about persons photo

Yosh ari oilasini yetishtirish

November 16, 2020
+23 ko'p
3

Bahorda arilar rivojlana borib, bahorning ikkinchi yarmida yig‘ilib qolgan ko‘p ishsiz arilarning kuchidan asalarichilik xo‘jaliklarida har xil yo‘nalishda foydalaniladi. Agarda ari oilasi yetarli bo‘lib, ko‘paytirishning hojati bo‘lmasa, arilarning kuchidan asal va mum yetishtirishda foydalaniladi. Asalarichilikda sun’iy yo‘l bilan ham ari oilalari ko‘paytiriladi yoki tabiiy kuch chiqish vaqtidaham ari oilalari sonini ko‘paytirish mumkin.

Sun’iy yo‘l bilan ari oilalarini ko‘paytirish. Bu ari oilalarini ko‘paytirishning asosiy usuli bo‘lib, undan rejali ravishda kerak paytda yangi yosh ari oilalarini yetishtirishda foydalaniladi. Bunday yo‘l bilan arilar zotini yaxshilash va tabiiy kuch chiqishini kamaytirish mumkin.

Sun’iy yo‘l bilan yosh oila yetishtirishga asosiy ari oilalari ko‘chga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmasdan avval kirishish kerak. Yosh oila qancha erta yetishtirilsa, u shunchalik tez rivojlanadi va ko‘p mahsulot to‘playdi. Yosh oilani erta yetishtirishda yosh ona ari bo‘lishining ahamiyati katta, buning uchun yosh ona ari ham erta yetishtiriladi yoki qishlab chiqqan bultirgi yosh ona ari, u ham bo‘lmasa, ona ari yetishtiruvchi xo‘jaliklardan yosh urchigan ona ari sotib olinadi.

Sun’iy yo‘l bilan ari oilalarini ko‘paytirishning bir qancha usullari ma’lum bo‘lib, ulardan ikkitasi asosiy hisoblanadi:

1) yangi yosh kichik oila ajratish;

2) asosiy ari oilasini teng 2 qismga ajratish.

Birinchi usulda kuchli asosiy oiladan bir nechta rom usti berkitilgan lichinkalari hamda arisi bilan ajratib olinib, boshqa uyaga qo‘yiladi va arixonaning narigi chetiga olib borilib, qoziqcha ustiga joylashtiriladi. Uchuvchi qari arilar o‘z eski uyasiga uchib ketadi, qolgan yosh arilarga urchigan yosh ona ari yoki ona ari g‘umbagi qo‘shiladi va yangi ari oilasi hosil qilinadi.

Yangi yosh oila ham dastlab nukleusga o‘xshash bo‘ladi, ammo ona arisi urchib tuxum qo‘ya boshlashi bilan, boshqa asosiy oilalardan lichinkali mumkatak romlar olinib, yangi tashkil etilgan yosh oilaga qo‘shib kuchaytiriladi. Ona arisi urchigan yangi yosh ari oilasiga lichinkali romlar qo‘yib kuchaytirishni kechiktirib bo‘lmaydi, aks holda, yosh ona arining tuxum qo‘yish qobiliyati pasayib ketib, kichik oila sekin rivojlanadi. Lichinkali romlar qo‘yib kuchaytirishda, yaxshisi, dastlab yetilgan, inchalardan ayrim arilarining mo‘ylovi ko‘rinib chiqib kelayotgan romlardan avval bittasi qo‘yiladi. Undagi arilar to‘liq chiqqanidan keyin bir necha kun o‘tgach, yana 2 ta mumkatak rom qo‘yiladi.

Yangi tashkil qilingan yosh oila asosiy sharbat ajratish vaqtida yaxshi ishlab, ko‘p asal mahsuloti berishi uchun uning kuchi asosiy oilalarning kuchiga teng bo‘lishi kerak. Yangi tashkil qilingan oila sharbat tashish vaqtigacha faqat kuchaytirish uchun qo‘yilgan lichinkali mumkatak romlar hisobiga kuchaytirilmay, balki o‘zining urchigan ona arisining qo‘ygan tuxumi hisobiga ham kuchayishi lozim. Buning uchun yangi ari oilasini tashkil qilishga erta kirishish kerak. Ona ari sharbat ajratuvchi o‘simliklar gullashidan 30–40 kun oldin tuxum qo‘ya boshlashi zarur.

