about persons photo

Quyonni ovqatlantirish uchun mo‘ljallangan moslamalar

November 02, 2020
+262 ko'p
2

 

Quyonni 1-2 haftaga yetadigan yem berib boqish uchun mo‘ljallangan kataklarga yarimavtomatik tegana va avtosuvdonlar o‘rnatish kerak bo‘ladi. Bunday moslamalar quyonning yemga yetishini osonlashtirib, yemning ifloslanishi, to‘kilishi va sochilib ketishining oldini oladi. Ularning tuzilishi sodda bo‘lib, har qanday quyonboqar tomonidan oson tayyorlanishi mumkin. Oxur-tegana. Pichan, maysa, supurgi va mayda shox-shabba solish uchun mo‘ljallangan.

Ovqatlantirish bo‘limining yon devori yalpi eni bo‘yicha polga yotqiziladigan pol-panjara sathidan 5-10 sm balandlikda ochiq qoldiriladi. Devor o‘rniga har 4-5 sm oraliqda diametri 5-6 mm keladigan simlar vertikal yoki burchagi katak ichiga yo‘naltirib o‘rnatiladi. Tashqi tomonga esa og‘ma to‘rga ega bunker jihozlanadi.

Qishda 3-4 bosh quyon tinch holatda qoldirilganida, ya'ni bo‘rdoqiga qo‘yilmagan yoki bolalatishga tayyorlanmagan bo‘lsa, ularning holidan bir oyda bir marotaba xabar olinishi kifoyadir. Buning uchun pichan solishga mo‘ljallangan qo‘shimcha oxur pichanga to‘ldiriladi. Teganalar ham yemga to‘latiladi, katak ichiga supurgilar osib qo‘yilib, kattagina muz bo‘lagi va yangi kesilgan shox-shabbalar kiritiladi.

Qo‘shimcha oxur-tegana quyidagicha tayyorlanadi. Ovqatlantirish bo‘limining yuqorida aytilgan panjarali devori o‘lchamiga mos keluvchi metall (yoki yog‘och) panjara, simlari har 4-5 sm oralig‘ida vertikal o‘rnatilib tayyorlanadi. Ushbu panjaraning bir tomoni katak devorining pastki qismiga sim halqalar bilan biriktiriladi. Ikkita prujina olinib, bir uchi tayyorlangan panjaraning yuqori qismiga, ikkinchi uchi katak devorining tashqi, tepa burchagiga mahkamlanadi.

Shundan so‘ng hosil bo‘lgan qo‘shimcha oxur taxminan 450 burchak hosil qilingan tarzda tortilib, tirkovchi tayoq bilan tirab qo‘yiladi. Oxur pichan bilan zich to‘latilgach tayoq olib qo‘yiladi. Qo‘shimcha oxurdagi pichan iste'mol qilib borilgani sari panjarasi prujinalar yordamida katak tomon yaqinlashib kelaveradi va asosiy oxurga kelib qadaladi. Qo‘shimcha oxur o‘rnatilayotgan paytda simlari asosiy oxurning simlari qarshisiga yoki bevosita yaqiniga to‘g‘ri kelishiga e'tibor qaratmoq lozim, aks holda bir-biriga qarama qarshi turgan ikki oxurning simlari orasidagi masofa 4-5 sm emas 2 sm bo‘lib qolishi mumkin bo‘lib, quyonlarning pichanga yetishlari murakkablashadi.

Sochma yem uchun mo‘ljallangan tegana usti keng, tagi toraytirilgan, ovqat chiqindilari va shirador yemlar uchun mo‘ljallangan tegana esa usti toraytirilgan tagi keng bunker ko‘rinishida tayyorlanadi. Bunday shakl yemning tegana ichida tiqilib qolmasligini ta'minlaydi. Kataklar va quyonxona ichini tozalash uchun ham asbob-uskuna kerak bo‘ladi.

Katak ichiga yotqizilgan pol-panjara va kataklarni go‘ng va yem qoldiqlaridan tozalash uchun soplari qisqa va uzun qirg‘ich, belkurak, xokandoz, chelak yoki tog‘ora darkordir. Quyonxonani tozalash uchun yertaroq, go‘ng soladigan katta kurak, go‘ng chiqarish uchun maxsus idish yoki quti o‘rnatilgan aravacha va dag‘al suputki kerak bo‘ladi.