about persons photo

Quyonni to'g'ri boqish

November 02, 2020
+41 ko'p
1

Quyon tabiatiga ko‘ra kemiruvchilar sinfiga mansub hayvondir. Uning oldingi (kurak) tishlari butun hayoti davomida o‘sib borib, ularni charxlab turish, ya'ni biror-bir narsani muttasil kemirib turishga ehtiyoj sezadi. Aks holda, bu tishlar quyon o‘z og‘zini yopa olmaydigan darajaga qadar o‘sib ketishi mumkin.

Agar quyon och qolsa to‘g‘ri kelgan narsani yeb qorin to‘ydirishga majbur bo‘ladi va odatda, katak yog‘ochini (eshik kesakisini) g‘ajiydi. Yemida tuz yetarli bo‘lmasa ham katakdagi siydik (ammiakli tuzlar) singib ketgan taxta va yog‘och to‘shamalarni g‘ajiy boshlaydi. Bunday holat quyonning minerallarga ehtiyoj sezayotganini anglatadi.

Quyon juda badnafs bo‘lib, kunduz kuni ham tunda ham yem yeb to‘ymaydi. Buning sababi – juda tez voyaga yetishi va tez-tez bolalab turishidir. Shu bois ham u turli-tuman yemlarga ehtiyoj sezadi.

Quyon boqishni to‘g‘ri tashkillashtirish uchun, uning turli yemlarga ehtiyoj sezishini inobatga olgan holda, kam xarajat sarflab, jonivor ishtahasini to‘la to‘kis qondiradigan, boqish bilan bog‘liq boshqa barcha jarayonlarning muvaffaqiyatli o‘tishini ta'minlaydigan rejim o‘rnatmoq kerak. Shularga asoslangan holda quyonga dag‘al yemlar to‘yguncha, ozuqa moddalariga to‘yintirilgan yemlar esa – belgilangan me'yorlarga amal qilgan holda berish lozim. Bitta quyonga 5-6 kunga yetadigan u yoki bu yemni oxurga qancha solish kerakligini bilish uchun yemning ozuqa birligida o‘lchanadigan to‘yimlilik darajasini bilish zarur.

Ozuqa birligi deb 1 kg o‘rta sifatga ega sulining to‘yimliligi qabul qilingan. Boshqa barcha yemlarning to‘yimliligi sulining to‘yimliligi bilan taqqoslanadi. Misol uchun, to‘yimlilik 1 kg pichanda 0,2, silosda 0,15-0,2, kunjara va donli yemda 1 ozuqa birligiga teng bo‘ladi.

Quyonga beriladigan asosiy yemlar jumlasiga: 

ko‘k o‘tlar (maysa va ildizmevalar palagi, karam bargi, makkajo‘xori poyasi va bargi);

 shirador yemlar (ildizmevalar, poliz va bog‘ mahsulotlarining chiqindilari, silos); 

dag‘al yemlar (pichan, somon, shox-novdalar); kuchli boyitilgan yemlar (arpa, suli, bug‘doy, makkajo‘xori, dukkakli o‘simliklar doni va ularning chiqindilari ya'ni:

 kepak, kunjara, taxtakunjara, kombikorm); qumoqlangan donador yemlar (o‘t-alaf uni, kunjara, don chiqindilari, go‘shtsuyak yoki baliq uni va mikroelementlar);  minerallar (tuz, bo‘r, suyak uni) kiradi.

Diqqat! Quyonga zaharli giyohlar berilmaydi. Zaharli giyohlar jumlasiga bangidevona, ayiqtovon, zangpoya (bodiyona rumi), oq maralquloq, sariq ayiqtovon, qoncho‘p kabi ayrim yovvoyi o‘tlar kiradi.

Yoz oylarida quyon uchun asosiy yem sifatida turli-tuman ko‘katlar, misol uchun: maysa, daraxt va butalarning barg va novdalari, barg poya, palak va boshqa poliz chiqindilari xizmat qiladi. Unga ayniqsa novdali yem berish samaralidir.

