Urg‘ochi quyonning bolalashini tig‘izlash va nimtig‘izlash
Bolalatishni tig‘izlash tushunchasi – bolalagan ona quyonni 2-3 kun ichida takror urchitishni, ya'ni homilasining rivojlanishiga ziyon yetkazmaslikni yoki yangi tug‘ilgan bolalarini emizdirishda davom ettirishni anglatadi. Bunday urg‘ochining bolalari, u takror urchitilganidan so‘ng 28 kun o‘tgach, ajratib olinadi.
Bolalatishni nimtig‘izlash tushunchasi – ona quyonni bolalaganidan keyin 10-15 kun davomida takror urchitish, bolalarini esa urg‘ochi urchitilganidan so‘ng 35-40 kun o‘tgach ajratib olish lozimligini anglatadi.
Quyonchalar ajratib olinganidan so‘ng katak ichi obdon tozalanib, dezinfeksiyalanadi va yangi to‘shama kiritiladi. Bolalatishni yil davomida tinimsiz o‘tkazishning iloji yo‘q. Negaki urg‘ochi quyonning sillasi qurib, holdan toyishi, hatto halok bo‘lishi ham mumkin.
Odatda bu amal shirador va arzon yem-xashaklar mo‘l-ko‘l bo‘lgan yoz oylarida o‘tkaziladi. Quyonlarning umumiy sonini ko‘paytirish uchun yosh urg‘ochi bir yoki ikki marotaba urchitiladi. Misol uchun to‘dada mart, aprel va may oylarida tug‘ilgan urg‘ochilar bo‘lsa, ularni tegishlicha iyun', iyul' va avgust oylarida urchitish, natijada iyul, avgust va sentyabr' oylarida bola olish va bu bolalarni yilning so‘ngida yoki kelasi yilning boshida go‘shtga topshirish mumkin. Kam bolali (5-6 bosh) uyalardagi quyonchalar, odatda, yetarlicha yirik tug‘ilib, ko‘p bolali (12-16 bosh) oiladagilarga nisbatan tez ulg‘ayishadi.
Ona quyonning sutliligi yuqori bo‘lganda ham bunday farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Negaki birining suti 6 bosh bola orasida taqsimlansa ikkinchisining sutini 16 bosh bola so‘rib oladi. Shu bois quyonboqarlar uyalardagi quyonchalar sonini tenglashtirib boradilar. Agar 2-3 kun ichida bir nechta urg‘ochi bolalagan bo‘lib, uyalaridagi bolalarining soni bir-birinikidan keskin farq qilsa, urg‘ochining sutliligini inobatga olgan holda, bolalarining soni tenglashtirib qo‘yiladi, ya'ni ko‘p bolali uyadagi quyonchalarning bir qismi kam bolali uyaga qo‘shib qo‘yiladi.
Bu amal juda ehtiyotkorona bajarilishi lozim. Zero quyonning hid ajratish qobiliyati nihoyatda kuchli rivojlangan bo‘lib, uyasiga qo‘shib qo‘yilgan quyonchalarni ham, o‘z bolalarini ham nobud qilib yuborishi mumkin.
Ona quyon uyasiga begona quyonchalarni qo‘shib qo‘yish uchun ona quyonni ovqatlanish bo‘limiga chorlab, shu yerga qamab qo‘yish, qo‘lni xo‘jalik sovuni bilan obdon yuvish, so‘ng qo‘lni bola olinayotgan katakka imkon qadar kamroq tekkizib, quyonchalarning zaruriy sonini chiqarib olish, ularning tanalarini onasining momiqlaridan tozalab, biror-bir hidsiz toza qutiga solish, hidi qo‘lingizga o‘tishi uchun o‘gay ona va bolalarini asta silab paypaslash va shundan so‘nggina o‘gay bolalarni uya ichidagi bolalar orasiga (o‘rtasiga) qo‘shib qo‘yish kerak. 1-1,5 soat o‘tgach ona quyonga o‘z uyasiga kirish uchun imkon bering. U shu zahoti bolalarini emizdirishga oshiqadi. Agar birinchi emizdirishdayoq u o‘zini bosiq tutsa, demak ishlar yomon emas, ya'ni asrandilar oilaga qabul qilindi deb aytsa bo‘ladi.
Xuddi shu usulni onasi biror-bir sabab bilan halok bo‘lgan yoki emizdira olmaydigan quyonchalarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin. Yodda tuting! “O‘gay” bolalar soni “qonuniy” bolalar sonidan ortib ketmasligi lozim. Aks holda begona hid ustun kelib ona quyonning tajovuzkorlik hissiyotini qo‘zg‘atib qo‘yish mumkin.
Quyonchalarni o‘gay ona uyasiga xavfsiz qo‘shib qo‘yish uchun qo‘lingizga ukrob, sho‘ra yoki o‘tkir hidli boshqa ko‘katni obdon ishqalab, ona quyon tumshug‘i va bolalariga surtib chiqing. Kuchli hid bilan chalg‘itilgan urg‘ochi begona bolalar hidini farqlay olmaydi.