydi.

Quyonni alohida katakka qamab yoki muayyan maydonga o‘rab yoxud guruhlarga ajratib boqish usullari ko‘proq samara beradi.

2.1. Quyonxona

 

 

Kataklarning yopilmagan, ochiq joyga o‘rnatilishi muayyan o‘ng‘aysizliklar misol uchun, yem va suv tarqatish amallarini mexanizatsiyalashtirilmasdan tarzda, ob-havoning noqulay sharoitlarida bajarish kabi noqulayliklar tug‘diradi Quyonlarning quyonxonada boqilishi maqsadga muvofiqdir.

Quyonxona (1- rasm) yog‘och, metall va temir-betondan tayyorlangan saroy ko‘rinishiga ega bo‘lishi lozim. Old tomoni ichkariga qaratilib, ikki qavat o‘rnatilgan kataklar quyonxonaning yon devorlari sifatida xizmat qiladi. Ensiz devorlar esa – ikki qanotli eshiklar ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Ikki nishabli saroy tomi, kataklar ustidan biroz ko‘tarilgan, devorlariga oynalar o‘rnatilib fonus ko‘rinishida quriladi. Quyonxonadagi quyonlar shamol, yomg‘ir va qordan panada bo‘ladilar. Yem solingan idishlarni harakatlantirishga mo‘ljallangan osma yo‘laklar jihozlab, yem tarqatishni qisman mexanizatsiyalashtirish mumkin.

Shuningdek quyonxonani to‘sin, ustun, taxta va g‘ishtdan ham qurish mumkin (2- rasm). Bunday quyonxona jonivorlar uchun xavfli yelvizakni to‘sadi, sichqon, kalamush kabi kemiruvchi gazandalar va turli yirtqichlar kirishini oldini oladi. Uning poli zich, tozalash qulay bo‘lishi uchun eshik tomon nishab qilib yotqiziladi.

Quyonxona yetarlicha yorug‘ bo‘lishi, deraza, shamol almashtirish quvurlari va tuynuklar vositasida shamollatib turilishi kerak. Yorug‘lik va toza havoning yetishmasligi quyonning yung qoplamasi sifatsiz bo‘lib qolishiga olib keladi.

Binoning tomi bir nishabli bo‘lgani ma’qul. Bunday tom qishga tayyorlanadigan pichan zaxirasini quritish uchun qo‘shimcha maydon sifatida xizmat qiladi. Maysani tomga chiqarish uchun soyabonli pillapoya ayvoniga taqab qurilgan zinadan foydalaniladi. Shu yerda, ya’ni ayvon ustida, qurigan pichanni bostirib qo‘yish uchun mo‘ljallangan chordoqqa kiriladigan eshik o‘rnatiladi. Tomda qopqoqli tuynuk bo‘lsa, pichanni chordoqqa kiritish yana ham qulay bo‘ladi.

Quyonxonadan chiqadigan go‘ngni solish uchun mo‘ljallangan sirti qoplangan, qopqoqli yashik tashqi tomonga, saroy eshigi yaqiniga o‘rnatiladi. Saroyning yashik tepasidagi devorida esa eshikli tuynuk ochiladi.

Saroy ichiga asbob-uskuna va yem saqlanadigan burchak jihozlash zarur. Pichan va suputkilar saqlanadigan chordoqqa chiqish uchun tashqi tuynukdan tashqari, zina vositasida chiqiladigan ichki tuynuk ham ochiladi.

Quyonxonaning janubiy devori tomonida yosh quyonchalar uchun panjara bilan o‘ralgan yozgi yaylov tayyorlash mumkin.

Saroy eshiklari ikki qavat xususan: birinchi qavati yaxlit taxta eshik, ikkinchisi esa metall panjara ko‘rinishida tayyorlanadi. Yilning issiq kunlarida saroyning faqat panjarali eshigi yopiladi.

 

 

2.2. Kataklar va o‘ralgan maydonchalar

Quyonni, unga 1-2 haftaga yetadigan yem solib boqish uchun kataklarni takomillashtirish mumkin. Buning uchun yem solish va suv quyib qo‘yish uchun mo‘ljallangan tegishli moslamalar zarur bo‘ladi.