Quyon barcha mevali daraxtlarning shoxlarini, tol, jo‘ka, terak, yong‘oq, qayin, akas, qayrag‘och novdalarini, sabzi, rediska, kungaboqar barglarini, karam kabi o‘simliklarni juda zo‘r ishtaha bilan iste'mol qiladi.

Barcha ekiladigan ko‘katlar quyon uchun yaxshi yem hisoblanadi. Quyon achchiq va xushbo‘y o‘simliklarni, jumladan shuvoq (yovshan), dastorbosh (bo‘yimardon), sachratqi, yovvoyi chetan, ukrop kabilarni xush ko‘radi. Ushbu o‘simliklarni yemining tarkibiga kiritilishi juda foydalidir. Negaki bu o‘simliklar gijjali kasalliklarning oldini olib, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq bezlar faoliyatini jadallashtiradi, demakki quyon ishtahasini ham ochadi.

Sarimsoqning qurigan poyasini ham quyon ishtaha bilan iste'mol qiladi. Uni ayniqsa ulg‘ayib borayotgan yosh quyonchalarga, birinchi navbatda stomatit va oshqozon-ichak kasalliklarini oldini olish maqsadida berish foydalidir. A'lo vitaminli yem sifatida gullaguniga qadar o‘rib olingan va tutamlar ko‘rinishida soyada quritilgan qichitqi (gazanda) o‘t xizmat qiladi. Qichitqi o‘t pichani protein moddasiga boy bo‘lib ma'lum darajada kuchli yemlar o‘rnini bosadi. Qichitqi o‘t birinchilardan bo‘lib bahorda ko‘karib chiqadigan va rivojlanadigan o‘tlardan biridir. Ko‘k o‘tlarga o‘tish mobaynida jonivorlarni ayni shu o‘t bilan boqish lozim. Quyon og‘zi shilinmasligi uchun chopib, yanchib beriladi.

Qichitqi o‘t bilan bir vaqtda tol ham ko‘kara boshlaydi. Yosh quyonchalarni hali onalarini yemayotgan davrlarida tolning ko‘k novdalari bilan boqish kerak. Negaki u quyonchalarni ich ketishdan saqlab, najasini qotirib turadi. Tol novdalarini quyon yaxshi iste'mol qilib, ko‘k o‘tga o‘tish uchun qulay omil hisoblanadi. Erta bahorda yoziladigan barglarni ham jonivorlar zo‘r ishtaha bilan yeydi.

Qish oylari va erta bahor kezlarida vitaminli yem va sut keltiruvchi vosita sifatida emizdiruvchi urg‘ochiga biror-bir ildizli mevalardan, misol uchun sabzi, qizilcha, xashaki sholg‘om va shu kabilarni berib borish kerak. Chetan mevalari yaxshi vitamin sifatida xizmat qiladi. Kuzda esa karam juda foydali yem hisoblanadi.

Quyon tomorqa ho‘jaliklarida boqilganida arzon va oson yetishtiriladigan, odatda, qor qoplami yer yuzasida turg‘un yotadigan kunlarga qadar mo‘l bo‘ladigan ko‘k yemlar bilan ovqatlantirish foydalidir. Kech kuzda quyon sabzavotlarning yaproqlarini, sallagul, gladiolus, sarsabil, qulmoq va shu kabi manzarali gullarning qurigan poyalarini juda yaxshi iste'mol qiladi. Xarobazor yerlarda qorning qalinligiga qaramay qichitqi o‘t, shuvoq, sho‘ra (olabo‘ta) kabilarning qurigan poyalarini yig‘ib olsa bo‘ladi. To‘yimliligi yozda tayyorlangan pichanga nisbatan sezilarli past bo‘lishiga qaramay quyonlar ushbu o‘tlarni zo‘r ishtaha bilan iste'mol qiladilar.

Ko‘k maysalar davri nihoyasiga yetganida (noyabr oyi oxirida) boyitilgan, qumoqlangan va mineral yemlarga o‘tiladi. Bu vaqtga kelib so‘yiladigan quyonlar bo‘rdoqiga qo‘yiladi, ovqat tarkibiga kombikorm va donli yemlar ko‘p miqdorda kiritiladi.  

