about persons photo

Sun’iy usulda ona asalari yetishtirishning turlari

November 12, 2020
+27 ko'p
3

Sun’iy usulda ona ari yetishtirishni ikki yo‘l bilan amalga oshirish mumkin:

1) tarbiyalovchi oila tayyorlash (yosh ona ari tarbiyalanadigan oila);

2) lichinkalarni ona ari uyasida tarbiyalash.

Tarbiyalovchi oila tayyorlash uchun eng yaxshi irsiy xususiyatlarga ega asalari oilasini olish kerak. Asalari lichinkalarini tarbiyachi qo‘yishdan 3–4 kun oldin va ona ari chiqquniga qadar har kuni asalari oilasiga qo‘shimcha ravishda 0,5 litr shakar siropidan yoki asal – perga aralashmasidan berib turiladi. Oiladagi barcha romlar asalarilar joylashadigan qilib qisqartiriladi, uyalar isitiladi, diafragma va tom tagiga ham isitgich yostiqchalar qo‘yiladi.

Tarbiyalovchi oila tayyorlashning usullari:

1. tarbiyalovchi oilada qari ona arini olib tashlab, yosh ona arini yopiq nasl bilan yetishtirish. Tarbiyalovchi oila tayyorlashning eng oddiy va keng tarqalgan usuli – bu oilani to‘liq yetim qoldirishdir. Bunda oiladagi ona asalari topilib, uning ajratilgan bo‘lakchaga solinadi, keyin ochiq va pechatlangan nasl orasida yotgan hamma lichinkalar suv quyib yoki gugurt cho‘pi bilan olib tashlanadi. Uyaning markaziga pechatlangan nasl solingan, chetlariga esa oziq solingan romlar qo‘yiladi. Oila tayyorlanganidan keyin 12 soat o‘tgach, pechatlangan naslli ari romlari o‘rtasiga payvand romdagi lichinkalardan ona ari tanlab olinib, tarbiyalashga qo‘yiladi. Bu usulning yaxshi tomoni shuki, bunda ko‘plab ona ari olish mumkin, lekin tarbiyalovchi oila ancha kuchsizlanib qoladi.

2. ochiq naslli tarbiyalovchi oilada qari ona arini olib tashlab, yosh ona ari yetishtirish. Bu usul eng yuqori sifatli ona ari olishga imkon beradi. Bunda oiladan faqat eski ona ari olib tashlanib, ochiq nasllilari qoldiriladi. Uyadan asali kam va bo‘sh romlar olib tashlanadi. To‘rt soat o‘tgach, uyaning markaziga payvandli romga ona ari tarbiyalash uchun tovoqchada lichinkalar qo‘yiladi. Ertasiga oiladagi naslli hamma romlar ko‘rib chiqilib, ona arining teshik mumkataklari bo‘lsa, olib tashlanadi.

3. qari ona arili tarbiyalovchi oilada yosh ona arini yetishtirish. Bu usulda ona ari va barcha naslli romlar uyaning pastki qavatiga joylashtiriladi, ustki qavatning chetlariga asalli romlar qo‘yiladi. Ustki va pastki qavatlar maxsus setka (katak) bilan ajratiladi. Undan ishchi asalari bemalol kirib-chiqib yuradi, ammo ona ari o‘ta olmaydi. Ertasiga ustki qavatdagi pechatlangan naslli romlarning markaziga ona ari tarbiyalash uchun payvandli romdagi lichinkalar qo‘yiladi. Bu usul bilan ozgina, lekin sifatli ona ari olinadi, oila ham o‘z ishchi holatini yo‘qotmaydi. Agarda xo‘jalikda uyalar qavatli bo‘lmay, yotoq uyalar bo‘lsa, unda har bir uya maxsus romlar bilan ikki bo‘lakka ajratiladi.

Agar sifatli va ko‘plab ona ari olish zarur bo‘lsa, ochiq nasl bilan ona ari tayyorlash va eski ona arini olib tashlashning boshqacha usuli qo‘llaniladi. Bunda ona ari uyadan olib tashlanganidan keyin, ochiq va pechatlangan romlar vaqtincha boshqa romga o‘tkaziladi. Lekin bundan oldin romlardagi hamma asalarilar siltab tushirib tashlanadi, faqat ikkita pechatlangan va asalli romlardagi arilargina qoldiriladi. Olib tashlangan romlar o‘rniga bo‘sh mum in-uyalar qo‘yiladi. 3–4 soat o‘tganidan keyin asalarilar zich joylashishi uchun uya markazidagi ikki rom o‘rtasiga payvandli romdagi lichinkalar ona ari yetishtirishi uchun qo‘yiladi. Ertasiga lichinkalarning ona ari tarbiyasiga qabul qilinganligi tekshirib ko‘riladi, ochiq va pechatlangan naslli barcha romlar uyaga qaytarib qo‘yiladi va bo‘sh mum inlar olib tashlanadi. Bunda ham, yuqorida aytilganidek, oiladagi romlar asalarilar zich joylashadigan qilib taxlanadi. Ikki kundan keyin ochiq naslli barcha romlar ko‘rib chiqiladi, teshik ona ari mumkataklari bo‘lsa, olib tashlanadi. Bu usulda qurtlar ona ari tarbiyasiga yaxshi qabul qilinadi. lichinkalarni ona ari tarbiyasiga tayyorlash. Lichinkalar ona ari tarbiyasiga sun’iy tovoqchalarga o‘tkazish va o‘tkazmasdan tayyorlanadi.

