• Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Quyonni nafaqat qishloq xo'jaligi va fermalarda balki xonadoningiz tomorqa xo'jaligida ham yetishtirish mumkin.
about persons photo

Quyonni nafaqat qishloq xo'jaligi va fermalarda balki xonadoningiz tomorqa xo'jaligida ham yetishtirish mumkin.

October 03, 2020
+0 ko'p
6

Quyonning biologik xususiyatlari

Quyon o‘simlikxo‘r kemiruvchilar oilasiga mansub jonivordir. Jinsiy va jismoniy jihatdan 3-4 oyga to‘lganida yetiladi. Urg‘ochi quyonning homiladorlik davri 29-31 kun davom etadi.

Tuksiz tug‘ilgan quyoncha tanasi momiq bilan hayotining birinchi haftasi davomida burkana boshlaydi, 9-, 10- kunga kelib ko‘zi ochiladi, 15-20 kundan keyin inidan chiqib, onasi iste’mol qilayotgan yemdan ta’tiy boshlaydi. Biroq, toki ajratib qo‘yilganiga qadar onasini emishda davom etaveradi. 18-20 kun o‘tgach sut tishlarining almashinish jarayoni boshlanib, ushbu jarayon birinchi oy oxirida yakuniga yetadi. Aksariyat ona quyonlar sersut bo‘lib, kam bezovta qilinsa, bolalari uzoq vaqt o‘z inlarida qolaveradi.

Yangi bolalagan urg‘ochi 2-3 kundan so‘ng jinsiy mayil bildirib, takror urug‘lanishi mumkin. Quyonboqarlar quyonning ushbu xususiyatidan, jonivorlar boshini ko‘paytirish maqsadida unumli foydalanadilar.

Quyon butun hayoti davomida tulab boradi. Tulash jarayoni:

ilk bor – quyoncha bir oyga to‘lganida;

ikkinchi marotaba – 3,5-4,5 oyga to‘lganida;

uchinchi bor – 7-7,5 oyga to‘lganida bo‘lib o‘tadi.

Bundan tashqari mavsumiy, ya’ni bahor va kuz oylarida ham tulash jarayoni bo‘lib o‘tadi.

Quyonni bo‘rdoqiga qo‘yish va so‘yish mobaynida tulash jarayonini hisobga olmoq lozim. So‘yish fursati yetganida quyonning mavsumiy yoki yoshi bo‘yicha tulash jarayonlari yakuniga yetgan bo‘lishi darkor.

Tulash mobaynida quyon momig‘i oson ajraladi. Momiq olish uchun mo‘ljallangan quyon zotini yetishtiruvchi quyonboqarlar jonivorning ushbu xususiyatini bilishi kerak. Bunday zot momiqlari har 2-2,5 oyda yulib olinadi.

Yaxshi boqilgan to‘rt oyli quyon vazni 3-3,5 kg ga yetadi. Ya’ni, tug‘ilgan fursatiga nisbatan 60 barobar og‘ir bo‘ladi.

Quyonning hid bilish qobiliyati ko‘rish qobiliyatiga nisbatan sezilarli rivojlangan. Ona quyon bolalari orasiga begona quyonchalar qo‘shib qo‘yilganida, ularning ranglaridan qat’iy nazar hidiga ko‘ra ajratib olib, nobud qilishi bilan ushbu xususiyat o‘z tasdig‘ini topadi. Quyon yemni ham hidiga ko‘ra ajratib qo‘yadi. Yemning yangi turiga ehtiyotkorona munosabat bildirib, hidiga ko‘nikishi uzoq kechadi. Jonivorni yemning yangi turiga o‘rgatish amali kishidan sabr-toqat talab qiladi.

Quyon tabiatan o‘z uyasini yer qazib tayyorlaydi. Shu bois ham katakka qamalgan homilador quyon, bolalashdan oldin, katakning eng pastqam va qorong‘i joyini qidiradi. Modomiki shunday ekan, katak tug‘ruqxonasining eshigi yaxlit, ya’ni teshik-derazasiz bo‘lishi, poliga o‘rnatiladigan panjara esa yorug‘ xonadagiga nisbatan pastroq qilib yotqizilishi yoki umuman olib qo‘yilishi lozim.