Qishda daraxt shoxlari bilan birga pichan ham beriladi. Quyonlar shoxlarning po‘stloqlarini g‘ajiydi, yog‘ochini esa o‘tin sifatida ishlatish mumkin. Yem tarkibiga shox-shabba qo‘shilsa pichan sezilarli (50-60%) miqdorda tejaladi. Quyon, yuqorida zikr etilganday, dag‘al va shirador yemdan tashqari boyitilgan yem va minerallarga ehtiyoj sezadi. Don o‘rniga turli-tuman don chiqindilari, mayda kartoshka yoki uning po‘choqlarini berish mumkin.

Yemlar asosan quruq holatda beriladi. Biroq no‘xat, yasmiq, xashaki no‘xat, makkajo‘xori, kunjara chiqindilari qiyin chaynalishi bois oxurga solishdan bir necha soat oldin suvga solib bo‘ktiriladi. Kepak, kombikorm, un chiqindilari ham biroz tuzlangan suvda ivitilib, qaynatilgan kartoshka yoki don aralashtirib beriladi.

Ildizmevalarni berishdan oldin obdon yuvish, chirigan joylarini kesib tashlash va taxminan 100 gr dan keladigan bo‘laklarga to‘g‘rab chiqish lozim. Bunday bo‘laklarning sifatini tekshirib chiqish oson bo‘lib, oxurlarga solish qulay, qishda esa yaxlab qolishi qiyin kechadi.

Qanday yem berilmasin u yaxshi sifatga ega bo‘lishi va toza idishlarga solib berilishi kerak. Achigan, mog‘orlagan, bo‘rsigan (nam tortgan) yemni berish aslo mumkin emas. Aks holda quyonlar yoppasiga oshqozon-ichak kasalligiga chalinishi, ayniqsa yosh quyonchalar nobud bo‘lishi mumkin. Bunday yemni astoydil qaynatib bergan ma'qul.

Quyonni sutkada ikki marotaba: erta tong va kechki paytda boqish darkor. Agar buning iloji bo‘lmasa, bir haftaga yetadigan yem solib berishingiz mumkin. Ko‘k maysa bog‘lari bir hafta davomida po‘panak bosib qolmasligi uchun oxurlarga solishdan oldin ochiq havodagi soyada biroz quritilishi kerak.

Shuningdek, teganalarga boyitilgan yemlar solinib, nam aralashmalar misol uchun, mayda kartoshka yoki po‘chog‘ining qaynatilgani yoxud atala quyib beriladi. Shu bilan birga bir necha siqim kombikorm, ovqat chiqindilari qo‘shib beriladi.

Bularning bari yaxshilab aralashtirilib, tuzlanadi va har 1 kg ga 2 gr dan bo‘r va suyak uni qo‘shib yuboriladi. Ushbu aralashmaga maydalangan qichitqi o‘t, poxol kukuni yoki baqato‘n qo‘shib berilishi mumkin. Bundan tashqari, obdon yuvilgan qizilcha, sabzi kabi ildizmevalar ham kataklarga solib chiqiladi. Nam aralashma havo harorati sovuq bo‘lgan kezlardagina beriladi. Chunki u iliq kunlarda tez buziladi (achiydi, mog‘or bosadi). Aralashma yaxlab qolmasligi uchun teganalarga oz-ozdan solinib, ustiga quruq kombikorm solinadi.

Quyonlarga bir haftaga yetguli beriladigan yem miqdori ularning yoshi, soni, semizligi kabi mezonlarga bog‘liq bo‘lib, har bir quyonboqar tomonidan tajriba yo‘li bilan aniqlanadi. Agar siz oxurlarga bir haftaga yetadigan yem solgan bo‘lsangizda, qaytganingizda qolmagan bo‘lsa, quyonni oshqozon-ichak kasalligini qo‘zg‘atmay ehtiyotkorona boqishga kirishing. Bunday holatda ularga yangi o‘rilgan maysa bermang. Oz-ozdan yem bering. Quyonlarning ochligini aniqlash uchun ularni diqqat bilan kuzatib tursangiz kifoya. To‘q quyon o‘zini vazmin tutadi, och qolganlari esa eshik oldida bezovta to‘planib sakraydi, katak ichida u burchakdan bu burchakka tartibsiz yugurishadi. Ularning bunday harakatlari och qolganlariga ancha vaqt bo‘lganligidan dalolat beradi.