Shuni esda tutish kerakki, ona arisi shu bahorda yetishtirilgan yosh oila asal ajratuvchi o‘simliklari kech gullaydigan yerlardagina yaxshi mahsulot berishi mumkin. Ona arisi oldingi yili yetishtirilib qishlab chiqqan yangi oilaning mahsuldorligi sharbat beradigan o‘simliklari erta gullaydigan yerlarda ko‘p mahsulot berishi mumkin. Bunday yosh ari oilalarining qishlab chiqqan ona arisi bor nukleuslarga usti berkitilgan lichinkasi bor mumkatak romlar qo‘yilib kuchaytiriladi. Ona arisi qishlab chiqqan nukleuslarni kuchaytirish orqali yetishtirilgan yosh ari oilasining asosiy sharbat beradigan o‘simliklar gullaguncha rivojlanishga yetarli vaqti bo‘lib, o‘simliklar iyun oylarida gullasa ham, asal to‘plashda mahsuldor bo‘ladi.

Ari oilasini teng ikki qismga bo‘lishning ahamiyati shundaki, ikkala qism o‘zlari alohida-alohida rivojlanadi va o‘zlaricha oila bo‘lib qoladi. Ammo buning uchun teng ikki qismga bo‘linadigan oila erta bahorda juda kuchli bo‘lib, may oyining ikkinchi yarmida uyaning ichi arilar bilan to‘lgan bo‘lishi kerak. Asosiy kuchli ari oilasi kunning qoq o‘rtasida, arilar yaxshi uchayotgan paytda bo‘linadi. Kuchli ari oilasi yoniga bo‘sh uya qo‘yilib, asosiy oiladan mumkatak romlar asalarisi, lichinkalari, asalli romlari bilanbirga bo‘sh uyaga olinadi. Har ikkala uya bir-biridan yarim metr chapga va o‘ngga yonlab surilganida, uyalarning teshiklari oldingi holatda, ya’ni bo‘lishdan oldin qanday balandlikda turgan bo‘lsa, o‘sha joyda turishi kerak, chunki daladan uyasiga qaytayotgan arilar oldingidek teng ikkiga bo‘linib, xuddi o‘z uyalariga kirayotgandek kiraveradilar.

Arilar ko‘chirilayotgan bo‘sh uya xuddi bo‘linayotgan uyaning rangida bo‘lsa, arilar ikkala uyaga bir xil bo‘linib kiradi. Mabodo ikkala uyadan birortasiga ko‘proq ari kirayotgan bo‘lsa, unda bo‘lingan asosiy oila yana bir oz nariga suriladi (8. 2- rasm).

Agarda ko‘chirish vaqtida ona arisi qaysi uyaga tushganini bila olmagan bo‘lsangiz, arilarning holatini kuzating. Bezovtalangan, tartibsiz, biror narsani qidirayotganday holga tushgan arilar oilasida ona ari bo‘lmaydi. Shu kuni kechqurun urchigan tayyor ona ari maxsus dumaloq to‘r qafascha yoki ona ari o‘tkazilgan Titov qafaschasida keltirilib, qo‘shib qo‘yiladi. Bo‘lingan ari uyalarining teshiklari sekin-asta bir necha kun ichida boshqa tarafga qarab buriladi.

Bu yo‘l bilan asalarilarni ko‘paytirishning afzalligi shundaki, har ikkala oilaga har xil yoshdagi arilar tushib, tez rivojlanadi, oradan bir oy o‘tgach, to‘liq oila bo‘lib yetishadi. Oila asosiy sharbat beruvchi o‘simliklar gullashidan 30–40 kun oldin bo‘linadi.

Asalari oilalari ko‘ch arilari hisobiga ham ko‘paytiriladi. Agarda asalarichi ko‘ch chiqmaslikning oldini olmasa, u holda bahor oylarining ikkinchi yarmi, yoz oylarining birinchi yarmida ko‘ch chiqishi mumkin. Shu davr ko‘ch chiqish mavsumi deyiladi.  

 

 

Biz bilan birgalikda

Eng so'ngi yangiliklar bilan tanishing!