Yangi zotlar chiqarish, hisobni yuritish va rejalashtirish
Quyonlar boshini ko‘paytirish bilan birga, zotlar sifatini yaxshilashga ham qaror qilingan bo‘lsa, ushbu amallar aniq rejalashtirilib, tahlil qilib borilishi darkor. Aks holda bunday ish ijrosi murakkab kechadi. Negaki yangi zot yaratish ishlari bir necha yil davomida amalga oshiriladi va shu bois, quyon to‘dasi haqidagi ma'lumotlarning barchasini yodda saqlab bo‘lmaydi. Bundan tashqari quyonlar, ayniqsa bitta zotga mansub va bir vaqtda tug‘ilgan quyonlar birbiriga shu qadar o‘xshash bo‘ladiki, ularni farqlab olish juda mushkul.
Bir uyada tug‘ilib o‘sgan urg‘ochi va erkak quyonlarni adashtirib, qochirib qo‘yish kabi xatoliklarga yo‘l qo‘yish ehtimolligi ham katta bo‘ladi.
Zikr etilgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tegishli yozuvlar yuritish va tamg‘alar bosish amallari bajariladi. Buning uchun maxsus hisob yuritish jurnali kerak bo‘lib, unga quyon zoti, yoshi, jinsi, mo‘ynasining rangi, tirik vazni kabi ma'lumotlar kiritiladi.
Barcha katak, suvdon, oxur va teganalar ham raqamlar bilan tamg‘alanadi. Bu bilan kasallik qo‘zg‘atuvchi viruslarning bir katakdan ikkinchisiga o‘tishiga barham beriladi.
Quyonlar, ayniqsa nasl olinadigan quyonlar albatta tamg‘alanadi. Bu amalni bajarish qiyin kechmaydi. Quyon quloqlarining uchlariga yaqin ichki tomoniga xavfsiz ustara tig‘i bilan tartib raqami va tug‘ilgan vaqtiga oid yozuv kesilib, ustidan qora tush tampon vositasida ishqalab yuboriladi (20- rasm).
Erkak quyonning o‘ng, urg‘ochi quyonning chap qulog‘i tamg‘alanadi. Shundayqilsangiz qarshingizdagi quyon erkak yoki urg‘ochi ekanligini aniq bilasiz. Bunday tamg‘a quyon qulog‘ida umrining oxirigacha saqlanib qoladi.
Tamg‘alarga doir ma'lumotlar yuritilayotgan jurnalga kiritib boriladi. Urg‘ochi urchitilgan sana, urchitgan erkak quyonning raqami, urg‘ochi bolalagan sana, tug‘ilgan quyonchalar soni, rangi haqidagi ma'lumotlar ham ushbu jurnalga kiritiladi. Quyon vazni har oyda tortilib, jurnalga yozib boriladi. Sarflangan yem hisobi ham jurnalga kiritiladi.
Yosh quyonlar diqqat bilan kuzatib boriladi. Mo‘ynasi zotiga xos ranglarga burkangan eng yirik quyonchalar nasl olish uchun saralab olinadi.
Alomatlariga ko‘ra eng sara quyonlarni aniqlash amali bonitirovka deb ataladi.
Zotni toza holida saqlab qolishni istasangiz yodingizda bo‘lsin: zoti chatish (turli zotlarni chatishtirish natijasida tug‘ilgan) quyonni nasl olish uchun qoldirmang. Yaqin qarindosh bo‘lgan quyonlarning o‘zaro chatishishlariga ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, aks holda jonivor zoti, qiyofasi va mo‘ynasining rang olishi buziladi.
Nasli chatishgan quyon chidamli, baquvvat bo‘lib ota-onasining yaxshi sifatlarini meros oladi, ammo uning bu xususiyatlari avlodiga o‘tmaydi.
Aksariyat quyonboqarlarning ko‘p yillik tajribasi bilan ikki va uch zotli chatishtirishlar orqali yaxshi natijalarga erishilgan zotlar olindi (uch zotli chatishtirish – ikki zotga mansub quyonni chatishtirish natijasida tug‘ilgan jonivorlarni biror-bir uchinchi zot bilan chatishtirish demak).
Kul rang va oq velikanlarni sovet shinshillasi bilan, qora-qo‘ng‘irni kul rang velikan bilan, kumush rangni kul rang va oq velikanlar bilan chatishtirilganda yaxshi natijalarga erishiladi.
Aralash oilalarda quyonchalar ota-onalarining alomatlari bilan son jihatdan deyarli teng tug‘iladi.
Ba'zan quyonchalar turli zotlarga mansub ota-onalarining alomatlarini bir vaqtda meros oladilar. Jumladan, qora-qo‘ng‘ir zotiga mansub quyon oq velikan bilan chatishtirilganda quyonchalari chavkar, ya'ni ikki tusli mo‘yna (oq mo‘ynasida qora dog‘lar) bilan tug‘ilib, bozorda ularni “kapalak” deb ko‘rsatishga urinish hollari tez-tez uchrab turadi. Momiqli quyonni me'yoriy mo‘ynali quyon bilan chatishtirish yaramaydi.
Buning natijasi, odatda, samarasiz bo‘lib, zotning butkul aynib ketishi bilan yakun topadi.