Yosh quyonlar uchun quyonxonaning ichki devorlari bo‘ylab jihozlangan o‘ralgan maydonchalar o‘rtasida ona (yoki homilador) quyonlar uchun mo‘ljallangan kataklar o‘rnatiladi (3- rasm). Quyonxona maydonidan samarali foydalanish maqsadida ushbu katak va maydonchalar ikki, hatto uch qavat qilib tiklanadi. Ularni turli materiallardan tayyorlanish mumkin. Bunda, yuqori qavatdagi katak va maydonchalardan quyi qavatlardagilarga najas tushmasligi va siydik tommasligiga erishmoq lozim.

 

 

Yuqorida zikr etilgan, ya’ni quyonga 1-2 haftaga yetadigan yem solib boqiladigan kataklar qanday talablarga javob berishi kerak?

Katak tug‘ruqxonasi 40x70x60 sm, yorug‘ bo‘limi esa – 60x70x60 sm o‘lchamlarda tayyorlanadi. Yorug‘ bo‘limda pichan va maysa solish uchun oxur, tegana va avtosuvdon o‘rnatiladi. Taxta yoki metall to‘rdan tayyorlangan pol-panjara yorug‘ bo‘limda yaxlit poldan 10-15 sm, tug‘ruqxonada esa – 5-10 sm ga ko‘tarilib yotqiziladi.

Yaxlit pol va pol-panjara orasida bir oylik go‘ng yig‘ilishi mumkin. Ushbu vaqt davomida katak ichi toza turadi. Biroq, kunlar isiganida panjara ostidagi go‘ngni tez-tez tozalab turmoq afzaldir. Negaki chirib borayotgan tezak o‘zidan quyon uchun zararli gaz ajratib, qurtlab ketadi.

Katak tug‘ruqxonasining poli ustidagi taxtali (simli) pol-panjarani yorug‘ bo‘limga nisbatan 5-10 sm pastroq qilib yotqizish yoki urg‘ochi bolalashidan oldin uni olib qo‘yish yoxud tubini yuqoriga qaratib, polga zich yotqizish kerak. Shundan so‘ng urg‘ochi o‘z bolalariga uya yasashi uchun qalin to‘shama solinadi (yoki qo‘shimcha quti kiritiladi).

Yem beriladigan bo‘limning ortki devoriga, biri kombikorm va yana biri shirador yemlar, ovqat chiqindilari hamda suyuq aralashmalar uchun mo‘ljallangan ikkita tegana mahkamlanadi. Ikkala tegananing eni 20 sm, uzunligi oxurdan to‘siqqacha keladigan umumiy qopqoq bilan yopiladi. Ona quyon vaqti-vaqti bilan ushbu qopqoq ustiga chiqib, ulg‘ayib borayotgan bolalaridan qochib dam oladi.

Katta quyonni boqish uchun mo‘ljallangan ikki bo‘limga ega kataklarning o‘lchamlari standart bo‘ladi. Katakning umumiy uzunligi 120 sm, eni 70 sm, balandligi 60 sm. Yosh quyonlar uchun ham ikkiga bo‘lib o‘ralgan maydonchalar tayyorlangani ma’qul. Shunday qilinsa, quyonlarni ushbu bo‘limlarning biriga qamab, ikkinchisini tozalash oson kechadi.

Onasidan ajratib olingan yosh quyonlar guruhi uchun o‘ralgan maydoncha poli metall to‘rdan tayyorlangan bo‘lsa har bir quyonga 0,15 dan 0,20 m.kv. gacha, yaxlit taxtali bo‘lsa 0,20 dan 0,30 m.kv. gacha maydon to‘g‘ri kelishi lozimligini hisobga olish kerak. Agar kataklar maydonlarini standart o‘lchamlarda qoldirish mumkin bo‘lsa, teganalar 5-10 barobar katta tayyorlanadi.

Dag‘al yem uchun mo‘ljallangan oxurlar katak tashqarisiga o‘rnatiladi. Katakdagi ovqatlanish bo‘limining ortki devori va o‘rtadagi to‘siqqa don, kombikorm, shirador yem, ovqat chiqindilari uchun mo‘ljallangan sig‘imdor teganalar va avtosuvdon o‘rnatiladi (5 rasm). Ushbu moslamalar ko‘p joy egallanmay, katak devorlariga poldan muayyan balandlikka ko‘tarilib mahkamlanadi.