Shuni ham nazarda tutmoq lozimki, quyon ko‘nikib qolgan yemdan boshqa yemga qiyin odatlanadi. Yangi yemni sochib tashlab, oyoq osti qiladi. Shuning uchun ham quyonni yangi yemga muayyan izchillik bilan, dastavval quyon odatlangan yemga ozroq, keyinchalik miqdorini asta-sekin oshirib ko‘niktirish lozim. Yozda quyonni yaylovda boqish mumkin. Buning uchun yengil, tubi yo‘q ko‘chma kataklar tayyorlash kerak (11- rasm). Ichiga quyonlar kiritilgan bunday katak

maysa ko‘p joyga o‘rnatiladi. Maysa yeb tugatilgach, katak yangi joyga ko‘chiriladi. Ochiq havoda ko‘proq bo‘lish imkonini yaratadigan ushbu amal ayniqsa yosh quyonchalar uchun juda foydalidir.

Yaylovda boqish uchun mo‘ljallangan kataklardan yana biri to‘rdan tayyorlangan silindr ko‘rinishiga ega. Uning ichidagi quyon oyoqlari ostidagi maysani yeb tugatgach, katakni yangi joyga o‘zi mustaqil ko‘chirib o‘tkaza oladi. Quyon katakni faqat bir yo‘nalishda yumalatishi uchun bir tomoni yengil, shaffof bo‘lmagan material bilan yopiladi. Quyon muntazam sug‘orib borilishi shart. Yozda quyon o‘z tashnaligini ko‘k maysa va shirador yemlarda mavjud nam bilan qondiradi.

Bundan tashqari, oddiy avtosuvdon o‘rnatish ham qiyin emas. Konservaning keng bankasi ichiga ko‘ndalang kesmasi banka bo‘yining 2/3 qismiga teng keladigan ikkita ensiz taxta yotqiziladi. Shundan so‘ng suv to‘ldirilgan 3 litrli ballon tez ag‘darilib, ensiz taxtalar ustiga tik o‘rnatiladi.

Ballondan oqib chiqqan suv suvdonni ballon bo‘g‘ziga qadar to‘ldiradi. Quyon ichgan sari suvdon suvga ballondagi zaxira evaziga to‘lib boraveradi. (12- rasm. a)). Avtosuvdonni yanada takomillashtirilgan turini tayyorlash mumkin (12- rasm. b)). Oval shaklidagi bankaning (baliq konservasi) bir chetida ballon bo‘g‘zi sig‘adigan 3 litrli tuynuk ochiladi. Banka baliqdan bo‘shatilib chayiladi va ikkinchi chetida ham quyon tumshug‘i sig‘adigan tuynuk ochiladi. Kesilgan qirralar, quyon jarohat olmasligi uchun, egov bilan qirib o‘tmaslashtiriladi yoki qayirib qo‘yiladi.

Shundan so‘ng ballon suvga to‘ldirilib, bo‘g‘zi konserva bankasi bilan yopiladida tez ag‘dariladi. Suvdon ballonning bo‘g‘ziga qadar suvga to‘ladi. Suvdon kerakli joyga o‘rnatilib, mahkamlanadi. Agar katakdagi quyonlar soni ko‘p bo‘lsa 10 litrli ballon o‘rnatiladi.

Qishda suv o‘rniga qor yoki muz bo‘laklari qo‘llaniladi. Buning uchun kichik idishlarga zanglamaydigan simdan (misol uchun, alyumin simdan) tayyorlangan sirtmoqlar joylashtirilib, biroz tuz aralashtirilgan va kaliy permanganatning (margansovkaning)

1-2 dona kristalchalari eritilgan toza suv quyiladi. Suv muzlagach muz bo‘laklari idishlardan qoqib chiqariladi va quyon oyoq osti qilmasligi uchun katak ichiga sirtmoqlaridan osib chiqiladi. Jonivor ushbu muzni yalab, chanqovini bosadi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!