Ona quyonning sutliligi yangi tug‘ilgan bolalarining holatiga ko‘ra belgilanadi. Sersut urg‘ochining quyonchalari uyada tinch yotib, tanachalari dumaloq, terilari ajinsiz silliq va yaltiroq bo‘ladi. Bunday quyonchalar tez o‘sadi.

Quyonning sutliligini boshqacha usul qo‘llab, ya’ni bolalagan urg‘ochini beliga yotqizib, sut bezlarini barmoqlaringiz bilan ezib ko‘rib ham aniqlashingiz mumkin. Urg‘ochi sersut bo‘lsa, yelinidagi sut yirik tomchi5 ko‘rinishida sizib chiqadi.

Sutlilik darajasiga parvarish sharoiti, yem sifati, quyonning yoshi, zoti, nechanchi bor bolalaganligi, yil fasli kabilar ta’sir ko‘rsatadi.

Yoz faslida ko‘k va shirador yem-xashak miqdori ko‘p bo‘lishi bois ona quyon sersut bo‘ladi.

Ona quyonning maksimal sersutlik davri 3-4 marotaba bolalaganidan so‘ng keladi. Uning haddan tashqari semirib ketishi va kam harakatchan bo‘lishi sutlilik darajasining pasayib ketishiga olib keladi Semirib ketgan urg‘ochi urug‘lanish va bolalash qobiliyatini yo‘qotadi. Buning oldini olish uchun esa jonivorga beriladigan yuqori oqsilli (don, kombikorm kabi) yemlar miqdorini kamaytirib, ko‘k va shirador yemlar miqdorini oshirish, ko‘proq harakatlanish imkonini yaratish lozim.

Quyon, ayrim jonivorlar kabi, tunda va erta tongda chiqargan najasini iste’mol qiladi. Bu holat fanda koprofagiya deb ataladi. Kunduz kungi najas – qattiq, quruq va soqqasimon, tungi najas esa – yumshoq va nam bo‘lib, soqqalar shakli buzilgan kichik to‘plamlar ko‘rinishiga ega bo‘ladi. Tungi najas tarkibidagi protein kunduz kungi najasga nisbatan 3,5 barobar ortiq bo‘ladi, to‘qimalar miqdori esa 2 barobar kam bo‘lib V guruhiga mansub vitamin va minerallarga boy bo‘ladi. Yumshoq (tungi) najas quyonxona ichida deyarli ko‘rinmaydi, negaki quyon uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z orqa hojat yo‘lidanoq iste’mol qilib yuboradi. Buning uchun u old oyoqlarini ikki yonga tashlab egiladi va tumshuqchasini orqa oyoqlari orasidagi hojat teshigiga yetkazadi.

Yosh quyonchalarda koprofagiya, odatda, 23-24 kun o‘tgach, ona sutidan tashqari boshqa yemlar bilan ham oziqlana boshlaganidan so‘ng namoyon bo‘ladi.

O‘z najasini iste’mol qilishdan mahrum bo‘lib o‘sayotgan quyonchalarning ulg‘ayishi, najasi bilan oziqlanadigan quyonchalarga nisbatan sekin kechadi. O‘z najasini iste’mol qilishdan mahrum bo‘lgan urg‘ochi quyonning homiladorligida hamda homilasining rivojlanishida og‘ishlar ro‘y berishi kuzatilgan.

O‘zining tungi najasini iste’mol qilishi quyon uchun sog‘lom fiziologik holat bo‘lib, oshqozonidagi yemning yaxshi hazm bo‘lishi, organizmiga qo‘shimcha oqsil va vitaminlar singishini ta’minlaydi. Lekin, quyon najasida kasallik tarqatuvchi mikroblar ham bo‘lishi mumkinligini yodda tutmoq lozim, shu bois quyonning kasallikka chalinishini oldini olish maqsadida quyonxona va kataklarning sanitar holati namunali tutilishi lozim.

 
 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!