Homilador va emizadigan urg‘ochilar uchun mo‘ljallangan kataklarga alohida e’tibor qaratmoq lozim. Bunday kataklar ikki bo‘limdan, ya’ni teshik-derazasiz yaxlit eshikka ega tug‘ruqxona va panjarali eshikka ega ovqatlanish bo‘limidan tashkil topishi lozim. Ikkala xonani bo‘lib turuvchi devorda 18x18 sm keladigan tuynuk ochib qo‘yiladi.

Quyonxona devorlaridan biri bo‘ylab yosh quyonni ulg‘aytirish uchun mo‘ljallangan 2-3 qavat kataklar o‘rnatish yoki maydonchalar o‘rash mumkin. Uzunligi 5 m keladigan saroyda 6 tagacha (ya’ni har bir qavatida ikkitadan) maydonchalar tayyorlash mumkin. Bitta maydonchaning o‘lchami: uzunligi 160 sm, eni 80 sm balandligi 50 sm keladi. Bitta o‘ralgan maydoncha egallaydigan joy 12800 sm.kv. Me’yorlarga ko‘ra katakdagi har bir quyon uchun 0,15-0,20 m.kv. maydon bo‘lishi lozimligi nazarda tutilsa, har bir o‘ralgan maydonchada 6 tadan 9 tagacha quyon boqish mumkin. Qurilishni kataklar uchun eni 70 sm, o‘ralgan maydonchalar uchun esa 80-90 sm keladigan devordan eshik tomon biroz og‘dirilgan, bir necha qavat tokchalardan iborat ochiq javon tiklashdan boshlamoq afzaldir. Pastki tokcha quyonxona yeridan 40-50 sm ga ko‘tarilib mustahkam tayanchga qotiriladi. Uning ustiga balandligi 75 sm keladigan ikkinchi tokcha, so‘ngra xuddi shunday bo‘yli uchinchi tokcha taxtalarga suyab mahkamlanadi. Uchinchi qavatning tomi sifatida quyonxona tomi xizmat qiladi. Tokchalar qoraqog‘oz, tunuka, linoleum yoki shunga o‘xshash boshqa nam tortmaydigan material bilan qoplanadi. Har bir tokcha chetiga siydik oqib ketishi va najas dumalab tushishi uchun mo‘ljallangan tunuka nov mahkamlanadi. Shundan so‘ng tokchalar katak va o‘ralgan maydonlarga taqsimlanadi. To‘rdan tayyorlangan eshiklar po‘lat burchaklardan payvandlab tayyorlangan yoki yog‘och kesakilarga mahkamlanadi. Kataklarning devorlari va eshiklariga tegana va avtosuvdonlar biriktiriladi. Katak polidan 10-15 sm balandlikda yechib olinadigan, taxta pol-panjara yoki metall to‘r yotqiziladi. Taxta pol-panjara oraliqlari 1,5-2 sm bo‘lishi kerak. Metall to‘rning kataklari 2x2 sm ga teng qilib tayyorlanishi yoki 1,6x4,8 sm katakli maxsus to‘r bo‘lishi lozim. Gorizontal holatda yotqizilgan pol-panjara quyonni o‘z najasi va siydigi bilan ifloslanishiga to‘sqinlik qiladi. Pol-panjara ostiga to‘plangan tezak maxsus qirg‘ich vositasida metall yoki yog‘och yashik ichiga olib tashlanadi.

Nasl beruvchi erkak quyonlarga ham xuddi shu singari kataklar tayyorlanadi.

Homilador va ona quyonlar uchun kataklar quyonxona markazida, ya’ni harorat nisbatan iliqroq bo‘lgan joyda, o‘ralgan ikki qator maydonchalar orasida o‘rnatiladi.

Quyonxona ichini tozalashga to‘sqinlik qilmasligi uchun markaziy kataklar quyonxona shiftiga perpendikulyar qilib mustahkam qoqilgan taxtalarga mahkamlanadi. Natijada kataklar go‘yo osib qo‘yilgandek ko‘rinadi. Bunday quyonxonada yil davomida 100 dan ortiq quyon yetishtirish mumkin.

 

 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!