about persons photo

Quyonning bolalashi

November 05, 2020
+46 ko'p
1

Urg‘ochi bolalashiga bir hafta qolganida katagini obdon tozalash, dezinfeksiyalash yoki olov lampa bilan ishlov berish va ko‘proq to‘shama kiritib qo‘yish lozim. Bir marotaba ishlatilgan yoki iflos to‘shamalar katak ichidan chiqarib tashlanadi. Eng yaxshi to‘shama – sabzavot qadoqlashda qo‘llaniladigan payrahadir. Katak tug‘ruqxonasidagi polga yotqizilgan pol-panjara olib qo‘yiladi yoki ag‘darib yotqiziladi. Ushbu bo‘lim ostonasiga eshik ochilganida quyonchalar pastga qulab tushmasligi uchun eni 20-30 sm keladigan taxta yoki fanera o‘rnatilib to‘siladi. To‘shamani tug‘ruqxonaga to‘shagan ma'qul.

Bolalashidan taxminan bir hafta oldin urg‘ochi og‘ziga to‘shama to‘ldirib olgancha uya tayyorlashga kirishadi. Ushbu instinkt urg‘ochida shu qadar rivojlanganki, agar katakda to‘shama yetarli bo‘lmasa, u hatto oxurdagi maysa va pichandan ham foydalanishga majbur bo‘ladi. Bolalashiga bir sutka ba'zan esa bir necha soat qolganida biqin va qorin sohasidagi momiqlarini yulib, uyaga to‘shay boshlaydi. Urg‘ochi bolalayotgan paytda va bolalaganidan so‘ng dastlabki bir necha kun davomida quyonxona ichida va uning yaqinida shovqin solish, taraqlatish mumkin emas. Katak oldiga imkon qadar kamroq yaqinlashishga harakat qiling. Zaruratsiz uyaga tegmang. Biroq bolalagan kuni uyani tekshirish va o‘lik tug‘ilgan quyonchalarni olib tashlash zarur bo‘ladi.

Vazni 40-60 gr quyonchalar qip-yalang‘och, ko‘zlari yumuq holatda tug‘iladi. Onasining emizgichlariga tanachalaridagi barcha mushaklarini qisqartirish evaziga sakrab yetib boradilar. Uyaga qo‘l tiqib, bezovta qilinganlarida chigirtka kabi chiyillab, chapillab sakrashlarini kuzatish mumkin. Quyonchalarni onasidan 45 kundan so‘ng ajratmoq ma'quldir. Erta ajratilgan quyon bolasi sust rivojlanib, kasallikka tez chalinadi. Agar nasl olinadigan quyon yetishtirish niyatida bo‘lsangiz quyonchalarni onasidan 2 oygacha ajratmang. Bolalagan ona quyon zo‘r berib ko‘p suv ichadi. Agar biror-bir sababga ko‘ra katakda suv bo‘lmay qolsa – bolalarini yeydi.

Yoshi, zoti, holati va o‘z xususiyatlariga ko‘ra urg‘ochi 1 dan 20 tagacha bola tug‘ishi mumkin. Birinchi bor bolalagan urg‘ochining bolalari kamroq bo‘lib, vaqt o‘tgan sari soni ortib boraveradi. Ammo 3-4 yildan so‘ng bola soni yana kamayib ketadi. Bunday urg‘ochi quyondan nasl olishni to‘xtatish, uni yosh urg‘ochiga almashtirish lozim. Urg‘ochi beradigan bola soni uning sutliligi, bolalarini ulg‘aytirish qobiliyati, shuningdek sog‘ligi, semizligi, boqish, parvarishlash va ovqatlanish sharoitiga bog‘liqdir. To‘ydirib, ayniqsa ko‘k maysalar bilan yaxshi boqilgan quyon serpusht bo‘ladi. Shuning uchun urg‘ochilarni ko‘k va shirador yemlar mo‘l bo‘lgan bahor va yoz oylarida bolalatish maqsadga muvofiqdir. Urg‘ochining tug‘ish jarayoni yilning iyul-avgust oylarida to‘xtatiladi. Shu davrda tug‘ilgan quyonlar dekabr-yanvar oylarida (so‘yish uchun samarali fursat) yaxshi semirib yetarlicha vaznga oladi.

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!