O'simliklar klinikasi
Bugungi kunda dunyoda atrof-muhitning global ravishda o'zgarishi qishloq xo'jaligi ekinlariga turli kasallik va zararkunandalarning ta'sir ko'lamini ortib borishiga olib bormoqda.
Hozirda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan birga uning zararli organizmlardan himoya qilish, ekologik toza usullarini ishlab chiqish va resurstejamkor texnologiyalardan foydalangan holda xalqimizni ekologik toza qishloq xo'jaligi mahsulotlari bilan ta'minlash o'ta dolzarb masaladi. Shu bois, O'zbekiston yosh fermerlari Kengashi O'zbekiston yoshlar ittifoqi va Toshkent davlat agrar universiteti bilan hamkorlikda "O'simliklar klinikasi" (keyingi o'rinlarda - Loyiha deb ataladi) loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan.
Loyihaning maqsadi: O'simliklar klinikasi mahallalar kesimida tashkil etilib, har bir xonadon bo'yicha ekin turlari ro'yxatga olinib, mavsum davomida shartnoma asosida zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralarini olib boradi. Natijada yoshlarning tomorqadan oladigan hosili ortib, daromad ko'payadi va turmush sharoiti yaxshilanadi hamda bandligi ta'minlanadi.
O'simliklar klinikasi quyidagi vazifalarni bajaradi:
- aholi tomorqalaridagi zararli hasharotlarning morfologik va sistematik holatini o'rganish;
- ekinlarning asosiy kasalliklari va ularning sistematikasini o'rganish;
- zararkunanda va kasalliklarning zararlash darajasini aniqlash;
- asosiy zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash uslubini aniqlash;
- ekinlardagi zararkunandalarga qarshi samarali (biologik, kimyoviy) kurash choralarini olib borish bo'yicha maslahat berish;
- ekinlardagi kasalliklarga qarshi samarali (biologik, kimyoviy) kurash usullarini olib borish bo'yicha maslahat berish;
- zararkunanda va kasalliklarning yil davomida rivojlanish ko'rsatkichlarini aniqlash, tahlil qilish va nazorat qilib borish;
- aholi tomorqalaridagi ekinlarning mahsulotlari sifatini aniqlash, xulosa berish.