Mum inlarni pastki qirg‘og‘i bo‘ylab kesish. Bu eng oddiy usul bo‘lib, zarur bo‘lgan oiladan bir kunlik lichinkalari bor asalari inlari olinadi. Uning pastki qirg‘og‘i bo‘ylab bir qator yacheykalari kesib olinadi. Shundan bir qator lichinkalar eng pastki qirg‘oqda joylashib qoladi. Eng chetdagi bir qator yacheykalar yarmigacha o‘tkir, quruq va issiq lezviya bilan kesiladi. Har bir qator yacheykadan keyin lichinkalar siyraklatiladi. Mana shunday mum inlar tarbiyalovchi oilaga qo‘yiladi. Ko‘plab ona ari uyalari olish uchun asalari inlarining tagi siniq chiziq shaklida qirqiladi.

Yacheykalarni to‘rt qirrali yog‘ochga yopishtirish. Mum inlarning yosh lichinkali yacheykalari bir qatordan kesib olinib, ular alohida-alohida ajratiladi. Keyin shu yacheykalarning har biri qarama-qarshi tomoni bilan erib turgan issiq mumga tiqib olinib, yog‘och plastinka patronchaga yopishtiriladi. Bu patronchalar mum bilan yog‘och to‘sinchaga yopishtiriladi. To‘sinchaning uzunligi uya romining eniga teng bo‘ladi. Rom ichida bir-biridan 70 mm uzoqlikda joylashtirilgan uchta to‘sincha (ustki to‘sincha romdan 30 mm uzoqlikda turadi) 30–36 ta yacheykalar yopishtirilgan yog‘och patronchalarga joylashtiriladi. Shu tartibda tayyorlangan lichinkali payvand romlar tarbiyachi oilaga ona ari tarbiyalashi uchun qo‘yiladi.

Sun’iy yacheyka «tovoqcha» tayyorlash. Hozirgi sharoitda lichinkalarni tarbiyalash uchun zarur bo‘lgan tovoqchalar mumdan sun’iy usulda yasaladi. Buning uchun yog‘och tayoqchadan randalab qolip yasaladi va uning uchi qum qog‘oz bilan tekislanadi. Qolip bilan tovoqchaning diametri 8–9 mm, chuqurligi 9–10 mm bo‘lishi kerak.

Tovoqchalar quyidagicha tayyorlanadi: sirlangan idishda 50–100 gr toza (propolis aralashmagan) mum eritiladi, keyin yog‘och qolip sovuq suvga tiqib olinib, 9–10 mm chuqurlikda erib turgan mumga botirib olinadi va tezda yana sovuq suvga botiriladi. Bu ish 2–3 marta takrorlanadi va shundan keyin mum tovoqcha tayyor bo‘ladi. Qolibdan tushirilgan tovoqchalar payvand romiga kesib olingan yacheykalar kabi yopishtiriladi. Keyin tovoqchalarni silliqlash uchun 2–3 soatga asalarilarga beriladi. Undan keyin maxsus moslama shpatel bilan olib solinadi. Shpatel ilmoqqa o‘xshash yumshoq alumin sim yoki o‘rdak patidan tayyorlanadi. Uning o‘tkir uchi 2–3 mm bo‘lib, salgina egilgan va kuraksimon yassi bo‘ladi. Avval gugurt cho‘pi bilan tovoqchaga bir tomchi asalari sharbati solinadi. Sharbat yangi va suyuq bo‘lishi kerak, qurib borayotgan bo‘lsa, bir tomchi suv bilan suyultiriladi. Keyin lichinkalar shpatel bilan orqa tarafdan olinib, tovoqchaga solinadi. Bu ishlarni xona harorati 25–30 °C, havo namligi 75–80 % bo‘lgan issiq xonada 15–20 minut davomida bajarish kerak, aks holda, lichinka va sharbat qurib qolishi mumkin. Tuxumdan chiqqan kerakli miqdordagi nasl bor mum inlar ishlab turgan inga lichinkalar shamollab qolmasligi uchun qopqog‘i mahkam yopiladigan yashikda arixonadan keltiriladi. Ona ari sharbati roylangan ona ari uyasidan, agar bunday sharbat bo‘lmasa, avvaldan «yetim oila» tashkil qilinib teshilgan ona ari uyasidan olinadi.

Doimiy ona ari tayyorlash vaqtida 1–2 pechatlanmagan, oldin payvand qilingan ona ari uyalari olinadi. Ulardan yig‘ib olingan yangi sharbatni yanagi kungacha sovuq joyda saqlash mumkin.

Tarbiyalovchi oilada yetilgan ona arini barvaqt olish lozim (ona ari 16 kunda yetilib chiqadi), aks holda, birinchi chiqqan ona ari boshqalarini o‘ldiradi. Agar bu vaqtda nukleuslar hali tayyor bo‘lmagan bo‘lsa, ona ari uyalarini Titov katagiga joylashtirib yetilib chiqqunga qadar shu tarbiyalovchi oilada qoldirish kerak. Yangi yosh ona arini oilaga o‘tkazishda foydalaniladigan sim to‘rli qafascha.

Agarda har bir Titov katagiga ona ari uyasi bilan birga 5–6 ta yosh enaga ari va oziq chuqurchasiga asal solib qo‘yilsa yanada yaxshiroq bo‘ladi. Bir kunlik lichinkalar payvand qilingan bo‘lsa, ona ari uyalar 10 kun keyin Titov kataklariga joylashtiriladi. 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!